Energetika vazirligining xabar berişiça, 1602 MVA quvvatga ega mazkur obyekt mamlakatdagi eng yirik va zamonaviy yuqori kuçlanişli podstansiyalardan biri hisoblanadi. Uning işga tuşirilişi Toşkent şahri va Toşkent viloyatining bir qismida elektr taʼminoti işonçliligini oşiriş, mavjud tarmoqlarga tuşayotgan yuklamani maqbul taqsimlaş imkonini beradi.

Yangi podstansiyaning yana bir muhim jihati — poytaxt havosini ifloslantiruvçi çiqindilarni kamaytirişga xizmat qilişi.

Jumladan, «Halqa» podstansiyasi işga tuşirilişi natijasida Toşkent şahri va viloyatning ayrim hududlarida elektr yuklamalari qayta taqsimlanadi. Bu esa Toşkent issiqlik elektr stansiyasiga tuşadigan yuklamani kamaytirib, unda mazut yoqilğisidan foydalanişga bölgan ehtiyojni bartaraf etadi.

Şu tariqa, loyiha nafaqat elektr taʼminoti barqarorligini mustahkamlaş, balki atmosferaga çiqariladigan ifloslantiruvçi moddalar miqdorini kamaytirişga ham xizmat qiladi.

Umumiy qiymati 171,4 million AQŞ dollarini taşkil etgan investitsiya loyihasi Jahon banki iştirokida amalga oşirildi.

Loyiha doirasida 1602 MVA quvvatli «Halqa» podstansiyasi bilan birga 220 kVli 213 kilometr va 500 kVli 72 kilometr, jami 285 kilometr yuqori kuçlanişli elektr uzatiş tarmoqlari barpo etildi.

Uşbu infratuzilma mamlakat yagona energetika tizimining uzatiş imkoniyatlarini kengaytiriş, elektr energiyasi oqimlarini samarali taqsimlaş va ortib borayotgan isteʼmol talabini işonçli qondiriş uçun muhim asos bölib xizmat qiladi.

Ayni paytda yangi obyektlarni yagona energetika tizimiga töliq integratsiya qiliş böyiça yakuniy işlar davom etmoqda.