Koʻnyoga borganimizda esa Mavlono Jaloliddin Rumiy maqbarasini ziyorat qilganimizdan soʻng Rumiy muzeyiga bordik. Toʻgʻrisi, Mavlono Rumiy davriga tushib qolgandim. Yana oʻsha savol: “Nahotki, oʻzimizda shu kabi muzey qurish mumkin emas?”.
2023-yilda Saudiya Arabistonidagi Hira Cultural District (Hira madaniy maskani)ga sayyohat qildik. Maskan tarix, madaniyat va tafakkurni oʻzida aks ettirgan. Madaniy maskanda Qurʼon muzeyi, shuningdek, madaniy koʻrgazmalar, shinam qahvaxonalar bor boʻlib, hammasi uygʻunlashgan holda barpo etilgan. Yana oʻsha gap: “Bu kabi maskan Oʻzbekistonda ham qurilsa, biz ham tariximizni, madaniyatimizni yanada qadrlagan boʻlardik” degan oʻyga bordik.
Kuni kecha Milliy teleradiokompaniyasining bir guruh xodimlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻldi. Maskanga tashrif buyuruvchilarning koʻpligi kishini xursand qiladi. Ayniqsa, xorijliklar, jumladan, qoʻshni mamlakatlardan kelgan sayyohlar koʻpligini koʻrib, qalbimizda gʻurur uygʻondi. Aslida, har bir oʻzbekistonlik kelib koʻrishi shart boʻlgan maskan boʻlibdi. Maqolamiz boshida taʼkidlangan xorijdagi tarixiy oshiyonlardan aslo kam boʻlmagan, hatto ulardan ustun bu markaz xalqimizning faxriga aylangani hammamizga muborak boʻlsin.
Markazning asosiy maqsadlaridan biri xalqimizning uch ming yillik tarixi, bunyodkorlik salohiyati, jahon tamadduniga qoʻshgan hissasi, buyuk ajdodlarimizning madaniy-maʼrifiy merosini oʻrganish va ommalashtirish, yosh avlodni buyuk ajdodlar merosi bilan yaqindan tanishtirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdan iborat.
Xorijlik mutaxassislar eʼtirof etganidek, Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan markaz mahobati, maydoni va qamroviga koʻra dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini oʻrganish va targʻib etishga qaratilgan eng katta kompleksdir. Bunga shaxsan oʻzim ham guvoh boʻldim. Uzunligi 161 metrni, eni esa 118 metrni tashkil etib, uch qavatdan iborat. Markazidagi gumbaz balandligi 65 metrni tashkil etadi. Bino 1,8 gektar maydonda barpo etilib, foydalanish hududi 42 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Shuning oʻziyoq markazni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish uchun asos boʻladi.
Majmuani guruh tarkibida, gid hamrohligida aylanib chiqish uchun ikki soat belgilangan. Agar yolgʻiz oʻzingiz yoki oila aʼzolaringiz bilan bormoqchi boʻlsangiz, vaqt cheklanmagan. Aslida, bu kabi maʼnaviyat maskanlariga yolgʻiz borib ruhiy oziq olishni tavsiya qilgan boʻlardim. Markazni aylanar ekanman, 2009-yil 4-iyun kuni AQSHning oʻsha vaqtdagi Prezidenti Barak Obamaning Qohira universitetida soʻzlagan nutqi yodimga tushdi. Oʻshanda AQSH yetakchisi “Tarixga qiziqqan inson sifatida men dunyo sivilizatsiyasi islom oldida qanchalik qarzdor ekanini ham bilaman. Aynan islom Al-Azhar kabi joylarda asrlar davomida ilm nurini taratib keldi va Yevropadagi tiklanish va maʼrifatga yoʻl ochdi. Musulmon jamiyatlarining ilgʻorlik ruhi tufayli algebra tartib-qoidalari, magnitli kompas va navigatsiya uskunalari, yozuv mahorati va nashriyotga ega boʻldik, kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yoʻllari haqida tushuncha hosil qildik. Islom tamadduni bizga ulugʻvor arkalar va baland minoralar, vaqt hukmiga boʻysunmaydigan sheʼriyat va jozibali musiqa, husni xattotlik va huzur-halovat ila tafakkur qilish imkonlarini berdi”.
Nutqqa eʼtibor bering! Axir AQSHning oʻsha vaqtdagi Prezidenti “algebra tartib- qoidalari” deganda Xorazmiyni, “magnitli kompas” deganda Abu Rayhon Beruniyni, “navigatsiya uskunalari” deganda Fargʻoniyni, “kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yoʻllari” deganda Ar-Roziy va Ibn Sino kabi ulugʻ yurtdoshlarimizni nazarda tutmaganmikan? “Ulugʻvor arkalar va baland minoralar” (Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz), “vaqt hukmiga boʻysunmaydigan sheʼriyat” (Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur) va “jozibali musiqa” (Forobiy) deyish bilan Barak Obama yurtimizni nazarda tutgan, deya toʻla ishonch bilan ayta olamiz.
Xalqimizning gʻururiga aylangan markaz qurilishi Prezidentimizning doimiy eʼtiborida boʻldi. Uning binosi milliy meʼmorlik anʼanalarida loyihalashtirilgan. Inshootga toʻrt tomondan toʻrt asosiy portal orqali kirish mumkin. Portallar va binoning tashqi (fasad) qismidagi ravoqlar Qurʼonning ilm, maʼrifat, bagʻrikenglik, ota-onaga hurmat mazmunidagi oyatlari va hadislar bilan bezatilgan. Markaz binosining asosiy darvozasi — Ulugʻbek portali muzeyga kirish eshigi hisoblanadi. Ushbu portal Samarqandning Registon maydonidagi Ulugʻbek madrasasi portali bezaklariga uygʻun holda loyihalashtirilgan. Bu portal ham bevosita Prezidentimiz tavsiyasi asosida yaratildi.
Markazni aylanar ekanman, Samarqandga oid turli davrlar aks etgan eksponatlarni koʻrib, beixtiyor AQSH diplomatlaridan biri Jon Kerrining gaplarini esladim. 2015-yil 3-noyabr kuni AQSHning oʻsha vaqtdagi davlat kotibi Jon Kerri Qozogʻiston poytaxti Ostonada talabalar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda BMT aslida Samarqandda tashkil etilgani borasida bayonot bilan chiqqan edi.
“Men togʻlar va dashtlar osha odamlar uchrashgan, turli mintaqalarning mahsulotlari va gʻoyalari toʻqnashgan joyni oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim. Men mana bu gʻoyat ajoyib hikoyani yana bir bor takrorlashni istardim. XV asr boshida Kastiliya qiroli Genrix III oʻz elchisi de Klavixoni Amir Temurning oldiga yuborgan. De Klavixoning uzoq sayohati Konstantinopol, Trapezund orqali, shundan soʻng Shimoliy Erondan oʻtib, Oʻrta Osiyoga, Samarqandga qadar davom etgan. Shu yerda u Amir Temur tomonidan qabul qilingan”, degan edi Kerri.
Yana u aytadiki, “De Klavixo oʻz kundaliklarida Gʻarb uchun yangi, shu vaqtgacha nomaʼlum boʻlgan turmush tarzining qiziqarli manzarasini tasvirlagan. U madaniyatlar, sanʼat, savdo va gʻoyalar chorrahasiga taʼrif bergan. Samarqandda siz qimmatbaho ipak, sanoat mahsulotlari va tilla, moviy shisha va chinnini topishingiz mumkin edi. Bu shaharda bir vaqtning oʻzida turklar, arablar, musulmonlar, yahudiylar, yunonlar, armanlar, nasroniylar, katoliklar va nestorianlar oʻzaro muloqot qilgan. Biz BMT bundan 70 yil avval Nyu-Yorkda tashkil etilgan deb hisoblaymiz. Yoʻq. Aslida, bu hodisa bundan yuz yillar avval Samarqandda yuz bergan”.
Majmua zalidagi “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” ekspozitsiyasida “Vaqt devori”ga koʻzimiz tushadi. 250 metrni tashkil qiladigan bu devorda xalqimizning kamida 3000-yillik davlatchiligi tarixi barelyef, miniatyura va mahobatli rangtasvir asarlari koʻrinishida aks ettiriladi. Shuningdek, ushbu devor boʻylab turli davrlarga oid eksponatlar, numizmatika namunalari, xaritalar, videoroliklar, interaktiv oʻyinlar joylashtirilgan. “Vaqt devori”da qadimgi madaniyat ildizlari, Baqtriya, Xorazm, Soʻgʻd, Choch va Fargʻona, qadimgi savdo yoʻllari aks etgan barelyef suratlarni koʻrishimiz mumkin.
Markazning eng asosiy qismida Qurʼoni karim zali bunyod etilgan. Bu yerda musulmon dunyosining maʼnaviy durdonasi, VII asrda qoʻlda koʻchirilgan Usmon Musʼhafi joylashtirilgan. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, bu Qurʼon XIV asr oxirida Amir Temur tomonidan Samarqandga olib kelingan. Ushbu Qurʼon Samarqandda besh asr davomida saqlangan. 1868-yilda rus harbiylari tomonidan Sankt-Peterburgga olib ketilgan. 1923-yilda Turkiston musulmonlari iltimosiga koʻra, Musʼhaf Toshkentga qaytarilgan. 1989-yildan 2025-yilga qadar u Oʻzbekiston musulmonlari idorasida, Moʻyi muborak madrasasida saqlangan. Prezidentimiz tashabbusi bilan ushbu noyob Musʼhaf 2025-yil 13-noyabr kuni Islom sivilizatsiyasi markazining Qurʼon zaliga koʻchirildi.
“Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans” ekspozitsiyasida mamlakatimizda soʻnggi toʻqqiz yildagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy- huquqiy va maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlar, Oʻzbekistondagi demokratik islohotlar, erishilgan yutuqlar, davlatimizning tashqi va ichki siyosati ustuvor yoʻnalishlari, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar aks etgan. Zalga kirish joyida yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar haqidagi rolik namoyish qilinadi. Oʻzbekiston davlatchiligi ustunlari qismida Qadimgi Xorazm, Soʻgʻd, Baqtriya, Turk xoqonligi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida davlatchiligimiz uchun asos boʻlib xizmat qilgan tamoyillar va yozma manbalar oʻrin olgan.
“Davlat, jamiyat, inson” installyatsiyasida yangi Oʻzbekistonning uch muhim jihati turli vositalar yordamida aks ettirilgan. Shuningdek, ekspozitsiya “Iqtisodiyot — yangi Oʻzbekiston drayveri”, “Oʻzbekistonning ulkan gʻalabalari, yoshlar va sport”, “Xavfsizlik va tashqi siyosat”, “Taʼlim, raqamlashtirish va innovatsiya”, “Madaniyat va maʼrifat sohasidagi islohotlar”, “Yangi Oʻzbekistonda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, turizm”, “Yangi fuqarolik jamiyati va mahalla”, “Yangi Oʻzbekistonda meʼmorchilik va ijtimoiy bunyodkorlik” kabi qismlarga ajratilgan.
“Tashqi siyosat” boʻlimida Oʻzbekiston Prezidentining xorijiy safarlari, turli davlat rahbarlari bilan uchrashuvlari haqida videomateriallar va interaktiv maʼlumotlar joylashtirilgan. Bu yerda Prezidentimiz tashabbusi bilan chop etilgan va davlat rahbarlariga tuhfa qilingan adabiyotlar bilan ham tanishish mumkin. Bu ham, oʻz navbatida, kitobga, kitobxonlikni ragʻbatlantirishga qaratilayotgan eʼtiborni koʻrsatadi.
Gruziyaga safar qilganimizda Signagi degan shaharchaga olib borishgan edi. Shaharni koʻrib, “Qoyil, qanday qilib tarixiylikni saqlab qoldingiz?” deb soʻraganimizda, shahar 2007-yilda renovatsiya (lotincha renovatio — “yangilanish”) qilinganini aytishgan edi. Nima uchun Signagini esladim?
Gap shundaki, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidan chiqib, avtobusga oʻtirib, uyga ketishga shoshilish kerak emas. Qadimgi Toshkent bilan tanishish uchun Chorsu bozoriga piyoda yurib kelishni tavsiya qilgan boʻlardim. Juda ajoyib. Eski shahar koʻngildagidek renovatsiya qilinibdi. Asl koʻrinishi saqlab qolingan holda eski uylar rekonstruksiya, restavratsiya qilinib, sayyohlarning sevimli maskanlaridan biriga aylanibdi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidan “Faxr etarman, ona xalqim, koʻkragimni togʻ qilib” chiqdim.
Oʻzbegim deb keng jahonga ne uchun madh etmayin!
Oʻzligim bilmoqqa davrim berdi imkon, oʻzbegim.
Men buyuk yurt oʻgʻlidurman, men bashar farzandiman,
Lekin avval senga boʻlsam sodiq oʻgʻlon, oʻzbegim.
Sharofiddin TOʻLAGANOV,
jurnalist