Oliy sud axborot xizmatining xabar berishicha, fuqaro tezkor tarzda pastga tushirilib, uning jismoniy holati tekshirildi. Unga hech qanday shikast yetmagani aniqlandi.
Shundan soʻng u Bahodir Islomov tomonidan qabul qilinib, murojaati belgilangan tartibda oʻrganish uchun rasmiylashtirildi.
Maʼlum qilinishicha, Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudining 2020-yil 5-oktyabrdagi hukmiga koʻra, mazkur shaxs Jinoyat kodeksining 184-moddasi boʻyicha oqlangan, biroq 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Birinchi instansiya sudi qarori yuqori instansiya sudlari tomonidan koʻrib chiqilib, oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Shuningdek, u 2025-yil 29-noyabr kuni ham Oliy sud raisi qabulida boʻlgan va unga nisbatan qabul qilingan qarorlarni oʻzgartirish uchun asoslar yetarli emasligi maʼlum qilingan.
Qayd etilishicha, fuqarolarning sud himoyasidan foydalanish huquqi qonun bilan kafolatlangan boʻlib, ular Oliy sudga belgilangan tartibda erkin murojaat qilish imkoniyatiga ega.
Oliy sud axborot xizmati murojaat qilish uchun noodatiy yoki xavfli harakatlarga qoʻl urishning hojati yoʻqligi, xususan, “daraxtga chiqish” kabi usullar masalani hal etishga xizmat qilmasligi maʼlum qildi.
Fuqarolarga murojaatlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartib va shakllarda amalga oshirish, oʻz huquqlarini qonuniy yoʻllar orqali himoya qilish tavsiya etildi.