Ularning koʻrinishi ortida salomatlik uchun qanday havfli taʼsirlar yashiringan? Aholini qiziqtirayotgan shu kabi savollar bilan Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Aqida Nosirova bilan suhbatlashdik.

— Nima sababdan inson organizmi uchun suv muhim hisoblanadi?

Inson tanasidagi suv miqdori 45-75%ni tashkil etgani sababli yetarli miqdorda suv ichish organizm uchun muhimdir, ammo koʻpchilik tanadagi suv balansini muvozanatda ushlamaydi. Toza suv tanadagi suyuqlik yetishmasligini toʻldiradi, kasalliklarni yengishda koʻmaklashadi. Qahva, gazli suv, shakarli sharbat kabi baʼzi shirin ichimliklar esa, aksincha, zararli boʻlishi mumkin.

— Tabiiy gazlangan suvlar ilgari qanday maqsadlarda ishlatilgan?

Tabiiy gazlangan suvlar qadim zamonlardan maʼlum boʻlib, tabiblar ulardan davolash maqsadlarida foydalanib kelishgan. ⅩⅧ asrda mineral suvlar shisha idishlarga quyilib, sotila boshlandi. Biroq, u ancha qimmat boʻlib, qolaversa, juda tez oʻzgarar edi. Shu boisdan ham, keyinchalik, bu suvlarni sunʼiy ravishda gazlashtirishgan.

Gazlangan shirin ichimliklar tanani elektrolitlar bilan boyitadi. Shu tufayli ularni mutlaq zararli deb boʻlmaydi.

— Gazlangan ichimliklar tarkibiga qanday moddalar kiradi?

— Karbonat angidrid konservant hisoblanadi va qadoqlarda Ye290 sifatida belgilanadi. Gazlangan ichimliklar tarkibiga kiruvchi natriy benzoat oziq-ovqat mahsulotlarida konservant sifatida qoʻllaniladi. Natriy tarkibli konservantlar organizmdagi kaliy miqdorini kamaytiradi. Shirin gazlangan ichimliklar tarkibidagi shakar va kislota esa, tish emal qatlamini parchalaydi. Kariyes tish ildizi, negizi va asab tolasiga yetganida tish parchalanadi.

Aksariyat shirin gazlangan ichimliklar tarkibida makkajoʻxori siropi koʻp miqdorda boʻlib, u ikkinchi tipdagi qandli diabet yoki yurak bilan bogʻliq xastaliklarni keltirib chiqarishga sabab boʻlishi mumkin. Gazli shirin ichimliklar isteʼmolini sevuvchilarning 80 foizida qandli diabetni orttirishi ehtimoli yuqori boʻladi.

— Gazlangan shirin ichimliklar tarkibida fosfor kislotasi ham boʻladimi?

— Ha, kuchli gazlangan shirin ichimliklar katta miqdorda fosfor kislotasini ham oʻzida saqlaydi. Bu kislota buyrakda tosh paydo boʻlishi, suyak bilan bogʻliq muammolarga olib keladi. Bu kislota taʼsirida suyaklar moʻrtlashadi va osteoporoz rivojlantirishi mumkin. Peshob bilan tanadan chiqqan fosfor kislotasi oʻzi bilan kalsiy va boshqa foydali minerallarni olib chiqadi.

— Gazli ichimliklar semirishga qanday taʼsir qiladi?

— Semirish va shirin gazli ichimliklar oʻrtasidagi bogʻliqlik turli testlar va sinovlar natijasida allaqachon isbotini topgan. Bir stakan shirin gazli ichimlik ichgach, qon tarkibidagi shakar miqdori oshadi, jigar esa uglevodlarni yogʻga aylantiradi.

— Shu oʻrinda energetik ichimliklar haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz, ular tarkibidagi kofein miqdori nima uchun xavfli?

— Darhaqiqat, alkogolsiz quvvat ichimliklari unchalik ham xavotirli emasdek tuyuladi. Chunki tarkibida kofein, shakar, taʼm beruvchi qoʻshimchalar va vitaminlar bor. Biroq, ichimlik xavfi ushbu moddalarning konsentratsiyasidadir. 300 millilitrli ichimlikda koʻp miqdorda, aniqroq aytganda, 7 finjon qahvadagidek kofein boʻladi, bu asab tizimi, yurak-tomir tizimiga jiddiy zarba hisoblanadi. Bundan tashqari, ular tarkibida koʻmir kislotasi boʻlgan kuchli gazlangan ichimlik hamdir. Yana bir jihatni ham tan olish kerakki, kuchli gazlangan ichimliklarni ishlab chiqaruvchilar xavfsiz isteʼmol miqdorini ham yorliqlarda maʼlum qilishadi. Lekin, isteʼmolchilar, tabiiyki, bunga amal qilmaydi.

— Oʻzbekistonda kimlar koʻproq gazli ichimliklar isteʼmol qiladi?

— Yevropa Komissiyasi va Oziq-ovqat boʻyicha tadqiqot maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda erkaklar ayollarga nisbatan koʻproq alkogolsiz gazli ichimliklarni isteʼmol qiladi (mos ravishda 62% va 44%), lekin ayollar orasida erkaklarga nisbatan semirish holatlari koʻp uchraydi.

Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida ichimliklardagi shakarga yangi soliqni (aksiz markasi) joriy etish, avvalo, semirish va qandli diabet kasalliklarining sabablarini aniqlovchi ilmiy tahlil va tadqiqot oʻtkazishni talab qiladi.

— Ichimliklar tarkibi qanday hujjatlar asosida tartibga solinadi?

Gazli shirin ichimliklar tarkibiga kiruvchi buyoqlar, shirinlashtiruvchi moddalar, aromatizatorlarning meʼyorlari Adliya vazirligi tomondan roʻyhatga olingan 2026-yildan kuchga kirgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilgan »Oziq-ovqat qoʻshimchalariga va ulardan foydalanishga hamda oziq-ovqat qoʻshimchalarini tamgʻalashga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari» 0098-25-son SanQvaN da belgilab qoʻyilgan.

Mutaxassis fikrlaridan koʻrinib turibdiki, gazli shirin ichimliklar faqat chanqoq bosuvchi vosita emas, balki salomatlikka jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan mahsulotdir. Ayniqsa, ularni muntazam isteʼmol qilish qandli diabet, semirish, tish yemirilishi, suyak moʻrtlashishi va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi. Shu bois kundalik hayotda toza suv isteʼmolini koʻpaytirish, gazli va energetik ichimliklarni esa meʼyorda qabul qilish sogʻlom turmush tarzining muhim sharti hisoblanadi.

Zulxumor Akbarova