Hujjat bilan ulushli qurilish sohasi alohida qonun bilan tartibga solinib, fuqarolar mablag‘ini himoya qilishning huquqiy va moliyaviy kafolatlari joriy etilmoqda.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda mamlakatda qurilish hajmi kengayib, ko‘p kvartirali uylar barpo etilmoqda. Biroq ayrim obyektlar belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilmayotgani hamda ulushli qurilish munosabatlari yagona qonun bilan tartibga solinmagani sababli ayrim fuqarolar uy-joy xarid qilish jarayonida muammolarga duch kelmoqda.

Qonun loyihasi ana shu muammolarni bartaraf etish, ulushli qurilish ishtirokchilari huquq va majburiyatlarini aniq belgilash hamda fuqarolar manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.

Hujjatga ko‘ra, endi fuqarolarning ulushli qurilishga kiritadigan mablag‘lari to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchi ixtiyoriga berilmaydi. Ushbu mablag‘lar banklarda ochiladigan eskrou hisobvarag‘ida saqlanadi va qurilish belgilangan talablar asosida yakunlanib, obyekt foydalanishga topshirilganidan keyingina quruvchiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, quruvchi (developer) faqat qonunda belgilangan talablarga javob bergan, Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan, vakolatli bank bilan bosh bitim tuzgan hamda loyiha deklaratsiyasini e’lon qilgan taqdirdagina aholi mablag‘larini jalb qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Loyihada ulushli ishtirok etish shartnomasini notarial tasdiqlash va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiy etib belgilanmoqda. Bu bir obyektning takroran sotilishi, soxta yoki noqonuniy shartnomalar tuzilishi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasiga muvofiq, agar quruvchi qonun talablarini buzgan holda fuqarolar mablag‘larini jalb qilsa, ulushdor o‘z mablag‘ini qaytarishni hamda ushbu mablag‘dan foydalanilgan davr uchun foiz to‘lanishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Agar bu talab o‘z vaqtida bajarilmasa, fuqaro sudga murojaat qilishi mumkin.

Shu bilan birga, qurilish jarayoni to‘xtab qolishining oldini olish uchun zarur hollarda vakolatli bank yoki quruvchini almashtirish, qurilishning uzluksiz moliyalashtirilishini ta’minlashga qaratilgan moliyaviy mexanizmlar ham joriy etilmoqda.

Yana bir muhim yangilik — ulushli qurilishga oid barcha ma’lumotlar Yagona axborot tizimida joylashtiriladi. Bu orqali fuqarolar quruvchi kompaniya, qurilish obyektI va loyihaning amalga oshirilishi haqidagi muhim ma’lumotlar bilan ochiq tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, qonunchilik talablarini buzgan holda ulushli qurilishni amalga oshirganlik uchun javobgarlik choralari ham nazarda tutilmoqda.

Qonun tashabbuskorlariga ko‘ra, mazkur normalar fuqarolarning uy-joy qurilishiga kiritgan mablag‘larini huquqiy va moliyaviy jihatdan ishonchli himoya qilish, qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlash hamda aldanib qolish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.