2026-yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda.

Soʻnggi yillarda yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish koʻlami sezilarli kengaygani tufayli mehnat bozoriga kirib kelayotgan bitiruvchilar soni ham ortib bormoqda.

Ularning bandligini taʼminlashda bitiruvchilar bilan individual ishlash, ularni iqtisodiyot tarmoqlaridagi boʻsh ish oʻrinlariga yoʻnaltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, oliygohlarda karyera markazlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bitiruvchilarning tadbirkorlik loyihalarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish boʻyicha “Kelajakka qadam” dasturi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, uning doirasida 2025-yilda 6 mingdan ortiq loyihalar uchun 378 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Buning natijasida 8 ming nafarga yaqin bitiruvchilarning bandligi taʼminlandi.

Taqdimotda 2026-yilda 8 mingdan ziyod loyihalarni moliyalashtirish uchun 500 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirish, 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

Mazkur dasturni unda ishtirok etuvchi tadbirkorlik subyektlariga qoʻshimcha moliyaviy imkoniyatlar taqdim etish orqali yanada kengaytirish taklif etildi.

Shuningdek, “TalabaExpo-2026” kasb koʻrgazmalarini ish beruvchi tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarini faol jalb etgan holda respublikaning boshqa hududlarida ham samarali tashkil etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Bitiruvchilar bandligini taʼminlashda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, yirik xoʻjalik birlashmalari masʼuliyatini oshirish muhimligi qayd etildi.

Barcha jarayonlar bandlikka koʻmaklashuvchi “career.edu.uz” platformasi orqali monitoring qilinib, bandlikni taʼminlash masalasi mahalliy hokimliklar darajasigacha tushiriladi. Natijada bitiruvchilar bilan ishlashning vertikal tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Shu bilan birga, talabalarni ish bilan band qilishda oliygoh darajasida ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish boʻyicha yangi mexanizmlar taklif qilindi.

Jumladan, barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyilib, natijadorligiga qarab ragʻbatlantirib boriladi. Markazlar faoliyati “Bitiruvchi sifati indeksi” orqali baholanib, eng yuqori natija koʻrsatgan 20 ta oliygohning karyera markazlariga 500 million soʻmdan ajratiladi.

Joriy yilda oliygoh miqyosida 360 ta, fakultetlar miqyosida 750 ta mehnat yarmarkalari hamda har bir yoʻnalish kesimida mingdan ortiq ish beruvchilar bilan uchrashuvlar (vorkshoplar) tashkil etiladi.

Shuningdek, 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab talabalarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, ularni biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.

Shu bilan birga, oliygohlarda talabalarning startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, tashkil etiladigan spin-off korxonalariga talabalarni jalb etish, kafedralarning tegishli tarmoq korxonalarida filiallarini ochish, bitiruv loyihalari himoyasini ish beruvchi korxonalarda oʻtkazishni kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi.

Aniq buyurtma, moslashuvchan dasturlar asosida kadrlar tayyorlashga qaratilgan maqsadli dual taʼlim shaklini ham yoʻlga qoʻyish tashabbusi bildirildi.

Bunda talabgorlarni dasturga qabul qilish, toʻlov-kontrakt miqdorini belgilash ish beruvchi hamda oliygoh oʻrtasida oʻzaro kelishuvga koʻra amalga oshirilib, buyurtmachi talaba oʻqishni tamomlaganidan soʻng uni ish bilan taʼminlashga kafolat beradi.

Taklif qilingan chora-tadbirlar ijrosini sifatli tashkil etishda oliygohlar rahbariyatining masʼuliyatini oshirish, ularning “KPI” koʻrsatkichlarida bitiruvchi bandligining taʼminlanganini asosiy mezon sifatida belgilash zarurligi qayd etildi.

Prezidentimiz mutasaddilarga bitiruvchilar bilan ishlashni samarali tashkil etish, bildirilgan tashabbuslarni puxta ishlab chiqish, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishda barcha imkoniyatlarni safarbar etish yuzasidan topshiriqlar berdi.