– Umuman, energetika boʻyicha boshqaruv tizimini tubdan oʻzgartiryapmiz. Barcha tumanlarda tadbirkorlarning hozirgi ehtiyoji va ertangi rejasiga qarab ishlaydigan yangi tizim boʻladi, – dedi Prezidentimiz.

Kelasi yildan qurilish sohasida pudratchi va loyihachilar oʻsishini ragʻbatlantiradigan yangi yondashuv joriy etiladi. Qurilish qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, har bir ishchi-soat uchun eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida mablagʻ rejalashtiriladi.

Davlat obyektlari smetasida pudrat korxonalari uchun 7 foiz foyda koʻzda tutiladi. Qurilish murakkabligiga qarab loyihalash ishlariga obyekt qiymatining 4-7 foizigacha mablagʻ ajratiladi.

Davlatimiz rahbari uchinchi yoʻnalish sifatida “sunʼiy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish vazifasini belgiladi.

– Bugun qaysi tadbirkor qoʻshilgan qiymatni koʻpaytirsa, sunʼiy intellekt yordamida unumdorlikni oshirsa, tannarx boʻyicha izlansa, ertangi bozor uniki– dedi Prezident.