Urugʻning “tarbiyasi” muhim

Qishloq xoʻjaligidagi samara har doim ham qimmat texnika, preparat yoki yangi nav bor-yoʻqligi bilan belgilanmaydi. Baʼzan u fermer qoʻliga tushadigan bir dona yaxshi tayyorlangan va “tarbiyalangan”, oʻsishga ishtiyoqi baland urugʻdan kelib chiqadi. Yaxshi genetika “hardware” boʻlsa, uning imkoniyatini toʻgʻri ishga tushiradigan saqlash va agrotexnika “software”ga oʻxshaydi. Oʻzbekiston bugʻdoychiligida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar ham barchamizga, kengroq aytsak, dunyo dehqonchiligiga shu oddiy haqiqatni yana bir bor koʻrsatdi. Biz koʻp yillar davomida navni, oʻgʻitni, suvni, ekish muddatini, kasallik va zararkunandani oʻrgandik. Ammo urugʻning oʻzi dalaga tushguncha qanday fiziologik holatda ekaniga yetarlicha eʼtibor qaratmasdik. Urugʻni ekishdan oldin toʻgʻri sharoitda saqlash orqali keyingi butun vegetatsiya jarayoniga taʼsir qilish mumkinligini bilsak-da, amalda bu imkoniyatga koʻpincha yetarlicha ahamiyat bermay kelardik. Bu haqiqatdan ham muhimmi?

Ana shu savoldan epigenetik bilimga asoslangan dehqonchilik deb atayotgan yondashuvimiz shakllana boshladi. Bu atama fermer uchun noodatiy eshitilishi mumkin, lekin mantigʻi sodda. DNK urugʻning alifbosi boʻlsa, fiziologik va epigenetik boshqaruv shu alifboning qachon va qanday “oʻqilishi”ga taʼsir qiladi. Urugʻning yoshi, namligi, u koʻrgan harorat, saqlash sharoiti, fiziologik holati va keyingi muhit uning qachon va qay tarzda unib chiqishiga, ildiz otishiga, oʻsishiga va pishishiga taʼsir qiladi. Bugungi genomika va pangenomika davrida zamonaviy biologiya bunday holatlarni genetik, gormonal, metabolik va epigenetik boshqaruv orqali birgalikda amalga oshishini koʻrsatmoqda.

Zamonaviy qishloq xoʻjaligida bugungi maqsad anʼanaga aylanib ketgan laboratoriyalardagi chiroyli natijalar yoki mexanizm haqida gapirishning oʻzi emas. Bugungi global muammolar sharoitida, bir qarashda murakkab boʻlgan yoki eʼtibordan chetda qolgan bilimlarni arzon, oddiy va katta maydonda ishlaydigan agrotexnologiyaga aylantirish asosiy vazifalardan biriga aylandi, desak toʻgʻri boʻladi.

Urugʻ oddiy ekish materiali emas

Dehqon urugʻni yerga ekkanda, uning ortida urugʻning shakllanish tarixi bilan chambarchas bogʻliq juda murakkab biologik jarayon turadi. Urugʻ ona oʻsimlikda qanday shakllangani, qay darajada pishgani, qancha namlikda saqlangani, omborda qanday va qancha vaqt tinim davrini oʻtkazgani uning keyingi kuchiga taʼsir qiladi. Shuning uchun urugʻ tashqi koʻrinishda “quruq va harakatsiz” boʻlsa ham, uning ham uygʻonish vaqti, ichki ritmi va tayyorgarlik holati bor.

Ilmda bu “urugʻ kuchi” degan tushuncha bilan yaxshi maʼlum. Kuchli urugʻ tezroq va bir tekis unib chiqadi, dalada dastlabki koʻchat qalinligini yaxshiroq taʼminlaydi va keyingi agrotexnik tadbirlarga bir xil holatda kiradi. Bugʻdoyda esa urugʻ tinim davri, unish va haroratga javob genetik, gormonal, metabolik va epigenetik boshqaruv bilan bogʻliq. Demak, seleksiya navning DNKsini yaratadi, lekin fermerga yetib borguncha oʻsha genetik imkoniyatning qay darajada namoyon boʻlishiga urugʻning fiziologik holati ham taʼsir qiladi.

Shu yerda bizda yangi fikr paydo boʻldi. Agar navni almashtirmasdan, genni oʻzgartirmasdan, urugʻning ekishdan oldingi holatini biologik bilim asosida boshqarsak-chi? Agar fermer dalasiga tushadigan urugʻni shunday tayyorlasakki, u mavsumni sergak, tezroq va bir tekis boshlasin, bu mumkinmi? Epigenetik bilimga asoslangan dehqonchilik konsepsiyasining amaliy savoli aynan shu boʻldi.

Gʻoyadan amaliyotga: quruq urugʻni sovuq sharoitda tinim davridan oʻtkazish (konditsiyalash)

Oʻzbekistonda sinovdan oʻtkazilgan amaliyotning mohiyati quruq urugʻni 2 oygacha nazorat qilingan sharoitda sovuqda saqlashdan iborat. 2025-yilda bu yoʻnalish pilot tartibda boshlandi. Keyin amaliyot huquqiy jihatdan tartibga solinib, Qishloq xoʻjaligi vazirligining 2025-yil 7-avgustdagi 35-son buyrugʻi Adliya vazirligida 3675-son bilan roʻyxatdan oʻtkazildi.

Hujjatda amaliyot “yarovizatsiya” atamasi bilan yuritiladi, keyingi oʻrinlarda uni dastur deb ataymiz. Biroq bu yerda klassik maʼnodagi namlangan urugʻni sovuqda ushlash emas, balki tayyorlangan, ishlov berilgan va qadoqlangan quruq urugʻni nazorat qilingan namlikda sovuq omborda saqlash nazarda tutiladi. Dastur paketi urugʻ namligini 14 foizdan oshirmaslik, uni +1 dan +5 darajagacha boʻlgan haroratda 45–60 kun saqlash va sifat nazoratini hujjatlashtirishni qamrab oladi. Sovuq urugʻning ekishgacha boʻlgan holatini – tinim davrini boshqarishdagi nazorat qilinadigan sharoitdir. Dastur faqat haroratdan iborat emas. U urugʻni tayyorlash, ishlov berish, namlikni nazorat qilish, qadoqlash, sovuqda saqlash va sifat tekshiruvlaridan iborat yagona texnologik paket. Ilmiy tahlil ham aynan shu paketning daladagi natijasiga tayanadi.

973 gektardan 685 ming gektarga

2025-yilda dastur atigi 973 gektarda sinovdan oʻtkazildi. Bir yildan keyin, 2026-yil hosili uchun u 685 065 gektargacha kengaydi. Bu respublikadagi sugʻoriladigan bugʻdoy maydonining 72,3 foiziga teng. Bir mavsum ichida 0,1 foizlik pilotdan 72 foizdan ortiq maydonga chiqish qishloq xoʻjaligida juda kam uchraydigan masshtablash surʼatidir.

Albatta, maydonni kengaytirishning oʻzi natija emas. Har qanday texnologiyani tez tarqatish mumkin, lekin fermer uchun muhimi uning samarasidir. Shuning uchun yangi tadqiqotda biz dasturning “qancha gektarga chiqqani” bilan cheklanmadik. Bir yilning oʻzida, bir xil hududda, bir xil nomdagi nav va bir xil nav sinfi boʻyicha dastur urugʻi bilan anʼanaviy saqlangan urugʻni toʻgʻridan-toʻgʻri qiyosiy oʻrgandik.

2026-yilda oʻnta hududda 92 ta aniq mos nav-hudud juftligi topildi; ular milliy dastur maydonining 65,2 foizini qamrab oldi. Eng muhimi, barcha 92 taqqoslashda ham dasturdagi ijobiy farq anʼanaviy maydonga nisbatan aniq koʻrindi. Keling, natijalarga alohida toʻxtalaylik.

Oddiy qilib aytganda, bir xil navni bir xil hududda solishtirganda, dastur maydonlarida hosil gektariga qariyb bir tonna yuqori boʻldi. 2026-yilda dastur qamrovi hududlar boʻyicha 45,6 foizdan 100 foizgacha yetdi. Andijon, Buxoro va Xorazmda qayd etilgan maydonlar toʻliq dasturga oʻtgan boʻlsa, boshqa hududlarda anʼanaviy va dastur urugʻi yonma-yon mavjud boʻldi. Ana shu aralash hududlar bizga toʻgʻridan-toʻgʻri taqqoslash imkonini berdi.

Eng adolatli taqqoslash: bir xil navni oʻzi bilan solishtirish

Katta milliy maʼlumotda bir xavf doimo bor: yaxshi nav bir hududga, boshqa nav boshqa hududga ekiladi, suv va tuproq farq qiladi, keyin raqamlarni taqqoslab, sababni texnologiyaga yozib qoʻyish oson. Shuning uchun, 2026-yilda bir xil bugʻdoy navi, bir xil nav sinfi va bir xil hududda ham dastur urugʻi, ham anʼanaviy saqlangan urugʻ mavjud boʻlgan holatlarni alohida saralab tahlil qildik. Shunday 92 ta aniq mos juft oʻnta hududdan topildi. Bu juftlar 446 746 gektar dastur maydonini, yaʼni milliy dasturning 65,2 foizini qamrab oldi.

Natija juda ravshan chiqdi: 92 ta juftning 92 tasida ham dastur qoʻllanilgan maydonlarda ijobiy farqlarni kuzatdik. Oddiy oʻrtacha farq gektariga 0,90 tonna, maydon bilan vaznlangan farq 0,94 tonna boʻldi. Turli statistik tekshiruvlar va bir hududni navbatma-navbat chiqarib qayta hisoblashda ham ijobiy yoʻnalish saqlandi.

Farq hosil yigʻimidan emas, unib chiqishdan boshlandi

Biz uchun yanada qizigʻi farq bugʻdoyni unib chiqishdayoq paydo boʻlyaptimi degan savol boʻldi. Buni aniqlash uchun 2026-yilda 154 tuman, 35 875 ta fermer xoʻjaligi va 947 110 gektar maydonni qamrab olgan alohida monitoring tashkil qilindi. Ularning 106 ta tumanida ham dastur urugʻi, ham anʼanaviy urugʻ mavjud boʻlgani uchun bevosita juft taqqoslash mumkin boʻldi.

Ijobiy natija oʻsimlik hayotining boshidanoq koʻrina boshladi. Dastur maydonlari 75 foiz unib chiqish bosqichiga oʻrtacha 2,59 kun ertaroq yetdi. Dastlabki koʻchat qalinligi 39,1 foiz yuqori boʻldi. Keyin bu katta farq tabiiy ravishda qisqardi, chunki bugʻdoy tuplanish jarayonida oʻz zichligini qisman kompensatsiya qiladi. Shunga qaramay, hosildor poyalar soni oxirgi bosqichda ham 9,6 foiz yuqori boʻlib qoldi.

Fenologik rivojlanish ham oldinga siljiganini kuzatdik. Tuplanish oʻrtacha 3,68 kun, naychalash 3,24 kun, boshoqlash 3,10 kun, toʻliq pishish esa 3,64 kun ertaroq kuzatildi. 106 ta juft tumanning 104 tasida toʻliq pishish ertaroq boʻldi, bittasida bir xil kunda, bittasida esa kechroq qayd etildi.

Bu yerda “uch kun nima qiladi?” degan savol tugʻilishi mumkin. Issiq va suv tanqisligi kuchayib borayotgan mintaqada uch-toʻrt kun baʼzan juda qimmatli agronomik vaqt. Ertaroq unib chiqish oʻsimlikka ildiz tizimini tezroq shakllantirish imkonini beradi. Ertaroq boshoqlash va pishish esa bahor oxiri va yoz boshidagi yuqori haroratlardan qochish, suvni tejash va yigʻim-terimni muvofiqlashtirish uchun qoʻshimcha vaqt imkoniyatidir.

Oʻzbekiston bugʻdoychiligida dehqonchilik ekotizimi ham oʻzgargan

Bu yerda yana bir muhim haqiqatni ochiq aytish kerakki, Oʻzbekiston bugʻdoychiligi soʻnggi oʻn bir yilda nav almashinuvi, agrotexnika, suv boshqaruvi, urugʻchilik, moliyalashtirish, bozor mexanizmlari va fermer bilimlarining birgalikda oʻzgarishi fonida oʻsdi.

2016-yilda sugʻoriladigan bugʻdoy maydoni 1 million 132 ming gektardan ortiq edi. 2026-yilda u 947 ming gektarga tushdi, yaʼni maydon 16,4 foiz qisqardi. Ammo shu davrda vaznlangan oʻrtacha hosildorlik gektariga 5,64 tonnadan 9,78 tonnaga koʻtarildi. Oʻsish 73,4 foizni tashkil etdi. Maydon kamaygan boʻlsa-da, hisoblangan umumiy ishlab chiqarish 6,39 million tonnadan 9,26 million tonnaga, yaʼni 45 foizga oshdi. Demak, agar genetika, agronomiya, suv, urugʻ, bozor va fermer qarorlari bir tizimda ishlasa, kamroq maydondan koʻproq mahsulot olish mumkin.

Epigenetik bilimga asoslangan dehqonchilik degani nima?

“Epigenetika” degan soʻzni eshitganda koʻpchilik laboratoriya, DNK metillanishi yoki murakkab molekulyar tahlilni tasavvur qiladi. Bu toʻgʻri, lekin dehqonchilik nuqtayi nazaridan uning mantigʻi kengroq. Bir xil genomga ega urugʻlar ham turli fiziologik holatda boʻlishi mumkin. Urugʻ namligi, harorat, saqlash muddati, fiziologik yoshi va keyingi muhit uning unish surʼati va rivojlanish yoʻlini oʻzgartiradi. Ilmiy adabiyotlarda urugʻning tinim davri va unishi gormonlar, metabolizm va epigenetik boshqaruv bilan bogʻliq ekani yaxshi maʼlum.

Shu bilimlardan kelib chiqib, biz “epigenetik bilimga asoslangan dehqonchilik” deganda DNKni oʻzgartirmasdan, oʻsimlikning fiziologik va regulyator holatini tushunib, uni agronomik qarorga aylantirishni nazarda tutmoqdamiz. Quruq urugʻni sovuq sharoitda konditsiyalash ana shu fikrdan tugʻilgan amaliy misollardan biri. Fan uchun esa bu amaliyotda kuzatilgan ijobiy natijalarning biologik mexanizmlarni ochib berish vazifasini qoʻyadi.

Nega texnologiya bir yilda shuncha tez kengaydi?

Qishloq xoʻjaligida yaxshi gʻoyaning oʻzi yetarli emas. U fermerga yetib bormasa, logistikasi ishlamasa, ombori boʻlmasa, kredit va bozor ragʻbati mos kelmasa, yaxshi texnologiya laboratoriya yoki pilot xoʻjalikda qolib ketadi.

Bu dasturning 973 gektardan 685 ming gektarga bir yilda kengayishi faqat urugʻ fiziologiyasi bilan tushuntirilmaydi. Sovuq ombor infratuzilmasi, urugʻ tayyorlash va sifat nazorati, hududiy agronomlar va bilim tarqatish tizimi, fermerlarning ishtirok etishi, bozor asosidagi bugʻdoy savdosi, imtiyozli kredit, qishloq xoʻjaligi tavakkalchiligini sugʻurtalash, suv tejamkor texnologiyalarga qoʻllab-quvvatlash va raqamli hosil monitoringi bir-birini toʻldirdi. Biologik bilim fermerga foyda berishi uchun u amaliy tashkiliy tizimga aylanishi kerak.

Bu tajribani boshqa mamlakatga koʻchirish mumkinmi?

Albatta mumkin va zarur. Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaning koʻplab hududlarida fermerlar issiqlik, suv tanqisligi, qisqa agrotexnik muddat, urugʻ sifati va moliyaviy cheklovlar bilan ishlaydi. Ularga har doim eng qimmat texnologiya kerak emas. Baʼzan mavjud biologik bilimni mahalliy resursga mos qilib soddalashtirish katta natija berishi mumkin.

Lekin Oʻzbekistondagi 45–60 kunlik, +1 dan +5 darajagacha boʻlgan rejimni olib, boshqa davlatga aynan koʻchirish toʻgʻri yondashuv emas. Navlar boshqa, iqlim boshqa, urugʻ namligi, ombor infratuzilmasi, ekish muddati va fermer imkoniyati boshqa boʻladi. Shuning uchun eksport qilinadigan narsa raqam emas, mantiqdir. Bu mantiqni toʻgʻri qoʻllash uchun avvalo mahalliy navlar biologiyasini va muammolarini tushunib olish lozim. Kyeyin oddiy va arzon texnologik yechim yaratish, uni kichik pilotda sinab koʻrish, fermerga natijani koʻrsatib, uning ishonchini qozonish,  sifat standartlarini belgilab, infratuzilma va moliya bilan qoʻllab-quvvatlash asosiy nishon boʻlishi kerak. Shundan keyingina amaliyotni keng joriy qilishga erishish mumkin.

Boshqa mamlakatda sovuq ombor bor boʻlsa, boshqa rejim ishlashi mumkin. Sovuq infratuzilma cheklangan boʻlsa, urugʻ fiziologiyasini boshqarishning boshqa usuli kerak boʻlishi mumkin. Muhimi, epigenetik va fiziologik bilimni mahalliy dehqonchilik ekotizimiga moslashtirishdir.

Fermer uchun bu nima beradi?

Fermer ilmiy jadval va statistik formulalarni koʻtarib dalaga chiqmaydi. Fermer uchun urugʻ tez va bir tekis unishi, dalada sogʻlom va bir tekis koʻchat shakllanishi, oʻsimlik oʻz vaqtida rivojlanishi, issiq va noqulay ob-havoga qolmay pishishi va omborga qancha don kirishi muhim.

2026-yilgi maʼlumotlarda dastur aynan shu zanjirning bir nechta halqasida ijobiy signal koʻrsatdi. Yaʼni,  ertaroq unib chiqish, dastlabki qalinroq tup, ertaroq tuplanish va boshoqlash, ertaroq toʻliq pishish, koʻproq hosildor poya va bir xil nav-hudud taqqoslashlarida gektariga qariyb 0,9 tonna yuqori hosil bilan bogʻliq natija kuzatildi. Fermer koʻzi bilan koʻrdi va ishonch hosil qildi. Bu katta yutuq boʻldi desak toʻgʻri boʻladi. Bu raqamlarni kafolat sifatida emas, Oʻzbekistonning 2026-yilgi real dehqonchilik tizimida kuzatilgan natija sifatida tushunish kerak. Har bir fermerning yeri, suvi, navi va agrotexnikasi boshqacha. Lekin biz toʻplagan va tahlil qilgan katta maʼlumotning kuchli tomoni ham shunda: natija bitta tajriba stansiyasida emas, oʻnlab ming fermer ishlaydigan turli sharoitlarda kuzatildi.

Oziq-ovqat xavfsizligida yangi fikrlash

Bugʻdoy oddiy ekin emas. U non, oziq-ovqat xavfsizligi va milliy barqarorlik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq. Shuning uchun bu sohada innovatsiyani faqat gektardan olinadigan tonna bilan baholash kamlik qiladi. Bizga suvdan, yerdan, urugʻdan, vaqtdan va fermer mablagʻidan samarali foydalanish kerak.

Oʻzbekistonning 2016–2026-yillardagi trayektoriyasi sugʻoriladigan bugʻdoy maydoni qisqargan bir vaqtda umumiy don ishlab chiqarish oʻsganini koʻrsatdi. Bu muhim va bu qishloq xoʻjaligini kengaytirish emas, uni aqlli intensivlashtirish mantigʻiga yaqinlashishdir. Epigenetik bilimga asoslangan dehqonchilikni ham shu katta tizimning bir qismi deb koʻrish lozim. U yangi navning oʻrnini bosmaydi, suvni tejashni almashtirmaydi, oʻgʻit yoki agrotexnik intizomni bekor qilmaydi. Aksincha, urugʻdan boshlab barcha halqalarni bir-biriga moslashtirishga yordam beradi.

Qishloq xoʻjaligining yangi davri, ehtimol, faqat yangi gen yoki yangi nav bilan belgilanmaydi. Oʻsimlik yura olmaydi, lekin muhitni “oʻqiydi”: harorat, namlik, nur va saqlash sharoiti uning rivojlanishiga signal beradi. Yangi davr shu ichki holatni tushunish, fermer dalasidagi natijani oʻlchash va biologik bilimni boshqaruv qarorlari bilan birlashtirishdan shakllanadi. Bekorga ota-bobolarimiz dehqonchilikni asl siri “dalada ekin bilan soʻzlashish” ekanligini aytishmagan ekanda. Bu maʼnaviy qarash bugungi pangenomika davrida yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda desak eng toʻgʻri xulosa boʻladi.

2027-yil hosili bugundan boshlanadi: navbat yangi agrotexnik “software”ga

Endi fermer uchun eng amaliy savol shu: bu yilgi natijadan keyin nima qilamiz? 2027-yil hosili uchun kuzgi bugʻdoy ekish mavsumi boshlanmoqda. Hududga qarab ekish sentyabrdan noyabrgacha davom etadi. 2026-yil tajribasi urugʻni ekishgacha toʻgʻri tayyorlash katta ahamiyatga ega ekanini koʻrsatdi. Endi shu bilimni keyingi bosqichga olib chiqishimiz kerak. Yaʼni yarovizatsichlangan, sifatli urugʻni dalaga toʻgʻri muddatda, maqbul zichlikda va butun mavsum davomida yagona agrotexnik tizim asosida kiritish zarur.

Shu maqsadda yangi amaliy qoʻllanmadagi eng muhim yangiliklardan biri maysa qalinligini boshqarishga qaratilgan ekish “software”idir. Sugʻoriladigan ochiq maydonlarda zamonaviy don seyalkalari bilan gektariga 450–500 kg, gʻoʻza qator oralarida esa 400–550 kg atrofida sifatli va sertifikatlangan urugʻ ekish tavsiya etilmoqda. Lekin maqsad faqat kilogrammni koʻpaytirish emas. Asosiy maqsad dalada bir tekis maysa va gektariga taxminan 8,5–9 million sogʻlom mahsuldor poya shakllantirishdir. 2026-yilgi amaliy kuzatuvlarimizda yuqori urugʻ meʼyori va toʻgʻri agrotexnika birga qoʻllangan ayrim maydonlarda hosildorlik 10 t/ga atrofiga yetdi. Bu har bir dala uchun kafolat emas, balki nav, unuvchanlik, tuproq, ekish muddati, suv va parvarish bilan birga boshqarilishi kerak boʻlgan yangi zichlik yondashuvining imkoniyatini koʻrsatadi.

Ikkinchi yoʻnalish oziqlantirish va stressni boshqarish “software”ini aniqlashtirishdir. Muvozanatli NPK bilan birga bor va boshqa mikroelementlar, kremniy asosidagi vositalar, atsetilsalitsil kislotasi, xamirturush asosidagi biologik yondashuvlar kabi qoʻshimcha yechimlar oʻsimlikning haqiqiy holati va rivojlanish bosqichiga qarab qoʻllanishi kerak. Yotib qolish xavfi yuqori boʻlgan serhosil va qalin maydonlarda etefon ham faqat bugʻdoy uchun davlat roʻyxatidan oʻtgan tayyor preparat, yorliq koʻrsatmasi va toʻgʻri rivojlanish fazasiga qatʼiy amal qilingan holda qoʻllanishi mumkin. Bu vositalarning birortasi “moʻjizaviy” yechim emas va ularni har bir maydonda bir xil qoʻllash toʻgʻri emas.

Shuning uchun bu kuzda fermerlarimizga murojaatimiz oddiy: urugʻdan boshlangan “tarbiya”ni dalada uzib qoʻymang. Qoʻllanmadagi barcha qoidalarni bir-biriga bogʻlangan texnologik zanjir sifatida bajaring, maysa qalinligini oʻlchang, suv va oziqani oʻsimlik holatiga qarab boshqaring, har bir yangi ishlovni kichik nazorat maydonida taqqoslab koʻring va natijani dala jurnaliga yozib boring. Yaxshi nav “hardware” boʻlsa, 2027-yil hosilini ochadigan yangi “software” aynan shu intizomli va oʻlchanadigan agrotexnika boʻladi.

Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligidagi yangi davr xulosasi

Research Square platformasida eʼlon qilingan yangi preprintimizda biz Oʻzbekiston bugʻdoychiligining oʻn bir yillik milliy maʼlumotlarini, 2026-yilgi aniq mos nav-hudud taqqoslashlarini va 154 tumandagi dala monitoringini birlashtirdik. Tahlillarimiz yarovizatsiya dasturi bilan bogʻliq hosil farqini, dala monitoringi esa farqning oʻsimlik hayoti davomida qanday shakllanayotganini koʻrsatdi.

Eng muhim natija 973 gektarlik pilotning bir yilda 685 ming gektardan ortiq maydonga chiqishi ilm bilan boshqaruv bir-biriga yaqinlashganda qanday natija berishini anglab olish boʻldi. Bir xil nav va hududlardagi 92 ta taqqoslashning barchasi ijobiy boʻlishi, 106 ta tumanda unib chiqish va fenologiyaning deyarli bir yoʻnalishda oʻzgarishi esa bu natijani jiddiy oʻrganishga arziydigan real agronomik bilimga aylantiradi. Bu bilim olimlarimizni ushbu ijobiy agronomik signallarni chuqur DNK darajasida tahlil qilishga undamoqda. Ammo fundamental biologik bilimni fermer amaliyotiga moslashtirish va natijani milliy masshtabda oʻlchash mumkinligi allaqachon ayon boʻldi va bu manfaat keltira boshladi.

Epigenetik bilimga asoslangan dehqonchilikning biz koʻrayotgan kelajagi shu: laboratoriyadagi bilimni fermer dalasiga tushirish, urugʻdan boshlab oʻsimlik hayotini yaxshiroq tushunish va mavjud genetik “hardware” imkoniyatini toʻgʻri agrotexnik “software” orqali toʻliqroq ochish. Yangi davrning muhim boshlanish nuqtalaridan biri urugʻni toʻgʻri “tarbiyalash” va tayyorlashdir.

Ibrohim Abdurahmonov,

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri, akademik
Manba: https://www.researchsquare.com/article/rs-10823700/v1