Mazkur bitim 2025-yil 15-noyabrda Toshkent shahrida imzolangan edi.

Hujjat ikki davlat o‘rtasida transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish, ularni birgalikda boshqarish hamda davlatlararo ahamiyatga ega suv xo‘jaligi obyektlarining ishonchli va xavfsiz ekspluatatsiyasini ta’minlashga qaratilgan.

Bitim doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida transchegaraviy suv obyektlarini boshqarish bo‘yicha hukumatlararo komissiya tashkil etiladi. Komissiya umumiy suv resurslaridan foydalanish, davlatlararo gidrotexnika inshootlarini ekspluatatsiya qilish va ularning xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni tizimli ravishda ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, tomonlar suv xo‘jaligi sohasida axborot almashinuvini takomillashtirish, suv resurslarini boshqarish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishni ko‘zda tutgan.

Bitim transchegaraviy suv resurslaridan samarali foydalanish, suv tanqisligi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish, ehtimoliy kelishmovchiliklarning oldini olish hamda mintaqaviy suv hamkorligini mustahkamlash uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Qozog‘iston Sirdaryo havzasidagi transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanadi. Mazkur suv resurslari har ikki mamlakatda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish, aholini suv bilan ta’minlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish va ekotizimlar barqarorligini saqlashda muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida imzolangan Transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va oqilona foydalanish to‘g‘risidagi bitim O‘zbekiston tomonidan tasdiqlangan. 2026-yil 6-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-88-son qarori qabul qilingan.