Mamlakatimizda yoshlarni ilm-fanga keng jalb etish, ularning kimyo fani boʻyicha olib borayotgan ilmiy ishlarini targʻib qilish maqsadida joriy yil 1-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo institutida press-tur va “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi.

Mazkur tadbirda OAV vakillari, blogerlar, talaba yoshlar hamda tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Tadbir davomida kimyoviy elementlar yordamida amalga oshirilgan qiziqarli tajribalar namoyish etildi. Jarayonlar bosqichma-bosqich koʻrsatilib, ularning ahamiyati haqida tushunchalar berildi. Jumladan, sovun tayyorlash jarayoni ham amaliy tarzda namoyish etldi.

— Sovun tayyorlash jarayonida asosan glitserinli tayyor moddadan foydalaniladi. U avval mayda qismlarga boʻlinib, tez erishi uchun issiqlik yordamida suyuq holatga keltiriladi. Soʻngra unga turli aromatizatorlar va ranglar qoʻshilib, istalgan shakl va koʻrinish beriladi. Tayyor massa qoliplarga quyiladi va bunda bezak sifatida gullar yoki boshqa dekorativ elementlardan foydalanish mumkin. Qotish jarayonini tezlashtirish uchun sovuq harorat qoʻllaniladi. Bu usul xavfsiz boʻlib, ishqor yoki qoʻshimcha kimyoviy moddalar talab etilmaydi, shuningdek, sovunni uy sharoitida ham bemalol tayyorlash mumkin, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti uchinchi kurs tayanch doktoranti Feruza Dimmetova.

Bugungi kunda ilm-fan va ishlab chiqarish jadal surʼatlarda rivojlanib borayotgan bir davrda laboratoriyalarda olib borilayotgan tadqiqotlarning ahamiyati beqiyos.

Tadbirda namoyish etilgan eng qiziqarli jarayonlardan biri kimyoviy reaksiyalar orqali koʻpirish hosil qilish boʻldi. Mutaxassislar taʼkidlaganidek, mazkur tajribada asosan koʻpirish jarayoni sodir boʻladi. Kaliy permanganat reaksiyani tezlashtiruvchi omil sifatida ishtirok etadi. Vodorod peroksid va boshqa moddalar oʻzaro taʼsirga kirishib, reaksiya natijasida kislorod ajralib chiqadi. Shuning hisobiga sovun koʻpiklari shiddat bilan, goʻyo portlashga oʻxshash holda yuqoriga otilib chiqadi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday jarayonlar nafaqat qiziqarli tajriba, balki amaliyotda ham katta ahamiyatga ega. Xususan, oziq-ovqat sanoatida xamirni koʻpirtirish va oshirish texnologiyalarini takomillashtirishda shunday kimyoviy jarayonlardan foydalaniladi. Bundan tashqari, olimlar mazkur reaksiyalar asosida inson salomatligi uchun mutlaqo bezarar boʻlgan yangi usul va vositalarni yaratish ustida izlanishlar olib boryaptilar.

Shu bilan birga, mutaxassislar tajribalarni mustaqil ravishda takrorlashda ehtiyotkor boʻlish zarurligini ham taʼkidladilar. Bu kabi reaksiyalar vizual jihatdan juda qiziqarli boʻlsa-da, bunda xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilish talab etiladi. Kimyoviy moddalarga sezuvchan yoki allergik reaksiyasi bor insonlarga bunday tajribalarni oʻtkazish tavsiya etilmaydi. Notoʻgʻri qoʻllanilganda moddalar teriga zarar yetkazishi mumkin.

Institutda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar ham diqqatga sazovor. Soʻnggi 5-yilda bu yerda 26 ta yirik ilmiy loyiha amalga oshirildi, 2700 dan ortiq ilmiy ishlar chop etildi va 43 ta patent olindi. Bu esa mamlakatimizda kimyo sohasi izchil rivojlanayotganining yaqqol dalilidir.

Shuningdek, mahalliy xomashyolardan foydalangan holda laktozasiz bodom suti ishlab chiqarish texnologiyasini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Yosh olimlar tomonidan taqdim etilgan ushbu loyiha bugungi kunda dolzarb boʻlgan sogʻlom ozuqa masalasiga innovatsion yechim sifatida baholanyapti.

Mutaxassislarning aytishicha, soya va bodomdan tayyorlangan oʻsimlik sutining asosiy afzalligi — tarkibida laktozaning yoʻqligida. Bugungi kunda koʻplab insonlarda laktozani oʻzlashtira olmaslik yoki oshqozon-ichak muammolari kuzatilyapti. Oʻsimlik suti esa vitamin va minerallarga boy, yuqori oqsilli va sogʻliq uchun xavfsiz muqobil hisoblanadi.

Yosh olimlarning taʼkidlashicha, bunday ishlanmalarni faqat laboratoriya doirasida qoldirmasdan, amaliyotga joriy etish muhim ahamiyatga ega. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ushbu loyihalar qoʻllab-quvvatlansa, ularni keng miqyosda ishlab chiqarish imkoniyati paydo boʻladi.

Bugungi tadbir nafaqat laboratoriya sirlarini ochishga xizmat qildi, balki ilm-fanning hayotimizdagi oʻrnini yanada yaqqol namoyon etdi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Mahalliy xomashyolardan innovatsion mahsulotlar yaratish, tuproq unumdorligini oshirish va sogʻlom ozuqa vositalarini ishlab chiqarish — bularning barchasi Oʻzbekistonning iqtisodiy qudratini mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadamlardir.

Yosh olimlarimizning gʻayrati va ajdodlarimizning boy ilmiy merosi bizni jahon kimyo fani choʻqqilari sari yetaklashda davom etadi.

Madina Botirjonova,

Zulxumor Akbarova.