Bu haqida “Dunyo” AA xabar bermoqda. 

Ushbu targ‘ibot loyihasi mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi hamda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi. Xususan, Pekindagi yirik “Solana” savdo va ko‘ngilochar markazida joylashgan katta 3D LED-ekranda yurtimiz turizm sohasiga bag‘ishlangan videolavha namoyish qilindi.

Lavhalarni tomosha qilgan pekinliklar va xorijlik mehmonlar mamlakatimizning turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish, yurtimizdagi tarixiy shaharlar haqida boxabar bo‘lish, milliy qadriyatlarimiz haqida ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2008 yilda ishga tushirilgan “Solana” Pekin shahridagi yirik va mashhur savdo va ko‘ngilochar markazlardan biri hisoblanadi. Bu yerga har kuni 100 mingdan ziyod xitoyliklar va xorijiy mehmonlar tashrif buyuradi.

O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyati, go‘zal madaniyati va urf-odatlari, tarixiy obidalari va zamonaviy taraqqiyotini o‘zida aks ettirgan bunday videolavhalarni Xitoyning boshqa shaharlarida ham namoyish etish rejalashtirilgan.

Li Shushen, “Beijing Yuanjingjie Media Co., LTD” kompaniyasi direktori:

– Avvalo, O‘zbekiston xalqini mustaqillik shodiyonasi bilan qutlayman.

Elchixona tomonidan namoyish qilingan videolavha ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
Bu yerga tashrif buyurayotgan minglab xitoylik va xorijiy sayyohlar mazkur videolavha orqali yurtngizning betakror shaharlar, madaniy qadamdjolari, sayyohlik maskanlari, Xitoy fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunlik vizasiz borish imkoniyati haqida bilib oldi.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari abadiy bo‘lsin. Yurtingizning go‘zal tabiatini, tarixiy obidalarini, betakror milliy taomlari va zamonaviy rivojlanishini ko‘rish maqsadida xitoylik sayyohlar oqimining oshib borishiga ishonaman.
O‘zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tilayman. Yurtingiz yanada taraqqiy etishi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanib borishini istayman.

Van Minsin, mahalliy fuqaro:

– Bugun biz do‘stlarimiz bilan “Solana” savdo markaziga hordiq chiqarish uchun keldik. Bu yerdagi katta ekranda namoyish etilayotgan O‘zbekiston haqidagi videolavhani tomosha qilib, mamlakatingizning go‘zalligiga amin bo‘ldik. Menda O‘zbekistonga sayohat qilish istagi paydo bo‘ldi va albatta, borib, bu go‘zallikni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rishni xohlayman. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar ko‘p ming yillik tarixga ega ekanini bilaman. O‘zbek xalqi juda mehmondo‘st va saxiy. Mening ko‘plab do‘stlarim O‘zbekistonda bo‘lishgan. Milliy taomlaringiz juda mazali va xilma-xil.Xitoylik sayyohlar uchun O‘zbekistonga 30 kunlik vizasiz va erkin sayohat qilish imkoniyatining yaratilgani juda quvonarli. O‘zbekiston xalqini mustaqillik kuni bilan chin dildan tabriklayman. Bayramni Xitoyda sizlar bilan birga nishonlayotganimdan juda xursandman.