Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.

Maʼlum qilinishicha, aholi salomatligini muhofaza qilish va sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish maqsadida DXX xodimlari bojxona organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar oʻtkazgan.

Xususan, Fargʻona shahrida 1987 yilda tugʻilgan fuqaro “Gazel” rusumli yuk avtomashinasida olib kelingan umumiy qiymati 778 million soʻmlik 38 turdagi 45 960 dona dori vositasini yashash xonadoniga tushirayotgan vaqtida toʻxtatilgan.

Shuningdek, uning xonadoni koʻzdan kechirilganda meʼyoriy talablariga zid ravishda saqlanayotgan qiymati 468 million soʻmlik yana 25 turdagi 16 535 dona dori vositasi aniqlangan.

Shunga oʻxshash holat Namangan viloyatida ham fosh etildi. Tezkor tadbir davomida Namangan shahrida yashovchi ikki nafar fuqaro oʻz uyida hamda Davlatobod tumanidagi noturar binoda xorijda ishlab chiqarilgan, mamlakatga noqonuniy olib kirilgan dori vositalarini saqlab kelgani maʼlum boʻldi.

Koʻzdan kechirish jarayonida ushbu uchta manzildan taxminiy qiymati 1 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan 453 turdagi 32 528 quti dori vositasi tegishli tartibda olib qoʻyildi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.