Bugun 35 yillik zafarli dovon ustida turib, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, hayotbaxsh haqiqatni har qachongidan ham teran his etamiz: “Mustaqillik — bu o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olishga qodir, o‘z tuprog‘i, o‘z kelajagiga o‘zi egalik qila oladigan xalqlargagina nasib etadigan ulkan saodatdir”.

Ammo bu kunlarga osonlikcha yetib kelmadik. 1991-yil 31-avgustda mamlakatimiz nufusi 20,6 million kishi edi. Bugun xalqimiz 38,2 millionga yetdi. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 67,2 yoshdan 75,5 yoshga ko‘tarildi. Hozirgi farovon, ozod va erkin hayotning qadriga yetmoq, kelajakni sobit qadamlar bilan barpo etmoq uchun yaqin o‘tmishga xolis nazar tashlamoq, bugungi ko‘z ilg‘amas o‘zgarishlar ko‘lamini qalbdan o‘tkazmoq zarur.

Kechagi sinovlar va armonlar

Kechagi kunini unutgan millatning ertasi bo‘lmaydi. Bundan chorak asr muqaddam to‘qib chiqarilgan sun’iy cheklovlar, sarsongarchiliklar, millionlab yurtdosh-larimizning yelkasida og‘ir yuk bo‘lgan muammolar bugun xuddi tushda kechgandek olisda qoldi. Biroq xotira daftarimizni varaqlasak, kechagina chekkan zahmatlarimiz ko‘z o‘ngimizda jonlanadi.

Poytaxtda yashab ijod qilish, ta’lim olish yoki halol mehnat qilish uchun yillab ostonama-ostona sarson bo‘lib, “doimiy ro‘yxat”ga qo‘ydirish imkonini qidirgan, o‘z yurtida begonadek yashashga majbur bo‘lgan vatandoshlarimizning holatini unutib bo‘lmaydi. Qo‘lida oliy ma’lumotli diplomi bo‘laturib, aynan shu sun’iy ma’muriy to‘siq sababli o‘z sohasida ishlay olmagan, qanchadan-qancha orzulari so‘ngan yosh mutaxassislarning armoni ko‘ngillarni hanuz o‘rtaydi.

Odamlar qo‘lidagi plastik kartada turgan maoshini 15-20 foiz ustama evaziga naqdlashtirish ilinjida sarson kezgan, pensiya va oylik maoshini oylab kutgan zamonlar ham kechagina edi. Bozorlarda naqd pul taqchilligidan qiynalgan, dorixonalarda chorasiz qolgan yurtdoshlarimizning dil og‘riqlari xotiramizdan hali o‘chgani yo‘q.

Shukrki, elektr energiyasi, tabiiy gaz yoki suv to‘lovini amalga oshirish uchun tongdan kechgacha turnaqator navbatlarda turilgan, oddiygina ma’lumotnoma olish uchun o‘nlab idoralar eshigida asablar to‘zigan kunlar ham ortda qoldi.

Har yili 1-avgust arafasida atigi 9 foizlik tor qamrov sababli yuz minglab iqtidorli yoshlarning universitet ostonasidan ko‘z yosh to‘kib qaytishi, test sinovlaridagi adolatsizlik, yashirin guruhlar ko‘magiga taya¬nish, tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik kabi illatlar millionlab oilalarning yurak og‘rig‘iga aylangan edi.

Kechagina ota-bobolarimiz umr bo‘yi yig‘ib-terganini qo‘liga olib, muqaddas haj ziyoratini ado etish ilinjida mahal¬lama-mahalla, idorama-idora yillab sarson bo‘lgan edi. Bir oiladan ikki kishining birga borishiga cheklovlar qo‘yilgan, yiliga atigi 5-6 ming kishilik kvota bilan cheklangan davrlar tarix sahifalarida qoldi.

Bugun davlat siyosati markaziga inson qadri, e’tiqodi va vijdon erkinligi qo‘yildi. Haj kvotasi 15 mingtaga yetkazilib, inson omili ishtirokidan xoli ochiq “E-navbat” tizimi joriy etildi.

Umra safariga cheklovlar olib tashlanib, yiliga 350 mingdan ziyod vatandoshimiz nafaqat poytaxtdan, balki viloyatlarning markaziy shaharlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri Jidda va Madinaga parvoz qilmoqda.

Inson qadri — oliy qadriyat

Ortga nazar solar ekanmiz, 2017-yildan e’tiboran yurtimizda boshlangan tub islohotlar xalqimizning xohish-irodasi bilan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan ulug‘ g‘oyani hayotiy tamoyilga aylantirdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda “Inson — jamiyat — davlat” ustuvorligi mustahkamlanib, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida o‘z taraqqiyotining yangi sahifasini ochdi. Bu tarixiy burilishning amaliy ifodasi esa bugun har bir yurtdoshimizning kundalik turmushida, xonadonida bo‘y ko‘rsatmoqda.

Yillar davomida inson qadrini cheklab kelgan ma’muriy to‘siqlar olib tashlandi. Doimiy ro‘yxatga olish tizimi erkinlashtirilib, fuqarolarning o‘z yurti va dunyo bo‘ylab to‘siqsiz harakatlanishi ta’minlandi. Qo‘shni davlatlar bilan chegaralar ochildi. Valyuta bozori erkinlashtirildi. Naqd pul taqchilligi muammosi to‘liq bartaraf etildi. Bank tizimidagi ochiqlik natijasida milliy to‘lovlarning katta qismi raqamlashtirildi. Yuzlab davlat xizmatidan yagona elektron portal orqali uydan chiqmay foydalanish imkoniyati yaratildi.

Soliq sohasidagi islohotlar, tadbirkorlikka keng yo‘l ochilishi va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay inves¬titsiya muhiti tufayli mamlakatimizda iqtisodiy erkinlik darajasi salkam 80 foiz yaxshilandi. Yillar davomida millatimiz sha’niga soya solib kelgan majburiy mehnat va bolalar mehnatiga butunlay barham berilishi esa inson qadrini yuksaltirish yo‘lidagi eng muhim, tarixiy g‘alabalardan bo‘ldi.

Ayniqsa, ta’lim sohasidagi yangila¬nishlar navqiron avlod kamolotida hal qiluvchi omilga aylandi. Ilgari 29 foizga tushib ketgan maktabgacha ta’lim qamrovi bugun 80 foizga yetkazildi. Minglab zamonaviy xususiy bog‘chalar ish boshladi. Oliy ta’limga qamrov bir necha barobar kengayib, yurtimizda faoliyat yuritayotgan universitetlar, jumladan, nufuzli xalqaro oliygohlar filiallari soni ko‘paydi. Ilm-fan fidoyilarining nufuzli xalqaro bazalarda e’lon qilinayotgan maqolalari ko‘lami 100 barobar oshgani esa yurtimizning intellektual salohiyati tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Ma’rifat va intellektual yuksalish — Uchinchi Renessans poydevori

Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur” degan hikmati bugun milliy siyosatimizning asosiy mayog‘iga aylangan.

Prezident ta’lim muassasalari, ixtisoslashtirilgan fan va ijod maktablari yangi avlod intellektual elitasini kamolga yetkazmoqda. IT park rezidentlari sa’y-harakati bilan raqamli xizmatlar eksporti qiymati 1,2 milliard dollarga yaqinlashdi. 150 mingdan ziyod yangi ish o‘rni ochildi.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi — bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi — ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatdir”.

Shunday ekan, har qanday buyuk davlatning o‘z ruhi bo‘ladi. Bu ruh, eng avvalo, xalqning o‘zini o‘zi anglashi, tarixiy xotirasi hamda milliy qadriyatlarida yashaydi. Mustaqillik yillarida asos solingan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyati zamon talablari asosida takomillashib, bugun yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.

Bu boradagi eng muhim amaliy qadamlardan biri sifatida markaz huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu ilmiy dargoh jamiyatdagi ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarni chuqur sotsiologik va falsafiy tadqiqotlar asosida o‘rganib, mafkuraviy targ‘ibotning ilmiy-metodologik negizini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatda ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan “Mustaqillik to‘yi” festivali yuz minglab vatandoshlarimizni yagona ezgu maqsad atrofida jipslashtirdi. “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zolari, taniqli olimlar va ijodkor ziyolilar chekka-chekka hududlarda ham aholi bilan samimiy, yuzma-yuz muloqotlar qildi.

Dunyo bilan yuzma-yuz

Markaziy Osiyoda qaror topgan yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch muhiti O‘zbekiston nomini xalqaro maydonda tinchlikparvarlik hamda hamkorlik markaziga aylantirdi. To‘qsondan ortiq davlat uchun vizasiz rejimning joriy etilishi yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimini keskin oshirib, milliy turizm sohasini iqtisodiyotning eng daromadli tarmoqlaridan biriga aylantirdi.

Mintaqaviy va global ahamiyatga ega ulkan temir yo‘l hamda transport-logistika yo‘laklari loyihasi mamlakatimizning tranzit salohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Turkiyalik taniqli olim Kamal Yavuz Ataman “Men tanigan O‘zbekiston” kitobida e’tirof etganidek, bugungi yangi O‘zbekiston boy tarixiy ildizlaridan kuch-quvvat olib, zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashgan holda jahon siviliza-siyasi markazlaridan biri sifatida qayta qad rostlamoqda.

Nigora HUSANOVA,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori