Agar u sudga ishonch bilan kirsa va chiqqan qaror nima uchun aynan shunday bo'lganini tushunib chiqsa — tizim ishlayotgan bo'ladi. Agar u hayajon, noaniqlik va ojizlik tuyg'usi bilan kirsa, qonunlar qanchalik mukammal yozilmasin, adolat qog'ozda qolaveradi. Shu ma'noda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustdagi PF–160-son Farmoni bilan tasdiqlangan "Odil sudlov – 2030" strategiyasini navbatdagi hujjat deb emas, balki sud hokimiyatiga fuqaro nigohi bilan qarashga urinish deb baholash to'g'riroq bo'ladi.

Strategiyaning o'zi, uni 2026–2028-yillarda amalga oshirish bo'yicha harakatlar dasturi va 2030-yilga qadar erishilishi lozim bo'lgan aniq maqsadlar — uchtasi birgalikda yaxlit tizimni tashkil etadi. Bu yerda muhim uslubiy jihat bor: hujjatda faqat niyatlar emas, o'lchanadigan natijalar, aniq muddatlar va shaxsan javobgar rahbarlar belgilangan. Islohotlar tarixida ko'p uchraydigan kamchilik — yaxshi g'oyaning mas'uliyatsiz qolishi — ana shu yondashuv bilan kamaytirilmoqda. Strategiya "Sudlar — xalqchil va adolatli odil sudlov qo'rg'oni va Yangi O'zbekistonning haqiqat ustuni" shiori ostida ishlab chiqilgan bo'lib, oltita ustunga tayanadi: "xalqchil sud", "adolat qo'rg'oni", "kafolatlangan adolat", "adolat posbonlari", "raqamli odil sudlov" va "xalqaro e'tirof".

Birinchi ustun sud tizimining ochiqligiga bag'ishlangan va bu tasodifiy emas. Sud faoliyati jamiyat uchun qanchalik tushunarli bo'lsa, unga ishonch shunchalik mustahkam bo'ladi. Farmonda sud binolarining kirish qismida "yagona darcha" tamoyili asosida xizmat ko'rsatish ofislari tashkil etilishi, sud raqamli xizmatlaridan foydalanishda amaliy ko'mak berilishi, my.sud.uz interaktiv xizmatlar portalining yangilangan mobil ilovasi ishga tushirilishi, "sudga murojaat namunalari" xizmati takomillashtirilishi ko'zda tutilgan. Bularning barchasi bitta oddiy g'oyaga xizmat qiladi: fuqaro sudga borganda avvalo qaysi xonaga kirishni, qaysi hujjatni qanday to'ldirishni izlab sarson bo'lmasligi kerak. Shuningdek, sud faoliyatiga oid masalalarni muhokama qilishda jamoatchilik vakillari ishtiroki yo'lga qo'yilishi, xorijiy sudyalar va nufuzli mutaxassislar ishtirokida xalqaro maslahat kengashi tashkil etilishi belgilangan. 2030-yilga borib sud tizimiga ishonch bildiradigan aholi ulushini 80 foizga yetkazish maqsad qilingan — bu jur'atli, lekin o'lchash mumkin bo'lgan raqam.

Ikkinchi ustun — sud mustaqilligini institutsional jihatdan mustahkamlash. Bu yerda eng jiddiy tarkibiy o'zgarish 2027-yil 1-iyuldan boshlab yurisdiksiya hududi bir nechta ma'muriy-hududiy birlikni qamrab oladigan hududlararo sudlar tashkil etilishidir. Uning mantiqi huquqshunos uchun ayon: bugungi tartibda ishni birinchi instansiyada ko'rgan sud tizimi doirasida uni qayta ko'rish ham amalga oshirilsa, xolislik masalasi doimo bahs mavzusi bo'lib qolaveradi. Qayta ko'rish vakolatini alohida, hududiy jihatdan mustaqil bo'g'inga o'tkazish — xalqaro amaliyotda sinovdan o'tgan yechim. Xuddi shu mantiqda 2027–2030-yillarda barcha hududlarda fuqarolik ishlari bo'yicha tuman va shahar sudlari tashkil etilishi rejalashtirilgan, ya'ni odil sudlov chekka hududlar aholisiga jismonan yaqinlashtiriladi.

Ikkinchi ustunning yana bir muhim yechimi — sud ma'murchiligi (Court Administration) institutini joriy etish. Sudya asosiy vaqtini ish yuritish, moddiy-texnik ta'minot va tashkiliy masalalarga sarflasa, uning zimmasidagi asosiy vazifa — ishni chuqur o'rganib, asoslantirilgan qaror qabul qilish — muqarrar ravishda zarar ko'radi. Sudyani odil sudlovga daxldor bo'lmagan vazifalardan ozod qilish va sud ish yuklamasini kamida 20 foizga kamaytirish maqsadi ana shu tushunchaga asoslangan. Adolat shoshib chiqarilgan qarorni ko'tarmaydi.

Uchinchi ustun sud qarorlarining sifati va barqarorligiga qaratilgan. Bu yerda menga eng qimmatli tuyulgan yangilik — "pretsedentlar" reestri, ya'ni Oliy sud Rayosatining muayyan toifadagi ishlar bo'yicha yakuniy huquqiy pozitsiyani shakllantiruvchi qarorlarini ochiq e'lon qilib borish amaliyoti. Bizning huquq tizimimiz kontinental an'anaga mansub va bu yerda gap ingliz-amerika ma'nosidagi pretsedent haqida ketmayapti. Gap boshqa narsada: bir xil holatga bir xil huquqiy baho berilishi kerak. Qonunning turli sudlarda turlicha talqin qilinishi fuqaro uchun qonunning o'zi noaniq bo'lishidan ko'ra og'irroq zarba. Ochiq reestr esa nafaqat sudyalarni, balki advokatlarni, tadbirkorlarni va olimlarni ham bir xil huquqiy maydonga olib chiqadi.

Jinoyat sudlovi sohasidagi o'zgarishlar alohida e'tiborga loyiq. Ayniqsa og'irlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan eng og'ir toifadagi jinoyat ishlarini sudlanuvchining iltimosiga ko'ra xalq vakillari hay'ati (jury) ishtirokida ko'rish tartibini joriy etish, "xabeas korpus" institutining doirasini kengaytirish, tezkor-qidiruv tadbirlari ustidan sud nazoratini kuchaytirish, 2027-yil 1-iyuldan tergov sudyasi tomonidan qamoqqa olish to'g'risidagi iltimosnomalar "asosli gumon" (prima facie) xalqaro standarti asosida ko'rib chiqilishi — bularning har biri shaxs erkinligiga aralashuvni sud nazoratining aniq mezonlariga bo'ysundiradi. Yarashuv va aybga iqrorlik kelishuvi institutlarining kengaytirilishi esa jinoyat siyosatining insonparvarlashuvi yo'nalishini davom ettiradi.

Endi men uchun kasbiy jihatdan eng yaqin bo'lgan masalaga to‘xtalaman — nizolarni hal qilishning muqobil usullari. Strategiyada fuqarolik va iqtisodiy sudlar tarkibida sud mediatsiyasi institutini joriy etish, ayrim toifadagi ishlar — davlat organi ishtirokidagi nizolar, ba'zi shartnomaviy nizolar, intellektual mulk sohasidagi nizolar bo'yicha nizoni sudgacha hal qilishning majburiy tartibini belgilash, ma'muriy sudlarga murojaat qilishdan oldin adyudikatsiya tartibiga rioya etish talab qilinadigan ishlar toifasini aniqlash ko'zda tutilgan. 2030-yilga qadar mediatsiya orqali hal etiladigan ishlar sonini kamida 30 foizga, sudgacha hal qilinadigan nizolar sonini kamida 20 foizga oshirish maqsad qilingan.

Xalqaro amaliyotda ko'p yillik tajribamga tayanib aytaman: sud har doim ham nizoni hal qilishning eng yaxshi usuli emas. Sud qarori huquqni tiklaydi, biroq ko'pincha munosabatni tugatadi. Mediatsiya esa aksincha — tomonlar o'zlari erishgan kelishuv ular uchun ham iqtisodiy, ham insoniy jihatdan foydaliroq bo'ladi, chunki hamkorlik davom etadi va ijro ixtiyoriy amalga oshiriladi. Mediatsiya bo'yicha kelishuvlarni xalqaro darajada e'tirof etish borasidagi zamonaviy tendensiyalar ham aynan shu yo'nalishga ishora qilmoqda. Sud tizimi mediatsiyani o'z raqibi emas, balki tabiiy sherigi sifatida qabul qilayotgani — huquqiy madaniyatimizning yetuklik belgisi.

Oltinchi ustun — xalqaro e'tirof — ilmiy jamoatchilik uchun alohida ahamiyatga ega. Farmonda iqtisodiy sudlarda transchegaraviy nizolarni ko'rib chiqishning protsessual asoslarini UNCITRAL qoidalari bilan uyg'unlashtirish, "Fuqarolik va savdo ishlari bo'yicha chet elda dalillarni olish to'g'risida"gi Gaaga konvensiyasi hamda BMTning tovarlarning xalqaro oldi-sotdisida da'vo muddati to'g'risidagi konvensiyasi kabi hujjatlarga qo'shilish masalasini o'rganish, sud qarorlarining tan olinishi va ijrosiga qaratilgan xalqaro shartnomalarni kamida 10 ta davlat bilan tuzish vazifalari belgilangan. Amaliyotchi sifatida shuni ta'kidlayman: chet el investori uchun mamlakat huquqiy tizimining bahosi ko'pincha bitta savolga borib taqaladi — qaror chiqarilgach, u haqiqatan ijro etiladimi? Tan olish va ijro sohasidagi shartnomaviy bazani kengaytirish, shu ma'noda, investitsiya muhitiga bevosita ta'sir qiladigan huquqiy islohot hisoblanadi.

Raqamli yo'nalish alohida bir bahs mavzusi. 2028-yil yakuniga qadar barcha sud majlislarini audioyozuv orqali majburiy qayd etish, sud ishlarini to'liq elektron shaklga o'tkazish, murojaatlarning kamida 50 foizi elektron shaklda berilishiga erishish belgilangan. Ayni paytda sun'iy intellekt masalasida strategiya juda muvozanatli formula tanlagan: texnologiyalardan xavfsiz, mas'uliyatli va maqsadli foydalanish sudyaning odil sudlovni amalga oshirish bo'yicha mutlaq vakolati saqlab qolingan holda ta'minlanadi. Bu — printsipial ahamiyatga ega qoida. Algoritm hujjatni tayyorlashi, amaliyotni tahlil qilishi, sudyaning vaqtini tejashi mumkin, biroq inson taqdiriga oid qarorning ma'naviy mas'uliyatini hech bir dastur zimmasiga ololmaydi. Adolat — hisob-kitob natijasi emas, u vijdon ishtirokini talab qiladi.

Nihoyat, kadrlar masalasi. Odil sudlov akademiyasida "magistratura – qayta tayyorlash – amaliy stajirovka – baholash – tavsiya – uzluksiz malaka oshirish" tamoyiliga asoslangan uzluksiz kadrlar tayyorlash zanjiri (Pipeline model), sudyalikka nomzodlar uchun kasbiy kompetensiyalar profili, dual ta'lim, amaliy sud ishlari asosida o'qitish, Akademiya huzurida Forsayt markazi va Endaument fondi tashkil etilishi ko'zda tutilgan. Ilmiy darajaga ega sud xodimlarini rag'batlantirish, sudyalar va sud apparati xodimlarining ruhiy va jismoniy farovonligini ta'minlash choralari ham nazardan chetda qolmagan. Har qanday islohotning taqdiri, pirovardida, uni amalga oshiradigan odamlarning saviyasi va halolligiga bog'liq — bu haqiqatni hech qanday tizimli o'zgarish inkor eta olmaydi.

Xulosa o'rnida shuni aytmoqchiman: "Odil sudlov – 2030" strategiyasining kuchi uning ambitsiyasida emas, balki aniqligida. Unda muddatlar bor, raqamlar bor, javobgarlik bor. Ammo eng qiyin qismi hujjatda emas — u kundalik amaliyotda, har bir sud zalida, har bir sudya va advokat, tadbirkor va fuqaro ongida ro'y berishi kerak bo'lgan o'zgarishda. Huquq fani va yuridik ta'lim tizimi oldida esa alohida vazifa turibdi: mediatsiyani, transchegaraviy nizolarni, raqamli dalillarni va sun'iy intellekt etikasini tushunadigan yangi avlod huquqshunosini tayyorlash. Chunki 2030-yilgi sud tizimini bugungi tafakkur bilan qurib bo'lmaydi.

Adolat — bir marta qabul qilinadigan qaror emas, u har kuni qaytadan qozoniladigan ishonchdir. Ushbu strategiya ana shu ishonchni qozonish uchun aniq va o'lchanadigan yo'l xaritasini taklif etmoqda.

Islambek Rustambekov,
Yuridik fanlari doktori, professor
TDYU prorektori, xalqaro arbitr