Olimlarning tadqiqoti Physical Review Letters jurnalida chop etildi.
Ilgari oltin kislorod bilan zaif o‘zaro ta’siri tufayli rangsizlanmaydi, deb ishonilgan. Biroq, yangi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, metall yuzasidagi atomlar o‘z-o‘zidan qayta joylashadi va oksidlanish ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradigan maxsus himoya qatlamini hosil qiladi.
Olimlarning fikriga ko‘ra, atomlarning bunday qayta joylashishi oltinning kislorod bilan reaksiyaga kirishish ehtimolini milliardlab, hatto trillionlab marta kamaytiradi. Aynan shu mexanizm oltin mahsulotlariga o‘nlab, hatto yuzlab yillar davomida asl holatini saqlab qolish imkonini beradi.
Tadqiqotchilar atomlar va elektronlarning oltin yuzasida qanday o‘zaro ta’sir qilishini modellashtirdilar va kislorod molekulalarining eng keng tarqalgan ikkita oltin yuzasi bilan o‘zaro ta’sirini o‘rgandilar. Natijada, agar atomlar qayta joylashmasa, kislorod metall bilan ancha oson reaksiyaga kirishishi aniqlandi, deb xabar berdi Kazinform.
— Ko‘p odamlar oltinning oksidlanishga chidamliligi uning kislorod bilan zaif o‘zaro ta’siri bilan bog‘liq deb o‘ylashgan. Biz eng keng tarqalgan ikkita oltin sirtidagi atomlarning qayta joylashishi metallni oksidlanishga chidamliroq qilishini ko‘rsatdik, — dedi Tuleyn universitetining kimyoviy muhandislik bo‘yicha dots.nti Mettyu Montemor.
Olimlarning fikriga ko‘ra, tadqiqot natijalari nafaqat fundamental fan uchun, balki sanoat uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Oltin katalizatorlari hozirda bir qator kimyoviy jarayonlarda, jumladan, plastmassa ishlab chiqarishda ishlatiladigan vinilatsetat ishlab chiqarishda, shuningek, avtomobil chiqindilaridan uglerod oksidini tozalash va propilen oksidi ishlab chiqarish texnologiyalarida qo‘llaniladi.
Tadqiqot mualliflari oltin sirtining tuzilishini boshqarish boshqa metallarni qo‘shmasdan yoki nanopartikullardan foydalanmasdan katalizatorlarning samaradorligini oshirishning yangi usuliga aylanishi mumkin, deb hisoblashadi.