Atrof-muhitni muhofaza qilish texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ventilyatsiya, suv taʼminoti va santexnikaning zamonaviy texnologiyalariga bagʻishlangan xalqaro tadbir soha vakillarini bir maydonga jamladi.

Koʻrgazmada 11 mamlakatdan 200 dan ziyod xalqaro va mahalliy kompaniya ishtirok etmoqda. Ularga oʻz mahsulot va yechimlarini namoyish etish, yangi gʻoyalar bilan oʻrtoqlashish hamda sohadagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish imkoniyati yaratilgan.

Bugungi kunda bino va inshootlarga qoʻyiladigan talablar ularning meʼmoriy qiyofasi bilan cheklanmaydi. Yashash va ishlash uchun qulay muhit yaratish, xavfsizlikni taʼminlash, energiya va suv resurslaridan oqilona foydalanish ham zamonaviy qurilishning muhim yoʻnalishlariga aylanmoqda.

Shu jihatdan «Aquatherm Tashkent 2026» koʻrgazmasida mikroiqlim yaratish, energiya samaradorligini oshirish, suv taʼminoti va santexnika tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, «yashil» texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Taqdim etilayotgan yechim va takliflar qurilish kompaniyalari hamda loyiha tashkilotlari uchun yangi imkoniyatlar yaratib, uy-joy loyihalarini yanada qulay, tejamkor va zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga xizmat qiladi.