Ekologik xavfsizlik haqida gap borganida asosiy muammolardan biri sifatida transport vositalaridan chiqadigan zaharli gazlar tilga olinadi. Agar bitta eskirgan avtomobildan chiqadigan tutun havoni qanchalik ifloslantirishi, atrofdagilarning nafasini boʻgʻishini hisobga olsak, minglab shunday transport vositasining atrof-muhitga yetkazadigan zararini chamalash qiyin emas. Bugun mamlakatimizda ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratilib, “ekologik transport” tizimiga oʻtilayotgani boisi shunda.

Avvaliga ekologiya va inson salomatligi uchun salbiy taʼsirga ega boʻlgan, tarkibidagi zararli moddalar sabab havoni jiddiy ifloslantirishi aytilgan AI-80 benzinidan voz kechildi. 2025-yilning sentyabr oyidan yurtimizda ushbu turdagi benzinni ishlab chiqarish toʻxtatilib, 1-dekabrdan sotuviga toʻliq chek qoʻyildi.

2026-yil 1-yanvardan boshlab esa barcha avtotransport vositalarini ekologik toifa va sinflarga ajratish hamda ular asosida eko­stikerlar berish tartibi belgilandi. Yaʼni tegishli diagnostika tekshiruvlaridan soʻng transport vositasiga uning ekologik toifasini tasdiqlovchi elektron maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maxsus yorliq yopishtirilmoqda. Bu oddiy qogʻoz emas, har bir stikerning rangi u yopishtirilgan avtomobilning ekologiya uchun qanchalik xavfsiz ekanini bildirib turadi. Qolaversa, avtomobilni bir yilda bir marta diagnostika tekshiruvidan oʻtkazish orqali unga tegishli toifadagi stiker berilgach, uning hududlarda harakatlanishi ham shu asosda belgilanadi.

Bu shahar sharoitida eskirgan, texnik talablarga javob bermaydigan, atrof-muhit uchun zararli taʼsirga ega avtomobillardan birin-ketin voz kechishga qaratilgan harakatlarning bir qismidir. Shu bois, joriy yil 1-fevraldan boshlab yana bir muhim chora belgilandi. Yaʼni yurtimizda ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan koʻp boʻlgan avtomobillardan foydalanish hamda ularni qayta roʻyxatdan oʻtkazish tegishli qaror bilan taqiqlandi. Antikvar avtomobillar uchun esa alohida seriyali davlat raqam belgilari joriy etiladigan boʻldi.

Ammo “ekologik transport” tizimining asosiy maqsadi inson salomatligi va atrof-muhitga zarar keltiradigan eski avtomobillardan voz kechishdangina iborat emas, balki ularni ekologik toza transport vositalariga almashtirish, shahar sharoitida elektromobillardan foydalanishni ragʻbatlantirishga qaratilgan.

Bundan bir necha yil ilgari bu haqida gapirilsa, oʻrinsiz koʻrinardi. Chunki yurtimizga elektromobillarni olib kirish va foydalanish koʻrsatkichi nihoyatda kam boʻlgan. Qolaversa, ushbu turdagi avtomobillar ham amaliyotda sinovimizdan oʻtib, ishonchimizga kirmagandi hali. Bugun esa talabga yarasha taklif yetarli, mahalliy avtosalonlarda elektromobillarning har qanday turini topish mumkin. Odamlar orasida ham bunday avtomobillar yaxshigina ommalashdi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2025-yilda Oʻzbekistonga 57 mingga yaqin elektromobil ­import qilinib, bu boradagi koʻrsatkich ikki baravardan koʻproqqa oshgan. Mamlakatimiz boʻylab elektromobillar sotuvi esa 35 foiz ortgani qayd etilgan. Hatto bu koʻrsatkich bozor oʻsishini taʼminlagan asosiy drayverlardan biri boʻlgan. Tahlillarga koʻra, oʻtgan yili hududlar kesimida elektromobillar sotuvining asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelgan, keyingi oʻrinlarda Samarqand, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari boʻlgan.

Chindan, odamlarda ham elektromobillarga qiziqish ortib boryapti. Zamonaviy avtomobilsozlikning bu namunalari nafaqat boshqarishdagi qulayligi, balki kamxarjligi, avtomobilni quvvatlantirish yoqilgʻi quyishga nisbatan bir necha barobar arzonga tushishi, asosiysi, ekologik xavfsizligi bois, koʻpchilikning eʼtiborini tortyapti. Shahar sharoitida bunday avtomobillar koʻpayishi yurtimizda ekologik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Shu bois, Oʻzbekistonda elektromobillar infratuzilmasini yaxshilash va “yashil transport”ni ragʻbatlantirish boʻyicha yangi chora-tadbirlar koʻrilyapti. Prezidentimizning tegishli farmoni bilan qabul qilingan 2026-yilgi davlat dasturida bu boradagi aniq vazifalar koʻrsatilgan. Unda imtiyozli avtokreditlar, subsidiyalar va soliq chegirmalaridan tortib, elektromobilda taksi qiladiganlar uchun yengilliklar, quvvatlash stansiyalaridagi tariflarni pasaytirish kabi islohotlarni amalga oshirish muddatlarigacha koʻrsatib berilgan.

16 foizli avtokredit

Yoʻllarda elektromobillar koʻpayishi uchun odamlarning uni sotib olishga boʻlgan toʻlov qobiliyatini ragʻbatlantirish lozim. Chunki elektr tokida harakatlanadigan avtomobillarning narxi arzon emas. Aksariyati xorijdan import qilingani bois, bojxona toʻlovlari sabab nisbatan qimmat baholanadi.

Shu bois, mamlakatimizda elektromobillarni sotib olish va ulardan foydalanishda odamlarga yengillik yaratish maqsadida yangi imtiyozlar joriy etilmoqda. Asosiy harakat imtiyozli avtokreditlash mexanizmini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan. Bunda elektromobil sotib olish uchun kreditlar stavkasi yillik 16 foizgacha darajada belgilanishi koʻzda tutilgan. Foiz stavkasining belgilangan chegaradan oshgan qismi davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tijorat banklariga kompensatsiya qilinadi.

Agar oʻtgan yilgi maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda avtokreditlar boʻyicha oʻrtacha stavka 24,1 foizni tashkil etganini hisobga olsak, elektromobillar uchun belgilanayotgan 16 foizli stavka kattagina imtiyozdir. Ushbu mexanizm shu yil

1-sentyabrdan amaliyotga kiritilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda 15 ming fuqaroga elektromobil sotib olish uchun yillik 16 foiz stavkada avtokreditlar ajratiladi.

Shahar yoʻllarida elektromobillar koʻpayishi ularni quvvatlantirish stansiyalariga talabni ham oshiradi. Elektromobil boshqaradiganlar yaxshi biladi, yaqin vaqtgacha bunday stansiyalarning nisbatan kamligi sabab uzoq navbat kutishga toʻgʻri kelardi. Bu odatda quvvatlash vaqtining koʻp davom etishi bilan ham bogʻliq. Masalan, uzoq muddatli quvvatlantirishda bitta avtomobil toʻla quvvatlanishi uchun 8 soat vaqt talab etiladi. Tezkor quvvatlantirishda esa bu 1 soatga teng.

Ammo keyingi yillarda jahonda bu yoʻnalish tobora takomillashib, elektromobilni 15 daqiqada quvvatlantirish stansiyalari paydo boʻlmoqda. Yurtimizga ham quvvatlash stansiyalari kirib kelishi koʻpaygan, hatto oʻzimizda ishlab chiqarilyapti. Masalan, birgina poytaxtimizdagi “Toshelektroapparat” MCHJda yiliga 5 ming donadan 10 ming donagacha har xil quvvatdagi zaryadlash stansiyalari ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Korxona boʻlim boshligʻi Umid Ahmadovning aytishicha, ayni paytda yurtimiz boʻylab 70 ta obyektda ushbu zavod tomonidan ishlab chiqarilgan 100 dan ortiq zaryadlash stansiyasi oʻrnatilgan.

Ana shunday korxonalarga qulaylik yaratish hamda elektromobillarni quvvatlantirish infratuzilmasini yaratish boʻyicha ham davlat dasturida aniq vazifalar belgilangan. Xususan, joriy yil 1-maydan tadbirkorlarga quvvatlantirish stansiyalarini tashkil etish uchun yillik 10 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratish, yer uchastkalarini auksion orqali bozor narxidan ikki baravar arzon narxda sotib olish imkoniyatini yaratish boshlanadi.

Chunki elektromobillar soni kun sayin ortib boryapti, demak, zaryadlash stansiyalariga ham talab oshadi. Shu bois, joriy yil 1-mayga qadar ­yurtimizda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari sonini 4 mingtaga yetkazish belgilangan. Oʻtgan yilning shu davri holatida ularning soni 1399 ta edi.

Bugungacha ushbu yoʻnalishda ish boshlashni maqsad qilgan tadbirkorlarni koʻproq yer masalasi qiynab kelardi. Yaʼni shahar markazi, avtomobil serqatnov manzillarda yer narxi ancha qimmat. Chetroq joylarda esa stansiyadan foydalanuvchilar soni koʻp boʻlmasligi mumkin. Stansiyalar uchun yer narxlari arzonlashtirib berilayotgani esa ishbilarmonlar uchun ayni muddao boʻladi.

Zaryadlash stansiyalari boʻyicha imtiyoz va qoʻllab-quvvatlov faqatgina tadbirkorlar uchun emas. Aholiga ham bu borada yaxshigina imtiyozlar belgilangan. Yaʼni avtomobil egalari uchun elektr quvvatlantirish xarajatlarini subsidiyalash va byudjetdan kompensatsiya qilinadigan imtiyozli kreditlar ajratish choralari koʻriladi. Masalan, endi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida quvvatlash vaqtida 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 soʻmdan oshgan qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bugungi kunda tariflar 1 kilovatt-soat uchun 1800 soʻmdan 2200 soʻmgacha oʻzgarib turadi. Agar 1800 soʻmlik tarifda hisoblasak, elektromobil egasi avtomobilini quvvatlash uchun 1 kilovatiga 300 soʻmdan toʻlagan taqdirda qolgan 1500 soʻmni davlat qoplab beradi. Bu davlat toʻlovning besh barobardan koʻprogʻini toʻlab berishni oʻz zimmasiga olyapti degani.

Bunday imtiyoz elektromobildan foydalanish xarajatlarini yanada arzonlashtiradi. Aslida, hozir ham bu xarajatlar yoqilgʻida harakatlanadigan avtotransport vositalarinikidan ancha arzon. Shaxsan oʻzim odatda elektromobilni 130 ming soʻmga toʻla quvvatlantirib, shu bilan kamida besh kun harakatlanishim haqida aytsam, koʻpchilik hayratda qoladi. Hisoblaganimda, bu boshqa avtomobillarning xarajatidan bir necha barobar kamligi koʻrinadi. Endi buning ham katta qismi davlat tomonidan subsidiya asosida qoplab berilishi xarajatlarni yanada kamaytiradi.

Soliqdan 10 foiz chegirma

Shuning uchun hozir taksi xizmatlarida elektromobillardan foydalanish ommalashib boryapti. Arzon sarf-xarajat koʻproq daromad qilish imkoniyatini beradi. Qolaversa, buyurtmachilarning oʻzi ham koʻproq elektr tokida harakatlanadigan avtomobillarni chaqirayotgani kuzatilmoqda. Bu ushbu turdagi transport vositalarining yengil, shovqinsiz harakatlanishi, mashina salonidan benzin hidi kelib turmasligi, oʻzidan zararli tutun chiqarib, oynani yopib oʻtirishga majbur qilmasligi kabi omillar bilan bogʻliq boʻlsa kerak. Har holda yurtdoshlarimiz elektrobuslarga ham, elektromobillarga ham ancha oʻrgandi. Demak, talabga yarasha taklifni oshirish kerak.

Oʻtgan yili bir tanishim oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro sifatida roʻyxatdan oʻtib, taksichilik faoliyati bilan shugʻullanish harakatiga tushdi. Ish boshlashdan avval taksichilik litsenziyasini olishi zarurligi va uning xarajati nari-berisi bilan 700 ming soʻmdan oshishini ogʻrinib aytdi. Ammo bir muddat oʻtgach, litsenziyani mutlaqo tekin olganini quvonib gapirdi. Gap shundaki, tanishim elektromobil boshqarardi va bu turdagi transport vositalari egalariga litsenziya olish bepul ekan.

Sal oldinroq oʻzim ham elektromobilning davlat raqam belgisini almashtirganimda, roʻyxatdan oʻtish jarayonlari uchun talab etiladigan xarajatlar yoqilgʻida harakatlanadigan avtomobillarga nisbatan ikki barobar arzon ekanini koʻrib hayron qolgandim. Oʻshanda mamlakatimizda “ekologik transport” tizimini ragʻbatlantirish allaqachon amalda qoʻllanilayotgani, faqat bu haqida koʻpchilik bilmasligi haqida oʻylagandim.

Davlat dasturi bilan bu imtiyozlar yanada kengaytirilmoqda. Joriy yilning ­1 ­martidan yurtimizda kuchga kirgan yangi mexanizm — elektromobilda taksi faoliyati bilan shugʻullanuvchi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni ragʻbatlantirish shulardan yana biri. Endi koʻzda tutilgan qator imtiyozlar sabab elektromobil egalari uchun taksichilik qilish yanada osonlashib, daromadli yoʻnalishga aylanadi.

Avvalo, elektromobillarda taksi xizmati koʻrsatuvchi oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun ijtimoiy soliqning belgilangan stavkasiga 10 foiz chegirma berilmoqda. Shuningdek, ularga davlat tashkilotlariga tegishli, jumladan, aeroportlar va vokzallar hududidagi avtoturargohlardan 30 daqiqa davomida bepul foydalanishga ruxsat etiladi. Qoidabuzarlik va YTH sodir etmasdan 1 million kilometr masofada taksi xizmati koʻrsatgan fuqarolarga esa “Tabiat himoyachisi” koʻkrak nishoni topshiriladi.

Shu tariqa 2026-yil yakuniga qadar ­elektromobillarda ishlaydigan taksichilar sonini 300 ming kishiga yetkazish koʻzda tutilgan. Soliq qoʻmitasining fevral oyidagi maʼlumotlariga koʻra, taksoparkdagi elek­tromobillar ulushi 1,9 foizni (12,1 mingta) tashkil etadi. Demak, yil oxirigacha ularning sonini 25 baravar oshirish kerak.

Bu aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirishga ham xizmat qiladi. Qolaversa, yurtimiz koʻchalarida elektromobillar soni ortishi hisobiga atmosfera ifloslanishi 7 foiz kamayishi kutilmoqda.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri