Avvalo, siz, azizlarni – ko‘pmillatli geologlar, muhandis va mutaxassislar, ishchi va xizmatchilar jamoasini qutlug‘ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda sizlarning murakkab tabiiy sharoitlarda fidokorona mehnat qilib, yangi-yangi konlar, mineral xomashyo manbalarini topish, ularni mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida ishlatish borasidagi ulkan xizmatlaringizni yana bir bor minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.

Ana shunday sa’y-harakatlaringiz tufayli yurtimizda umumiy bahosi taxminan 3 trillion dollarga teng 2 ming 500 dan ortiq kon va 3 mingdan ziyod istiqbolli maydonlar aniqlangani O‘zbekiston ulkan qazilma boyliklar xomashyo bazasiga ega ekanidan dalolat beradi.

Keyingi yillarda ana shu zaxiralarni o‘zlashtirish va shu asosda iqtisodiyotimiz rivojiga qudratli turtki berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Jumladan, sohaga xalqaro standartlar joriy etilib, investitsiyaviy jozibadorlik oshirilmoqda, oltin, kumush, mis, uran, uglevodorod konlari va maydonlari xorijiy sarmoyadorlar uchun ham taqdim etilmoqda, soliq stavkalari pasaytirilmoqda. Shu bois dunyodagi eng nufuzli kompaniyalar mamlakatimizga faol investitsiya kiritmoqda. Hozirgi vaqtda ular bilan hamkorlikda umumiy qiymati 30 milliard 700 million dollar bo‘lgan 90 ta loyiha amalga oshirilayotgani diqqatga sazovordir.

Bugungi kunga qadar 1 ming 458 ta foydali qazilma obyekti onlayn auksion orqali sotildi. Buning hisobidan davlat budjetiga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ tushdi, 100 mingga yaqin yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratildi.

So‘nggi o‘n yilda davlat budjetidan 8 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani 2 mingga yaqin texnika va texnologiyalarni joriy etish, geologiya-qidiruv uskunalarini 70 foiz yangilash imkonini berdi.

Mamlakatimizda vertolyot va dronlar yordamida aerogeofizika ishlari yo‘lga qo‘yilgani, zamonaviy 3 D o‘lchamli seysmik kompleks ishga tushirilib, yer qa’rini 9 kilometrgacha chuqurlikda geofizik o‘rganish imkoniyati yaratilgani soha rivojida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.

Sohada raqobat va shaffoflik muhiti shakllanmoqda. Uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolgan milliy geologiya maktabi va ta’lim tizimi qayta tiklandi, zamonaviy talablarga mos bo‘lgan Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. Ilg‘or xorijiy maktablarning ilmiy salohiyatidan foydalanish va innovatsion texnologiyalarni qo‘llash maqsadida Kompetensiyalar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ana shunday keng ko‘lamli ishlarimiz tufayli 2016-2025 yillarda 1 ming 900 dan ziyod yangi konlar ochildi. Agar 2016 yilda tasdiqlangan uran zaxiralarimiz 97 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davrda yana 16 ta yangi kon aniqlanib, zaxira 140 ming tonnaga yetkazildi.

Yaqinda Olmaliqda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan yangi mis boyitish fabrikasini ishga tushirdik.

Hech shubhasiz, bunda ham siz, zahmatkash geologlarning alohida xizmatlaringiz borligini, ana shu megaloyiha natijasida 6 mingdan ortiq yuqori daromadli ish o‘rni yaratilgani, korxona hisobiga yiliga 5 milliard dollar mablag‘ kelib tushishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Hurmatli soha xodimlari!

Biz “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida geologiya sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha ham kelgusi vazifalarni aniq belgilab oldik. Yurtimizning mineral xomashyoga boy, istiqbolli hududlarini geologik jihatdan o‘rganishni kengaytirish, oltin ishlab chiqarishni – 1,5 barobar, kumushni – 3 karra, misni – 3,5 marta, uran, temir va ko‘mirni – 3 hissa oshirishni maqsad qilganmiz.

Siz, jonkuyar va matonatli geologlarning katta bilim va tajribangiz, mustahkam iroda va mehnatsevarlik fazilatlaringiz hisobidan bu yuksak marralarga albatta erishamiz, deb ishonaman.

Soha xodimlarining mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning mashaqqatli faoliyatini munosib rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli ishlaringizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti