Unda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Shukhrat Xalmuҳamedov ishtirok etdi.

Yigʻilish avvalida delegatsiyalar «Abadiy olov» yodgorligiga gulchambar qoʻyib, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Tadbir doirasida Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov mudofaa vazirlari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda SHHT doirasida harbiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazish amaliyotini kengaytirish hamda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Tashrif doirasida ikki tomonlama muzokaralar ham boʻlib oʻtdi. Unda Shukhrat Xalmuҳamedov va Qirgʻiz Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Ruslan Mukambetov ishtirok etdi.

Muzokaralarda harbiy-texnik hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma tayyorgarlik tizimini takomillashtirish, ofitserlar va mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashishni kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar samimiy va konstruktiv ruhda oʻtib, tomonlar oʻrtasidagi strategik sheriklik va oʻzaro ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Qayd etilishicha, bu kabi muloqotlar SHHT doirasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.