Oltin medallar
Para pauerlifting boʻyicha Aqidaxon Axtamova ayollar oʻrtasida 55 kilogramm vazn toifasida 128 kilogramm ogʻirlikni koʻtarib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. U Para Osiyo oʻyinlari rekordini ham oʻrnatdi. Xitoy vakili 117 kilogramm natija bilan ikkinchi, Tailand sportchisi esa 112 kilogramm bilan uchinchi oʻrinni egalladi.
Para velotrek boʻyicha erkaklar oʻrtasida C5 klassida 4000 metrga yakka taʼqib poygasida Boymurod Yovkochev gʻolib boʻlib, oltin medalga sazovor boʻldi. Azimbek Abdullayev esa mazkur dasturda kumush medalni qoʻlga kiritdi. Bronza medal Birlashgan Arab Amirliklari vakiliga nasib etdi.
Para dzyudo boʻyicha Shohrux Mamedov erkaklar oʻrtasida J1 klassida 81 kilogramm vazn toifasida chempion boʻldi. U hal qiluvchi bellashuvda tojikistonlik raqibini magʻlub etib, Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobini oltin medal bilan boyitdi.
J1 klassida 95 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasi finalida Muhammad Abduqulov Toʻrgʻun Abdiyevni magʻlub etib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Toʻrgʻun Abdiyev esa kumush medal bilan taqdirlandi. Ushbu vazn toifasida bronza medallari Eron va Indoneziya vakillariga nasib etdi.
Ayollar oʻrtasida J2 klassida 60 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Kumushxon Xodjayeva finalda xitoylik raqibasini magʻlub etib, oltin medal sohibi boʻldi.
Para suzish boʻyicha erkaklar oʻrtasida S13 klassida 400 metrga erkin usulda suzish bahslarida Dmitriy Xorlin 4 daqiqa 21,32 soniya natija bilan birinchi oʻrinni egalladi. Yegor Bolotov esa 4 daqiqa 21,94 soniya natija bilan kumush medalni qoʻlga kiritdi. Uchinchi oʻrin Qatar vakiliga nasib etdi.
Kumush medallar
Para yengil atletika boʻyicha Asila Mirzayorova ayollar oʻrtasida T11 klassida 200 metrga yugurish finalida 25,86 soniya natija koʻrsatib, kumush medalni qoʻlga kiritdi. U musobaqada yoʻlboshlovchi yuguruvchi Sardor Baxtiyorov hamrohligida ishtirok etdi.
Yoqutxon Xolbekova F12 klassida nayza uloqtirish bahslarida 32,43 metr natija qayd etib, kumush medal bilan taqdirlandi. Qayd etish joizki, nayza uloqtirish sportchining asosiy ixtisoslashgan yoʻnalishi hisoblanmaydi.
Yorqinbek Odilov F57 klassida disk uloqtirish bahslarida 45,10 metr natija koʻrsatib, kumush medalni qoʻlga kiritdi. Ushbu yoʻnalish ham sportchining asosiy ixtisosligi hisoblanmaydi.
Para pauerlifting boʻyicha Nasiba Toshpoʻlatova ayollar oʻrtasida 50 kilogramm vazn toifasida 123 kilogramm ogʻirlikni koʻtarib, kumush medal sohibi boʻldi.
Bronza medallar
Para yengil atletika boʻyicha Anjelina Kolesnikova F44/F64 klassida disk uloqtirish bahslarida 30,10 metr natija bilan bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Diyorbek Umarov F12 klassida yadro uloqtirish finalida 12,54 metr natija koʻrsatib, uchinchi oʻrinni egalladi.
Sodiqjon Mamadiyev T37 klassida uzunlikka sakrash bahslarida 5,69 metr natija bilan bronza medaliga sazovor boʻldi.
Para dzyudo boʻyicha Otabek Irisbekov erkaklar oʻrtasida J2 klassida 81 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida bronza medalini qoʻlga kiritdi. U uchinchi oʻrin uchun kechgan bellashuvda moʻgʻulistonlik raqibini magʻlub etdi.
Oʻzbekistonlik parasportchilar bugun para yengil atletika, para velotrek, para dzyudo, para suzish, para taekvondo, para oʻq otish, para pauerlifting va bochcha boʻyicha bahslarda ishtirok etmoqda. Musobaqalar davom etmoqda.