Uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
«Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning eng ezgu, samimiy tilaklarini yetkazdim», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva oʻzining Telegram-kanalida.
Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston va Turkiyani doʻstlik hamda yaqin hamkorlik rishtalari bogʻlab turadi. Muloqot chogʻida birgalikdagi saʼy-harakatlar natijalari va mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilingan.
Saida Mirziyoyeva Turkiya Prezidentiga samimiy qabul, Oʻzbekistonga qaratilayotgan alohida eʼtibor hamda qardosh xalqlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni qoʻllab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirgan.