15-avgust kuni Omskdagi Dravert kvartallari mikrorayonida qurilish maydonida yongʻin sodir boʻlgan. Yongʻinni oʻchirishga 30 nafar qutqaruvchi va olti birlik maxsus texnika jalb etilgan.
Hodisa joyidan 11 nafar kishi shifoxonaga olib ketilgan, ulardan uch nafari keyinchalik uyiga javob berilgan. Bir nafar jabrlanuvchi vafot etgan. Jabrlanganlarning barchasi pudratchi tashkilot ishchilari boʻlgan.
Rossiyadagi Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, jabrlanganlar orasida Oʻzbekistonning ikki nafar fuqarosi ham bor.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yongʻin payvandlash ishlari vaqtida issiqlik izolyatsiyasi materialining yonib ketishi oqibatida kelib chiqqan.
Hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining mehnatni muhofaza qilish talablarini buzish va ehtiyotsizlik orqali inson oʻlimiga sabab boʻlishni nazarda tutuvchi 143-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Viloyat prokuraturasi tomonidan hodisa yuzasidan tekshiruv tashkil etilgan.