Tadbirda “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bosh muharriri Salim Doniyorov, bosh muharrir o‘rinbosari Abu Bakir O‘rozov, Namangan davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Xusanov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati raisi Ziyovuddin Mansur, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Gulchehra Buvamirzayeva, shoir, faxriy jurnalist Nosirjon Dehqonov, taniqli ziyolilar, ijodkorlar, institut professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni bilan yaqindan tanishtirish, ularning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokini oshirish hamda ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.

Kechada so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda so‘nggi o‘n yil davomida amalga oshirilgan tub islohotlar, ularning bosqichlari va erishilgan natijalar haqida batafsil so‘z yuritdi.

Namangan viloyatida ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha muhim loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida ro‘y berayotgan yangilanishlar hudud aholisi farovonligini oshirishga xizmat qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorovning “Yangi O‘zbekiston orzusi” kitobi keng jamoatchilikka taqdim etilib, ijodkorlar, pedagoglar va yoshlar tomonidan kitobning mazmuni haqida ma’ruzalar qilindi.

Kecha davomida gazetalarda chop etilayotgan tahliliy maqolalar, intervyular va dolzarb mavzulardagi materiallar misolida jurnalistikaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni keng muhokama qilindi. Ishtirokchilarga mazkur milliy nashrning qizg‘in faoliyati, ularning jamiyatda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashdagi roli haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi, islohotlarning samaradorligi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.