Hodisa 26 avgust kuni Bhote-Koshi daryosi hududida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Nepal–Xitoy chegarasidagi Lhende daryosida muz va tog‘ jinslaridan iborat ko‘chki daryo oqimini to‘sib qo‘ygan. Keyin to‘plangan suvning keskin oqib ketishi natijasida kuchli sel yuzaga kelgan. Ayrim rasmiylar bu jarayonga hududda sodir bo‘lgan zilzila sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Sel Rasuva, Nuvakot va Dhadin kabi hududlarga tarqalib, uy-joylar, yo‘llar, ko‘priklar va energetika obyektlariga jiddiy zarar yetkazgan. Ayrim qishloqlar butunlay loy va suv ostida qolgan.

Nepal Turizm kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 384 nafar sayyoh va sayohatchi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan. Ularning 291 nafari xorijiy fuqarolardir. Bedaraklar orasida Hindiston, AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada va boshqa davlatlar fuqarolari bor.

Qidiruv-qutqaruv ishlariga Nepal armiyasi, politsiya va qurolli politsiya kuchlari jalb qilingan. Biroq noqulay ob-havo va suv sathining yuqoriligi qutqaruv vertolyotlarining zarar ko‘rgan ayrim hududlarga qo‘nishiga halal bermoqda.

Xitoyning Tibet hududida ham ko‘chki oqibatida talafotlar qayd etilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, G‘yirong uezdida 3 kishi halok bo‘lgan, 265 kishi bedarak yo‘qolgan. Xitoy tomonida jabrlanganlar va bedaraklar soni hali aniqlashtirilmoqda.

Nepal hukumati aholini Bhote-Koshi, Trishuli va Narayani daryolari bo‘ylaridan uzoqlashib, xavfsiz hududlarga ko‘chishga chaqirgan. Hindistonning Nepal bilan chegaradosh ayrim shtatlarida ham sel xavfi tufayli aholini evakuatsiya qilish ishlari boshlangan.