Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ekspertlar guruhi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov boshchiligidagi olimlar, adiblar, teatr va kino sanʼatimiz dargʻalari shahar markazida qad rostlagan Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻydi. Aynan shu yerdan kuy va gʻazal navolari, sheʼriyat shuuri ila “Mustaqillik toʻyi” tantanalari boshlandi.

Shundan soʻng targʻibot guruhi vakillari viloyatning barcha tumanlari, shaharlari tomon yoʻl oldi.

Bu jannatmonand yurtni bobolarimiz bejiz makon tutmagan. Yaratgan ushbu zamin tuprogʻiga ilohiy moʻjizalar tortiq etgan. Ne-ne avliyolar va allomalarga beshik boʻlgan bu yurtning taʼrifi dostonlarga sigʻmaydi.

Nurotaning bebaho meʼmoriy obidalari, Sarmishsoy qoyatoshlaridagi suratlar, Uchtut chaqmoqtosh konlari, Raboti Malik sardobasi, karvonsaroylar ila  tarix sahifalaridan oʻrin olgan yurtdir bu. Milodiy oʻn uchinchi asrlardan sado beruvchi Burquttepa qoʻrgʻoni xarobasi, XI asrdan meros shayx Mir Said Bahrom maqbarasi, Mavlono Orif Deggaron masjidi, Gʻazgʻon shaharchasidagi Shohimardon, Qiziltepaning Vangʻozi qishlogʻidagi Toshmasjid meʼmoriy majmualari, Xatirchi va Navbahor tumanlaridagi  Langar, Sangijumon,  Oqsoqolota  kabi turli koʻrinishdagi shakllarga boy moʻjizalar bilan qadimdan insoniyatni hayratga solib kelgan.

Bunda yashab ijod qilgan ne-ne baxshilar, Tomdi, Uchquduq, Konimexda qoʻbiz chalib, ona zaminga mehrini izhor etgan oqinlar va jirovlarning dilovar ovozlari viloyat bagʻrida mangu qoʻshiq boʻlib yashaydi.

Navoiy viloyatini bugungi kunimizning eng navqiron maskani deymiz. Innovatsiya va yuqori texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan, raqobatda dunyoning yetakchi kompaniyalarini ortda qoldirayotgan aql-idrokli yoshlar yashayotgan muazzam yurt deb taʼrif etamiz.

Viloyatning tuprogʻi Mendeleev jadvalidagi barcha maʼdanlarga ega. Yeri ostida hisobsiz boyliklar bolalab yotgan boʻlsa, bu zaminning ustidagi  xazinasi bebaho odamlari, iqtidorli yoshlaridir. 

Xatirchi tumanidagi Tamabahrin mahallasi bugun respublikamiz oliy taʼlimiga oʻquvchilarni tayyorlash boʻyicha nom qozongan. Har yili mahalladagi maktablarni tugatgan oʻquvchilarning 90-95 foizi oliy oʻquv yurtlariga kirmoqda.

Bagʻrikenglik, mehr-oqibat va saxovat kabi yuksak insoniy fazilatlarni oʻzida mujassam etgan “Yaxshilik karvoni” loyihasi festivalning eng taʼsirli tashabbuslaridan biri. Loyiha doirasida maʼnaviyat targʻibotchilari Tomdi, Navbahor, Karmana va Uchquduq tumanlaridagi qator mahalla hamda ovullarda boʻlib, mehnat faxriylari, nuroniylar va ehtiyojmand oilalar holidan xabar oldi. Bu uchrashuvlar inson qadrini ulugʻlash, keksalarga ehtirom va ehtiyojmandlarga mehr koʻrsatish kabi ezgu qadriyatlarni yana bir bor namoyon etdi.

Festival doirasida viloyatning zavod, korxona va konlarida samarali mehnat qilib, oʻz bilim va tajribasi bilan mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan ishchi-xodimlar uchun “Shukronalik” maʼrifiy uchrashuvlari tashkil etildi. Taʼkidlash joizki, bugungi taraqqiyot va bunyodkorlik jarayonlarida har bir fuqaro oʻzini islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida his etmoqda. “Shukronalik” uchrashuvlari ana shu birdamlik, minnatdorlik va kelajakka ishonch tuygʻularini yanada mustahkamladi.

* * *

“Mustaqillik toʻyi” festivalining navbatdagi tadbiri Navoiy kon-metallurgiya kombinatida boʻlib oʻtdi.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi — bosh direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov tadbirni ochib, yurtimizda qoʻlga kiritilayotgan zafarlar haqida gapirdi. 

“Yutuqlar oʻz-oʻzidan qoʻlga kiritilmaydi. Barcha muvaffaqiyatlar va mehnatlar zamirida davlatimiz rahbarining siyosiy jasorati, ona Vatanga sadoqati, xalqimizga mehru muhabbat tuygʻusi yotibdi”, dedi u.

Insonning bilim va tarbiya olishida kitobning oʻrni beqiyos. Shuning uchun ham kombinat portalida korxona tasarrufida boʻlgan 11 ta kutubxona va Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti Navoiy filiali kutubxonalaridagi mavjud ilmiy-texnikaviy, badiiy kitob va jurnallar, 150 mingga yaqin manbaning elektron nusxalarini oʻzida jamlagan kutubxona tashkil etilgan.

Bugungi kunda mazkur ilm xazinasidan kombinat mutaxassislari bilan bir qatorda har ikkala oliy oʻquv yurtining professor-oʻqituvchilari, magistr va talabalari ham foydalanmoqda.

Keyingi yillarda kombinatning shahardagi nufuzli oliygohlar va  texnikumlar bilan yoʻlga qoʻygan samarali hamkorligi yosh kadrlar yetishtirishda katta imkoniyat yaratdi. Buning hisobiga har yili ushbu muassasalardan yuzlab yosh mutaxassislar kombinatga kelib ishlamoqda. Ularga boshqaruv ishonib topshirilyapti. Ayni paytda kombinatning qariyb barcha gidrometallurgiya zavodlari, konlari va boshqa muhim yoʻnalishlarini, zamonaviy texnika hamda texnologiyalarni 30-40 yoshli kadrlar boshqarmoqda.

Yangi Oʻzbekiston rivojining eng muhim vazifalaridan biri sanoatning yetakchi tarmoqlari va iqtisodiyotni liberallashtirish, transformatsiya jarayonlarini yakunlashdan iborat. Zero, transformatsiyalash qulay investitsiya muhitini yaratish, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, xarajatlarni kamaytirish hisobiga daromadlarni oshirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishni nazarda tutadi.

* * *

Prezidentimiz eʼlon qilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasida ishtirok etayotgan viloyat ahli bahorning har kunida ming-minglab koʻchatlarni ona zamin bagʻriga qadadi.

Tinimsiz qurilishlar avj olganda ham Navoiy viloyati ahli daraxtkushlikka yoʻl qoʻymadi. Shahar qishin-yozin yashil daraxtlar qurshovida.

“Mustaqillik toʻyi” festivali doirasida tumanlar va ulardagi mahallalarni aylanar ekanmiz, Navbahor tumanidagi Uchtut mahallasida ham boʻldik. Boshqalaridan farqli oʻlaroq, mahalla ahlining darvozalari yonidagi kuz gullari diqqatimizni tortdi. Yoʻllar ravonligi, gaz va suv taʼminotida muammo yoʻqligi, mahalla hududidagi 2 ta maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotidagi holatni koʻrib, dilimiz yayradi.

“Rais buva, mahallangizda usta dehqonlar, gulchilar koʻpga oʻxshaydi, hammayoq chamanzorga aylanib ketibdi-ku”, degan gapimizga mahalla raisi Xolmurod Otamurodov  toʻlib-toshib javob qaytardi:

“Yaqin oʻtmishda mahallamizning ahvoli achinarli edi. Egri-bugri yoʻllar, butunlay ishdan chiqqan simyogʻochlar, kuyib ketgan elektr uzatgichlar, taʼmirtalab maktablar... Mahallaning binosi yoʻqligidan vagoncha ichida aholining arz-dodini eshitish, toʻy yoki marosimlarda boshimizdan oʻtganlarni men aytmay, siz eshitmang. Oxiri  Prezident Xalq qabulxonasiga murojaat qildik.

Natijada mahallamiz “Obod mahalla” dasturiga tushdi. Qarabsizki, bir yilga bormay, yoʻllarimiz ravon boʻldi. Damxoʻja suv tarmogʻiga ulanishimiz bois, mahalladagi 589 xonadon toza ichimlik suv bilan taʼminlandi.

150 oʻrinli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilib, ishga tushirildi. Mahallamizdagi ikki maktab mukammal taʼmirlandi. Eng quvonchlisi, mahallaning muhtasham binosiga ega boʻldik. Bino ichi zamonaviy mebellar bilan jihozlandi. Hokimlik mahallamiz kutubxonasiga 1 ming 200 ta kitob sovgʻa qildi...”.

Biz mahalla faollari bilan birga yoz oqshomining salqin havosidan nafas olayotgan boqqa borib, moʻjizaga duch keldik. Katta bogʻ ichida taʼrifiga soʻz ojiz kattalikdagi tutlar  yaproqlarini koʻz-koʻz qilib turibdi.    Asfalt yoʻlaklar chetida turfa gullar kech qishgacha gullab yotar ekan.

“Bu tutlar juda qadimiy ekanini bobolarimiz aytar edi. Bir vaqtlar bidʼatga berilgan odamlar tut shoxlariga turli lattalar osib ketadigan boʻldi. Biz ulamolarimiz bilan bunga darhol chek qoʻydik”, deydi mahalladagi hokim yordamchisi Ahadjon Ahmedov.

Uchtutliklar bu ulugʻvor daraxtlari bilan faxrlanadi. Albatta, faxrlansa arziydi-da, ne-ne zamonlarni koʻrgan bu tutlar, ne-ne aziz insonlar bu tutlar tagida suhbatlar qurgan, niyatlar qilgan.  

Men uchtutliklarga  minnatdorlik bildirdim:

“Ayoz qilich yalangʻochlagan sovuqlarda ham hech biringiz bolta koʻtarib bobotutlar qarshisiga kelmabsiz. Rahmat sizlarga!”.

* * *

Mamlakatning yer ostidagi xazinasi oltinu kumushlari, javohirotlari boʻlsa, yer ustidagi xazinasi uning aqlli odamlaridir. Aqlli odamlar bogʻchalarda, maktablarda, oliy oʻquv yurtlarida tarbiyalanadi.

Navoiy shahrida Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida joylashgan, matematika faniga ixtisoslashtirilgan xalqaro maktab-internat bilan hamkorlikda  matematika, fizika va ingliz tiliga ixtisoslashgan 360 oʻrinli maktab-internat tashkil etilibdi. Oʻquv muassasasi bilan tanishar ekanmiz, eng asosiysi — oʻqituvchilarning saralangani diqqatimizni tortdi. Har bir sinfxonalarga oʻrnatilgan kuzatuv kameralari orqali maktab rahbariyati va xohlagan ota-ona dars jarayonini kuzatishi mumkin. Xullas, bu maktabda matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlarining iqtidorli ustozlari  shu fanlarga qiziquvchi oʻquvchilarga ilm sirlarini oʻrgatmoqda.

Navoiy shahrida 2021-yilda ish boshlagan Prezident maktabi bugun mamlakatimizning eng ilgʻor taʼlim dargohlari qatoriga kirdi. Ayni paytda maktabda 144 oʻquvchi tahsil olmoqda. Ularga 35 oʻqituvchi saboq bermoqda.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan chop etilgan  “Ustozga ehtirom” va “Fidoyi direktorlar” kitob-albomida Navoiy shahridagi 11-umumtaʼlim maktabi direktori Gulnora Jumaniyozova  faoliyati ham yoritilgan.

Maktabdagi taʼlim sifati va fan oʻqituvchilari faoliyati bilan tanishar ekanmiz, Gulnora Jumaniyozovaning haqiqatdan ham fidoyi direktor ekaniga tan berdik. 

“Oʻqituvchini ruhlantirishning yoʻli bitta — ularni chinakamiga kitobga oshno qilish. Inson kitobdan nur oladi. U shunday nurki, oʻzidan yorugʻlik bilan birga quvvat ham tarqatadi. 

Pedagogik kengashda muallimlarga oʻquv darsliklaridan tashqari har haftada roman, qissa va hikoyalar toʻplamini oʻqib, maʼno hamda mazmunini yozish topshirigʻini berdim. Har hafta darslardan soʻng oʻqituvchilar “imtihonim”dan oʻta boshladi. Ishoning, maktabimizda yangi hayot boshlandi.

Endi oʻqituvchilar bir-biri bilan kitob almashadigan, yangi kitoblar uchun kutubxonachimizga buyurtma beradigan boʻldi. Bora-bora ularning har birining xonadonida “uy kutubxonalari” paydo boʻldi. Hamma oʻqishga kirishdi. Kitob oʻqib yurgan oʻqituvchining dunyoqarashi ham oʻzgara boradi. Kayfiyatida koʻtarinkilik yaqqol sezilib turadi”, deydi Gulnora opa.

Uning maktabiga ishga qabul qilingan oʻqituvchilarning deyarli barchasi ijodkor. Isteʼdodning qirrasi bittagina boʻlmaydi. U sheʼr va ashula ayta bilishi, raqsga tushishi, biror musiqa asbobini chala olishi, rasm chizishi yoki sportning biror turini egallagan boʻlishi kerak.

Gulnora opaning maktabi 2011-2020-yillarda mamlakatimizdagi 9695 ta maktab  orasida kompleks reyting koʻrsatkichlari boʻyicha eng yuqori oʻrinni egalladi.

Texnologiya fani oʻqituvchisi Murodbek Turniyozov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, geografiya fani oʻqituvchisi Rustam Abdiyev, yetakchi Muhayyo Mamurodova, Sardor Samadov ketma-ket “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Fidoyi direktor rahbarlik qilayotgan maktabdan barchamiz kayfiyatimiz koʻtarilib chiqdik.

* * *

Mamlakatimizning eng yirik marmar konlari Nurota tumanining Gʻozgʻonida joylashgan. “Mustaqillik toʻyi” festivalining keyingi manzili Gʻozgʻon shahri boʻldi.

Bepoyon kengliklar, adirlar, past-baland tepaliklardan soʻng xuddi ertaklardagi sirli qasrdek oldimizda Gʻozgʻon shahri paydo boʻldi. Olisdan Gʻozgʻon marmari timsoli – oq marmar monumenti goʻzal malikadek viqor toʻkib turibdi.

Goʻyo u: “Men olamda yagonaman. Mening oppoq tanimda oʻzbek xalqining  armonlari, orzulari, Yaratganga duolariyu iltijolari tajassum topgan. Meni avaylang! Men endi donishmand elning muhtasham binolari, maʼrifat maskanlari, tabarruk ziyoratgohlariga zeb beraman”, deyayotgandek.

Ha, Gʻozgʻonning oq, qora, kulrang marmarlari Allohimning oʻzbekka bergan moʻjizasidir.

“Marmarobod” MCHJning kirish joyidagi marmar lavhaga: “Ushbu majmua Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2019-yil Navoiy viloyati Gʻozgʻon shahriga tashrifi davomida qilingan tarixiy tashabbusiga asosan barpo etildi”, deb yozib ­qoʻyilgan.

Bir lahzada  davlatimiz yetakchisining Navoiy viloyatiga oʻsha tarixiy safari xayolimdan kechadi. Xotira uygʻonadi, goʻzallashadi.

“Marmarobod” masʼuliyati cheklangan jamiyati qazib olingan tabiiy toshlarga qayta ishlov beruvchilarni zarur xomashyo bilan taʼminlovchi korxona etib belgilangan. Ming-ming kvadrat metr marmar va granit toshlarni xuddi sariyogʻni kesgandek kesib, beqasam matodek tekislab qoʻyayotgan asbob-uskunalarni koʻrib, hayratga tushasiz kishi.

Hozirgi kunda “Marmarobod” da 170 ta ishchi mehnat qilayotgan boʻlsa, korxona toʻliq quvvat bilan ishga tushsa, gʻozgʻonlik yoshlarning yana 400 tasi ish oʻrniga ega boʻladi.

Marmar konlari zaxirasi jihatidan ­dunyoda 4-oʻrinda turadigan Gʻozgʻon bilan faxrlanmay boʻladimi?!

Gʻozgʻonda, jilodor marmarlar yonida mashhur sangtarosh usta, “El- yurt hurmati” ordeni sohibi Tohir hoji Rahimov bilan suhbatlashdik.

Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida sangtaroshlarga ham alohida eʼtibor koʻrsatdi. Prezident koʻrsatmasi bilan Tohir akaning “Marmar kamyob” xususiy korxonasiga Milliy bank kredit ajratdi. Maxsus marmar kesadigan uskunalar Xitoydan olib kelindi. 2011-yilda Tohir sangtaroshning 5 ta shogirdi boʻlgan, hozir esa 30 tadan oshib ketdi. Albatta, ular orasida oʻz farzandlari, nabiralari ham bor.

Navoiy viloyatidan qaytar ekanmiz, taʼrif bilmas tuygʻular ogʻushida edik. Sheʼriyat mulkining sultoni nomi bilan atalgan ­viloyatda har kuni yangilanish va yuksalish. Bu el odamlarining huzurida qancha boʻlsangiz, shuncha ilhomlanasiz. Navoiyliklar aqlu idroki, bor iqtidori bilan mehnat qilmoqda. Endi Zarafshonning oltin sandiqlari kaliti oʻz egasining qoʻlida, endi Gʻozgʻon va Zarmitan xazinalari ustida chordona qurganlar oʻz yurtining — yangi Oʻzbekistonning beklaridir.

Zulfiya MOʻMINOVA,

“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi