Örxun-Enasoy bitiktoşlaridan tortib, Koşğariy luğati, Navoiyning badiiy dahosi va ötgan asr boşida yaşagan jadid bobolarimiz Behbudiy, Fitratlarning jonkuyarliklariga qadar tarixiy yölga bir nazar taşlaylik. Ayni tarixiy jarayonning tub mohiyatini anglaş uçun, avvalo, özbek tilining xalqaro maydondagi mavqei va nufuzi qançalik şiddat bilan yuksalib borayotganiga eʼtibor qaratiş muddao.
Yaqin ötmişda faqat mintaqa doirasida qöllanilgan ona tilimiz bugun Birlaşgan Millatlar Taşkiloti minbarlarida, yirik sammitlarda, xalqaro diplomatik uçraşuvlarda va dunyoning eng yetakçi ilm-fan markazlarida yangrayapti.
Ona tilimiz jahon böylab şunday quloç yozayotgan, dunyo özbek söziga ehtirom bilan qarayotgan tarixiy şaroitda xalqaro andozalarga mos, texnik va grafik jihatdan mukammal alifboga ega böliş keçiktirib bölmas hayotiy zaruratga aylangandi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik bayramida sözlagan tarixiy nutqida har bir ziyoli, olim va vatanparvar insonning qalbiga çuqur örnaşgan teran bir orzuni taʼkidladi: “Özbek tili raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bölişi lozim”. Mamlakatimiz yetakçisining bu ezgu niyati zamirida XXI asrda millatlar taqdirini hal qiluvçi asosiy haqiqat yotibdi. Bundan bu yoğiga faqat kuçli ilm-fan va sunʼiy intellekt algoritmlari yaratiladigan tillargina yaşovçanlik kasb etadi.
Alifbomiz islohotida masalaning texnologik ildizlariga nazar taşlasak, şu paytgaça köpçilik eʼtiboridan çetda qolgan jiddiy bir muammo körinadi. Bugungi dunyoda axborot oqimi, davlat imiji va mafkuraviy tarğibot, asosan, global ijtimoiy tarmoqlar hamda internet platformalari orqali boşqariladi. Amaldagi alifbomizda esa “ö” va “ğ” harflarini ifodalaş uçun qöllanilgan apostrof xalqaro dasturlaş tillarida va veb-arxitekturada harf sifatida tan olinmaydi. Dasturiy tizimlar uni sözni yakunlovçi tiniş belgisi yoki kodni ajratuvçi maxsus simvol sifatida öqiydi. Oqibatda ijtimoiy tarmoqlarida #Özbekiston, #Ğalaba yoki #Özbegim kabi xeşteglarni yozganimizda, global algoritmlar apostrofga yetgan zahoti sözni qirqib taşlaydi: qidiruv tizimida #O yoki #G harfining özi qolib ketadi. XXI asr axborot maydonida öz Vataning nomini yaxlit xeşteg sifatida yozolmaslik milliy kontent rivoji yölida körinmasdek, ammo öylantiradigan tösiqlardan biri bölib kelayotgan edi. Ikki belgili birikmalar va apostrofli harflarning yaxlitga aylanişi global tarmoqlardagi ana şu “uzilgan xeşteg” muammosiga nuqta qöyadi. Endi özbek tilidagi har bir xeşteg internet domenlarida, giperhavola va dasturlaş kodlarida bölinmasdan işlaydi. Bu ham öziga xos bir yutuq.
Raqamli dunyoning yana bir jabhasi sunʼiy intellekt tizimlari va katta til modellaridir. Hozir dunyoning eng qudratli davlatlari öz milliy tillarini neyron tarmoqlarga singdiriş, şu orqali iqtisodiyot va boşqaruvni avtomatlaştiriş uçun milliardlab dollar sarmoya kirityapti. Zamonaviy sunʼiy intellekt modellari va avtomatik tarjimonlar inson kabi hissiyot bilan emas, matematik “tokenlar” — söz bölaklari orqali fikrlaydi. Tutuq belgisi qatnaşgan özbekça sözlar neyron tarmoqqa kiritilganda, algoritm ularni butun leksik birlik sifatida tuşunmaydi. Aksinça, u apostrof turgan joydan sözni ikki-uç bölakka bölib öqiydi. Bunday sunʼiy böliniş oqibatida kompyuter sözning özagini, grammatik qöşimçani va kontekstdagi maʼnoni aniqlaşda tez-tez adaşadi, özbek tilidagi matnni qayta işlaş uçun xorijiy tillarga qaraganda ikki barobar köp quvvat va xotira sarflanadi. Yaxlit belgili harflarga ötilişi özbek tilini sunʼiy intellekt algoritmlari uçun “toza”, mantiqan tartibli tilga aylantiradi. Natijada mamlakatimizda milliy sunʼiy intellekt loyihalarini yaratiş va öqitiş xarajatlari arzonlaşadi, maşina tarjimasi, ovozli yordamçilar va matnni tahlil qiluvçi intellektual tizimlarning ona tilimizni tuşuniş aniqligi ilğor tillar darajasiga kötariladi. Bu ham “raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til” maqomiga erişişning eng fundamental şarti ölaroq röyobga çiqadi.
Texnologik uyğunlik masalasi faqat internet yoki sunʼiy intellekt bilan çeklanib qolmaydi. U davlat boşqaruv mexanizmlari — “Elektron hukumat” tizimi samaradorligiga ham bevosita taʼsir körsatadi. Ötgan 30 yil mobaynida kompyuter va mobil qurilmalar klaviaturalarida “ö” hamda “ğ” harflarining yagona standarti bölmagani sabab fuqarolar va hatto davlat idoralari xodimlari bu harflarni terişda beş-olti xil belgidan — oddiy tirnoqça, teskari tirnoqça, oçiluvçi va yopiluvçi qöştirnoq bölaklaridan foydalanib keldi. Sirtdan arzimas tuyulgan bu texnik xilma-xillik davlat axborot tizimlarida “apostrof xaosi”ni keltirib çiqardi. Masalan, kadastr, bank, soliq, adliya va içki işlar bazalarida bitta fuqaroning ism-şarifi yoki bitta mahalla nomi turliça kodlangan tirnoqçalar bilan kiritilişi oqibatida maʼlumotlar bazasi baʼzan ularni boşqa-boşqa obyektlar deb qabul qila boşladi. Qidiruv tizimlarida yuzaga kelgan bunday çalkaşliklar idoralararo elektron axborot almaşinuvini sekinlaştirib, odamlar uçun ortiqça ovoragarçiliklarni tuğdirib kelayotgan edi. Yagona klavişli diakritik harflarga ötilişi esa barça maʼlumotlar bazalarini töliq yagona standartga keltiradi, inson omili tufayli yuzaga keladigan imloviy xatoliklarni bartaraf qiladi.
Alifbo islohotining köpçilik xayoliga ham keltirmagan, ammo davlat byudjeti va ekologiyamizga naf beradigan yana bir qirrasi matbaa va noşirlik sanoati bilan boğliq. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga köra, matnda “ş”, “ç”, “ö”, “ğ” kabi ikki belgili harflarning bitta ixçam belgiga qisqarişi har qanday özbekça matnning umumiy hajmini örtaça 8 foizdan 10 foizgaça kamaytiradi. Oddiy raqamdek köringan bu körsatkiçni qariyb 40 million aholiga ega bölgan mamlakat miqyosiga köpaytirib köraylik. Özbekistonda har yili millionlab nusxada darslik, öquv qöllanmalari, yuzlab nomdagi gazeta-jurnal va badiiy adabiyotlar naşr qilinadi. Bundan taşqari, davlat idoralari millionlab sahifali rasmiy hujjatlar va materiallar çop etadi. Har ön sahifali kitob yoki hujjatning heç qanday maʼno yöqotişisiz töqqiz sahifaga joylaşişi mamlakat miqyosida har yili yuzlab tonna qoğoz, böyoq, elektr energiyasi, transport-logistika xarajatlari va bosmaxona uskunalarining amortizatsiya resurslari tejalişini anglatadi. Bu ham mamlakatimizda yuritilayotgan “yaşil iqtisodiyot” siyosatiga qöşilgan bir hissa emasmi? Tarixda kamdan kam islohotlar maʼnaviy-maʼrifiy yuksaliş bilan bir qatorda ana şunday ekologik va makroiqtisodiy tejamkorlikni bera olgan.
Masalaning inson kapitali, xususan, yoş avlodning intellektual rivojlanişi bilan boğliq pedagogik jihati kişini yanada çuqurroq öyga toldiradi. Zamonaviy kognitiv psixologiya va neyrofiziologiya fanlari “bir tovuş — bir harf” tamoyili inson miyasi uçun eng tabiiy tizim ekanini allaqaçon isbotlagan. Amaldagi alifboda esa ilk bor maktabga qadam qöygan 6-7 yoşli öquvçi savod çiqariş jarayonidayoq mantiqiy ziddiyatga duç kelar edi. Bola avval “s” va “h” harfini alohida tovuş sifatida yodlaydi, keyin esa nega şu ikki harf yonma-yon kelganda öz ovozini butunlay yöqotib, umuman boşqa — “ş” tovuşini berişini tuşunişga qiynaladi. “Ç” harfida ham, “ş” va “sʼh” (masalan, “aşob”, “işoq” sözlarida) örtasidagi çalkaşliklarda ham bola miyasi ortiqça yuklama oladi. Har bir tovuşning öz mustaqil va yagona grafik timsolga ega bölişi boşlanğiç sinf öquvçilarining savod çiqariş jarayonini muayyan darajada tezlaştirib, bolada öqiş va yozişga bölgan işonçni mustahkamlaydi.
Tadqiqotlarga köra, savodxon inson matnni öqiyotganida köz qoraçiği harflarni bittalab terib çiqmaydi, qator böylab qisqa sakraşlar — sakkadalar orqali sözlarning yaxlit grafik qiyofasini suratga oladi. Inson közining eng ötkir köriş nuqtasi bölgan foveal maydon bir qaraşda muayyan miqdordagi belgilar majmuasinigina qamrab oladi. Qöş harflarning bitta belgiga qisqarişi natijasida özbek tilidagi sözlar gorizontal yönalişda 10-15 foiz ixçamlaşadi. Natijada öquvçining közi bir marta nigoh taşlaganda avvalgidan köra köproq sözni ilğaydi, köz muşaklari çarçaşi kamayadi va miyaning matnni qayta işlaş tezligi 10-15 foiz oşadi. Bu ilmiy faktni butun jamiyat miqyosida tasavvur qilib köraylik. Maktab öquvçisidan tortib, olimlargaça, davlat xizmatçilaridan tortib, tadbirkorlargaça — har bir kişining kitob öqiş, hujjat bilan tanişiş va yangi axborotni özlaştiriş surʼati 15 foiz tezlaşişi jamiyatning umumiy iş koeffitsiyentini ham baholi qudrat östiradi.
Takomillaşuvning yana bir muhim jihati mamlakatimizning xalqaro kartografiya, turizm, aviatsiya va global savdo-iqtisodiy munosabatlardagi vizual imiji — milliy brending estetikasi bilan boğliq. Bugun Özbekiston dunyo sayyohlari va xorijiy investorlar uçun jozibador maskanlardan biriga aylandi, milliy mahsulotlarimiz önlab davlatlar bozoriga kirib bormoqda. Biroq şu paytgaça elektron xaritalarda, parvozlar tablosida, mahsulotlar yorliqlarida, xalqaro ötkazmalar va bronlaş tizimlarida tutuq belgilari dasturiy nomuvofiqlik tufayli yo tuşib qolar, yoki kodlaş xatoligi oqibatida Farğona, Qöqon, Ğijduvon kabi tuşunarsiz belgilar yiğindisiga aylanib ketardi. Bunday texnik nuqsonlar nafaqat xorijlik mehmonlarni çalğitar, köhna şaharlarimiz va milliy brendlarimizning taşqi qiyofasiga ham taʼsir qilardi. Jahon standartlariga mos keluvçi diakritik harflar joriy etilişi Özbekistonning geografik joy nomlari, tarixiy obidalari va eksport yorliqlarining dunyodagi har qanday ekran va bosma naşrda bexato aks etişini taʼminlaydi.
Masalaning tarixiy va maʼnaviy uyğunlik jihati ham bor. Takomillaştirilgan alifbo bizni qardoş turkiy xalqlarning yozuv madaniyati va axborot makoni bilan yanada yaqinlaştirib, özaro ilmiy, adabiy va iqtisodiy integratsiyani yangi bosqiçga olib çiqadi. Şu bilan birga, yangilangan harflar tizimi özbek tilining özigagina xos bölgan fonetik tabiatini, talaffuz qonuniyatlarini va içki musiqasini tökis ifodalab beradi. Mukammal alifbo tilimizning dunyo miqyosida örganilişini osonlaştiradi, özbek tili darsliklarining xorijiy universitetlar dasturlariga integratsiyalaşuvini tezlaştiradi.
Bu tarixiy qadam Prezidentimizning özbek tilini raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan qudratli tilga aylantiriş borasidagi uzoqni közlagan strategik siyosatiga poydevorlardan biri böladi. Zero, harfi mukammal, xalqaro nufuzi baland tilgina Uçinçi Renessans bunyodkorlarining tafakkur qanotiga aylanib, özbek ilm-fani va davlatçiligini jahonning yuksak çöqqilariga olib çiqişga qodirdir.
Nozliya NORMURODOVA,
filologiya fanlari doktori, professor