Bu haqda The New York Times va The Guardian nashrlari xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, hujum natijasida qurilishi hali yakunlanmagan B1 koʻprigi vayron boʻlgan. BBC News maʼlumotlariga koʻra, mazkur inshoot Yaqin Sharqdagi eng baland koʻpriklardan biri boʻlib, uning uzunligi 1050 metr, ustunlari balandligi esa 136 metrni tashkil etgan.
Donald Tramp zarbani tasdiqlab, koʻprik butunlay ishdan chiqqanini bildirdi. U oʻzining Truth Social tarmogʻida hodisa aks etgan videoni eʼlon qilib, agar Eron AQSH bilan kelishuv imzolamasa, yanada jiddiy oqibatlar boʻlishi mumkinligini taʼkidladi.
Eron davlat OAVlari maʼlumotiga koʻra, hujum oqibatida 8 kishi halok boʻlgan, 95 nafar inson jarohat olgan.
Nashrlar maʼlum qilishicha, AQSH harbiylari koʻprikka ikki marta zarba bergan. Aytilishicha, ushbu obyekt orqali harbiy logistika, jumladan, ballistik raketalar va dronlar uchun butlovchi qismlar tashilgan.
Biroq Kodratolla Seyf, Alborz provinsiyasi rahbariyati vakili, koʻprik hali foydalanishga topshirilmaganini va unda harbiy faoliyat kuzatilmaganini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, hujum vaqtida yaqin atrofdagi aholi Navroʻz munosabati bilan dam olayotgan boʻlgan.
Keyinchalik Tramp yana bir bayonot berib, AQSH hali barcha nishonlarga zarba berishni boshlamaganini aytdi va yanada keng koʻlamli harakatlar ehtimolini istisno etmadi.
Abbos Araqchi esa fuqarolik infratuzilmasiga berilgan zarbalar Eronni taslim boʻlishga majbur qila olmasligini bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, 1-aprel kuni Tramp AQSHning Eronga qarshi harakatlari “xavfsizlikni taʼminlash”ga qaratilganini aytgan va vaziyat yanada keskinlashishi mumkinligini taʼkidlagan edi.