Soʻnggi yillarda davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni isloh qilish, ularda korporativ boshqaruv va hisobotning xalqaro standartlarini joriy etish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda Milliy investitsiya jamgʻarmasi faoliyatining yoʻlga qoʻyilgani va uning boshqaruviga “Franklin Templeton” kompaniyasi jalb etilgani muhim qadam boʻldi.
Oʻtgan oyda Milliy investitsiya jamgʻarmasi ilk bor xalqaro bozorda 690 million dollarlik aktivlarni joylashtirdi. Bu orqali Oʻzbekiston global kapital bozori qoidalari asosida ishlashga tayyor ekani haqida muhim signal berildi. Joylashtirish jarayonida talab taklifdan 4 barobar yuqori boʻlib, yirik investorlar tomonidan qariyb 3 milliard dollarlik buyurtmalar berildi.
Endi jamgʻarma portfelidagi 13 ta yirik kompaniyada transformatsiya jarayonlarini tezlashtirib, ularni IPOga tayyorlash vazifasi turibdi. Jumladan, “Uzbekistan Airways”, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Oʻzbekgidroenergo”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Oʻzbektelekom” boʻyicha ishlarni shu yilning oʻzida yakunlanishi maqsad qilingan.
Taqdimotda “Uzbekistan Airways” AJ misolida mazkur jarayonlarni tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.
“Franklin Templeton” vakillari tomonidan milliy aviakompaniyaning faoliyati diagnostikadan oʻtkazilib, 115 ta chora-tadbirdan iborat transformatsiya dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dastur toʻliq amalga oshirilsa, kompaniyaning operatsion daromadlarini bir yilda 120 million dollarga oshirish imkoni borligi hisob-kitob qilingan.
Jumladan, marshrutlarni optimallashtirish, toʻgʻridan-toʻgʻri sotuvlarni oshirish va mijozlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, parvozlar orasidagi vaqtni qisqartirish, reyslarni bekor qilish holatlari va kechikishlarni kamaytirish, keytering va texnik xizmat koʻrsatish kabi tizim korxonalari samaradorligini oshirish, bozordagi vaziyatga tezkor moslashish va malakali mutaxassislarni jalb qilish hisobidan qoʻshimcha daromad olish mumkinligi qayd etildi.
Bu choralar natijasida aviakompaniyaning bozor qiymatini 1,6 milliard dollardan 2,3 milliard dollargacha oshirish imkoni mavjud. Shu bilan birga, dastur ishlab chiqilganiga bir necha oy boʻlganiga qaramay, uni amalga oshirish ishlari sust borayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari kompaniyani xalqaro kapital bozoriga tayyorlash uchun, avvalo, boshqaruv sifatini tubdan oshirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash, hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritish va kredit reytingini yaxshilash zarurligini taʼkidladi.
Yil yakunigacha milliy aviakompaniyaning 15-20 foiz aksiyasini xalqaro IPO orqali sotish maqsad qilingan. Buning uchun kompaniya faoliyatini xolis baholash, uning investitsion jozibadorligini oshirish, maxsus havo kemalarini kompaniya balansidan chiqarish, davlat buyurtmasi asosida bajarilgan xizmatlarni qoplash mexanizmini joriy etish boʻyicha amaliy choralar koʻrilishi belgilandi.
Taqdimotda turizm sohasidagi yuqori oʻsish surʼatlari aviakompaniya oldiga yangi talablar qoʻyayotgani ham qayd etildi. Yil boshidan mamlakatimizga kelgan turistlar soni 27,5 foizga oshib, qariyb 5,5 million nafarga yetdi. Ayniqsa, Xitoy, Malayziya, Yaponiya va AQShdan kelayotgan sayyohlar soni sezilarli koʻpaygan.
Ayni paytda milliy aviakompaniya bu oʻsishga yetarlicha tez moslasha olmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Samolyotlar parkini kengaytirish ishlarida kechikishlar mavjud.
Shu bois, aviakompaniyada xaridlar tizimini alohida tartib asosida tashkil etish, samolyotlar parkini kengaytirish boʻyicha qarorlarni tezkor qabul qilish va bu jarayonlarda xalqaro amaliyotni joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Prezidentimiz Toshkentni Markaziy Osiyoning yirik aviaxabiga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi. Buning uchun “Uzbekistan Airways”, “Uzbekistan Airports” va “Yangi Toshkent” aeroporti oʻrtasidagi hamkorlikni yagona tizim asosida muvofiqlashtirish, infratuzilma, yoʻnalishlar va tranzit tarmogʻini oʻzaro bogʻliq holda rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga Milliy investitsiya jamgʻarmasi portfelidagi korxonalar transformatsiyasini tizimli tashkil etish uchun alohida loyiha ofisini ishga tushirish, kompaniyalar boshqaruv organlariga xalqaro moliya bozorlari talablarini yaxshi biladigan, amaliy tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish, har bir korxona boʻyicha IPOga tayyorgarlikning aniq grafigini ishlab chiqish va ijrosini qatʼiy nazorat qilish topshirildi.