Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasini takomillashtirishga qaratilgan” Farmoni ijrosi hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar tahliliga bagʻishlandi.

Anjumanda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda vazirning birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov ishtirok etib, taʼlim tizimidagi soʻnggi oʻzgarishlar, ustuvor vazifalar va yangi tizimning afzalliklari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, yangi tizim asosida oliy taʼlim muassasalari faqat bilim beruvchi muassasa emas, balki innovatsiya yaratadigan, uni bozorga olib chiqadigan va oʻzini oʻzi moliyalashtira oladigan kompleks markazga aylantiriladi. Bu orqali universitetlarning iqtisodiy mustaqilligi oshirilishi va raqobat muhiti kuchaytirilishi kutilmoqda.

Vazir Qoʻngʻirotboy Sharipovning taʼkidlashicha:

— Endilikda universitetlarga ajratiladigan mablagʻlar bevosita taʼlim sifatiga bogʻliq boʻladi. Bu esa oliygohlarni oʻzaro sogʻlom raqobat qilishga undaydi va sifatni oshirishga xizmat qiladi.

Maʼlum qilinishicha, 2030-yilga qadar kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro reytinglarga kiritish maqsad qilingan. Bu borada Germaniya, Xitoy va Rossiya tajribasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ilmiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun 150 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.

Taʼlim tizimidagi yana bir muhim yangilik — 2027-yil 1-yanvardan boshlab oliy taʼlim muassasalari faoliyatini baholashning yangi milliy reyting tizimi joriy etilishi boʻldi. Ushbu reyting orqali universitetlar faoliyatining samaradorligi va sifati kompleks baholanadi.

Xalqaro hamkorlik doirasida ham muhim oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonda tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni 23,4 ming nafardan oshgan. Ularni jalb qilishni yanada kengaytirish maqsadida «Study in Uzbekistan» platformasi orqali qabul jarayonini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Vazir bu borada shunday dedi:

— Xorijlik talabalar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish va ularni jalb qilishni kuchaytirish asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

Matbuot anjumanida qoʻshni davlatlar bilan taʼlim hujjatlarini tan olish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, joriy yil iyun oyida Qirgʻiziston bilan diplomlarni oʻzaro tan olish boʻyicha kelishuv imzolanishi kutilmoqda. Qozogʻiston bilan ham bu borada kelishuvga erishilgan boʻlib, hujjat parlament koʻrib chiquvida. Turkmaniston esa Oʻzbekistonning jahondagi eng yaxshi 1000 talikka kirgan oliygohlari diplomlarini tan olishga tayyorligini bildirgan.

Taʼlim tizimi boshqaruvida ham sezilarli oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab:

— davlat oliygohlari rektorlarini tayinlash vakolati toʻgʻridan-toʻgʻri vazirlikka beriladi;

— filial direktorlarini tayinlash va ozod etish ham vazirlik vakolatiga oʻtadi;

— magistraturaga kirishda talab etiladigan xorijiy til darajasi (B2 yoki C1) vazirlik tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, universitetlarning oʻz brendi va ichki siyosatiga ega boʻlishiga ham alohida urgʻu berildi.

Vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov bu haqda shunday fikr bildirdi:

— Bizning maqsadimiz — talabaning qaysi universitetda tahsil olayotganini uning tashqi koʻrinishidan ham anglash imkonini yaratish. Shu bilan birga, har bir oliygoh oʻz brendi va talablarini mustaqil ravishda shakllantirishi lozim.

Matbuot anjumanida taʼlim sifatini baholash masalasi ham keng muhokama qilindi. Ilgari magistraturaga qabul qilishda asosiy mezon sifatida GPA va til sertifikati olingan boʻlsa, amaliyotda bu tizim qator muammolarni keltirib chiqargan.

Vazirning birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabovning taʼkidlashicha:

— Turli oliygohlarda baholash mezonlari bir xil emas. Natijada bilimli, ammo bahosi nisbatan past boʻlgan talabalar imkoniyatdan chetda qolib ketgan holatlar kuzatildi. Shu sababli, endilikda oliygohlarga qoʻshimcha imtihonlar oʻtkazish vakolati berilmoqda.

Bu esa haqiqiy bilimli nomzodlarni saralab olishga xizmat qiladi.

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Oʻzbekistonda 204 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Bu koʻrsatkich 10 yil avvalgi 69 ta bilan taqqoslaganda uch baravardan ziyodga oshgan. Shu bilan birga, talabalar soni 1,5 million nafarga yetgan.

Zero, oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar universitetlarning nafaqat taʼlim beruvchi, balki innovatsiya yaratuvchi va iqtisodiy jihatdan mustaqil subyektga aylanishini taʼminlashga qaratilgan. Bu esa mamlakatda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va xalqaro taʼlim maydonida munosib oʻrin egallash uchun mustahkam zamin yaratadi.

Zulxumor Akbarova,

Madina Botirjonova