U ilg‘or va ezgu fikrlar hamda ularni amalga oshirish yo‘lidagi intilishlar mahsuli o‘laroq bunyod etiladi. Shu ma’noda, barcha sohada yuz berayotgan o‘zgarishlar, islohotlar bevosita bilim bilan bog‘liq.

Ta’limga e’tibor, bilim olishning imkoniyatlari, shaxsni barkamol etib tarbiyalash — bularning barchasi mamlakat taraqqiyotiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilishi kundek ravshan. O‘qitish sifatini oshirish usullari, samarali dasturlar yaratish va amalda qo‘llashga oid ishlar tizimli tus olganining boisi ham shunda, aslida. Bilim olish, malaka va shaxs rivojlanishining dastlabki bosqichi asosi esa maktab ta’limida.

Umumta’lim maktablarini bitirish tantanasi kabi ularga qabul qilish ham o‘ziga xos hayajonli va mas’uliyatli jarayon. Prezident maktablariga 2026/2027 o‘quv yili uchun hujjatlar qabul i 25 maydan 14 iyungacha amalga oshiriladi.

Yurtimizda faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat ta’lim muassasalari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘ziga xos jihatlari bor. Biroq yaqin yillarda tashkil topgani uchunmi, Prezident maktablari to‘g‘risida ko‘pchilik tuzukroq tasavvur va tushunchaga ega emas. Ayrimlarda maktabning maqomi, nufuzi, avvalo, nomlanishi bilan bog‘liq degan yanglish tasavvur mavjud. Aslida, shu kabi bir yoqlama qarashlarga mazkur ta’lim muassasalarida bilim olayotgan o‘quvchilar erishayotgan natijalar eng munosib javob.

Yuksak maqsad muqaddimasi

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida respublikamizning barcha hududlaridagi iqtidorli bolalarni aniqlash, ta’lim jarayonida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda ularni o‘qitish va tarbiyalash bo‘yicha yaxlit tizim yaratish, iste’dodli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ma’nan yetuk, intellektual jihatdan barkamol avlodni shakllantirish ko‘zda tutilgan. Qaror ijrosi doirasida yurtimizning barcha hududlarida bosqichma-bosqich shunday tipdagi maktablar tashkil etildi. Hozir Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Qarshi, Navoiy, Namangan, Nukus, Nurafshon, Samarqand, Farg‘ona, Xiva, Termiz va Toshkentda — jami 14 ta Prezident maktabi faoliyat yuritib keladi.

Xo‘sh, bu ta’lim muassasalarining boshqa maktablardan farqi, aytaylik, afzalligi nimlardan iborat?

Albatta, Prezident maktablari birgina ezgu istak, qaror, standart o‘quv dasturi asosida tashkil etilmagan. Qator nufuzli tashkilotlar, xususan, Xalqaro maktablar kengashi, “Pearson Edexcel” tashkilotining akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tib, xalqaro maktab maqomiga erishgan. Bundan tashqari, SAT (akademik baholash testi) xalqaro sertifikati hamda Cambridge va “Pearson Edexcel”ning IGCSE, AS va A Level imtihonlarini o‘tkazadigan rasmiy markazlarga aylantirilgan.

Prezident maktablari davlat tomonidan to‘liq moliyalashtirilib, unga qabul 4-sinfni a’lo baholarga bitirgan o‘quvchilarning onlayn ariza topshirishi bilan boshlanadi. So‘ng ikki bosqichda o‘tkaziladigan imtihon natijalariga ko‘ra eng bilimdonlar saralab olinadi. Kirish imtihonlari natijasini Kembrij universiteti mutaxassislari tekshirib baholaydi. Keyinchalik o‘qishga qabul qilinganlar ayni tarmoq dasturi asosida o‘qitiladi. Xususan, tabiiy va aniq fanlarni chuqur o‘rgatish, xorijiy tillar, muhandislik va axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish, o‘quvchilarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Darsliklarga tegishli fan bo‘yicha muhim ma’lumotlar to‘plami sifatida qarash mutlaqo noto‘g‘ri. Maktablarda darsliklar tizimlashtirilgan bilimlar manbai bo‘lib, davlat standartlariga mos kelishi kerak. Ular o‘quvchilarning yoshi inobatga olingan holda va mustaqil, tanqidiy-tahliliy fikrlashga ko‘maklashadigan, rivojlantiradigan shakl va mazmunda tayyorlanishi lozim.

— Prezident maktablari darsliklari ilg‘or xalqaro tajriba (Cambridge Assessment) asosida, STEAM yondashuvini qo‘llagan holda mutaxassislar tomonidan ishlab chiqiladi. Ular tanqidiy fikrlash, ingliz tilida ta’lim va amaliy ko‘nikmalarga asoslanib, uzluksiz ta’lim dasturi doirasida yangilanib boradi, — deydi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining darsliklar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Sulaymon Nazarov. — Darslik tayyorlashning qator xususiyatlari mavjud. Jumladan, xalqaro dasturlar, asosan, Kembrij ta’lim dasturi asosida tayyorlanadi. STEAM yondashuvi deganda, darsliklarning fanlarni integratsiyalashgan holda o‘rgatishga qaratilgani tushuniladi. Bu orqali mantiqiy va tanqidiy fikrlash tarzi rivojlantiriladi.

Ayni jihatdan o‘qituvchilarning o‘rni va ahamiyati alohida. Ular ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etib, ta’limni modernizatsiyalash vazifalariga mos holda har bir o‘quvchining ichki imkoniyatlarini ishga soladi.

— Oddiy umumta’lim maktablaridan tortib, barcha tipdagi ta’lim muassasalarida pedagoglar va darsliklar mavzusi chambarchas ahamiyatga ega. Prezident maktablarida ta’lim ikki asosiy o‘quv dasturi asosida olib boriladi: birinchisi — xalqaro Kembrij o‘quv dasturi, ikkinchisi — milliy o‘quv dasturi. Kembrij dasturi asosida o‘qitiladigan fanlar uchun darslik va o‘quv materiallari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Cambridge University Press tomonidan ta’minlanadi. Bu materiallar xalqaro akademik standartlarga javob beradi va o‘quvchilarning tanqidiy fikrlash, tahlil hamda mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Milliy o‘quv dasturi asosida o‘qitiladigan fanlar uchun darsliklar esa davlat tomonidan tasdiqlangan va taqdim etilgan o‘quv adabiyotlari asosida tashkil etiladi, — deydi Toshkent shahridagi Prezident maktabi ijrochi direktori vazifasini bajaruvchi Humoroy Ashirova. — Ayni paytda maktabimizda 38 pedagog faoliyat yuritmoqda. Ulardan 27 nafari mahalliy, 11 nafari xorijiy mutaxassislar. Xorijlik muallimlar turli mamlakatlardagi ilg‘or ta’lim tajribasini maktabimizga olib kirib, xalqaro akademik muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu tarkib milliy qadriyatlar va global ta’lim tajribasining muvozanatli uyg‘unligini ta’minlaydi.

Hozir Prezident maktablari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimiga kiritilgan. Tizim ta’lim mazmuni, boshqaruv shakli, xalqaro dasturlar integratsiyasi va o‘quv muhitining kompleks ravishda ishlab chiqilgani bilan o‘ziga xos va noyob.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda Prezident maktablariga muayyan darajada o‘xshash modelda faoliyat yurituvchi ta’lim muassasalari bor. Ular iqtidorli o‘quvchilarni tanlov asosida qabul qilishi, davlat tomonidan moliyalashtirilishi, zamonaviy laboratoriyalar va kuchli STEАM yo‘nalishiga egaligi hamda xalqaro universitetlarga tayyorlash imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Bunday maktablarda ta’lim ilmiy tadqiqot, innovatsiya va mustaqil fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan. Jumladan, Turkiyaning Fen Liseleri, Janubiy Koreyaning Science High Schools, Singapurning NUS High School of Mathematics and Science, Qozog‘istonning Nazarbayev Intellectual Schools hamda Birlashgan Arab Amirliklarining Applied Technology Schools maktablari ana shunday yuqori maqomdagi ta’lim muassasalari. Boshqa davlatlardagi nufuzli maktablar ayrim jihatlari bilan biz so‘z yuritayotgan ta’lim dargohlariga o‘xshash bo‘lsa-da, to‘liqcha bir xil emas, ya’ni Prezident maktablari kabi barcha yo‘nalishlarni qamrab olgan yagona kompleks tizim emas.

Maqomga munosib natijalar

Prezident maktablarining Xalqaro maktablar kengashiga a’zo bo‘lishi ta’lim muassasasining xalqaro darajada tan olinganidan darak. Bu ushbu tipdagi maktabda tahsil olayotgan o‘quvchilarning chet eldagi nufuzli universitetlarda o‘qish uchun grant yutish imkoniyatini yanada oshiradi. Fikrimizning isboti o‘laroq, xorijiy universitetlarga o‘qishga to‘liq grant asosida qabul qilinayotgan yoshlar safi yil sayin ortib borayotganini ko‘rsatish mumkin. Misol uchun, 2023 yilda Namangan shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi dunyo reytingida 4-o‘rinda turadigan Garvard universitetiga, 2024 yilda Toshkent shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi Garvard va Prin cton universitetlariga 100 foizlik grant asosida o‘qishga qabul qilindi. 2025 yilda Guliston shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi Chikago universitetiga, Nukus shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi esa Pechak ligasiga kiruvchi Braun universitetiga grant yutib oldi.

Joriy o‘quv yilida ham Farg‘ona shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi Dilafruz Sobirova Garvard universitetida 100 foizlik grant asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu kabi yutuqlar yildan yilga ortib bormoqda. Ular ko‘pchilik va bunday intilish muntazam davom etmoqda.

Shuningdek, Toshkentdagi Prezident maktabi “Zayed Sustainability Prize” mukofotining “Global o‘rta maktablar” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Ushbu maktabning ikki o‘quvchisi Pahlavon G‘ulomov va Asilbek Ashrapov hamda ularning ustoz i So‘hibxon Azizovning yomg‘ir suvini ichishga yarokli darajagacha qayta ishlash bo‘yicha loyihasi birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Tanlovga 156 davlatdan jami 5980 ta ariza kelib tushganini e’tiborga olsak, bu yutuq zalvori ancha baland ekaniga ishonch hosil qilamiz.

Prezident maktablari qisqa muddatda xalqimiz, ota-onalar va o‘quvchilarning ishonchi hamda e’tirofiga sazovor bo‘lib ulg urdi. Yaratilgan imkoniyatlar va erishilayotgan yutuqlar esa ularda o‘qishga talabgorlar soni yil sayin oshishiga sabab bo‘lyapti. Birgina Toshkent shahridagi Prezident maktabi misolida aytsak, o‘tgan yilgi qabul natijalariga ko‘ra, bitta o‘rin uchun 108 nomzod hujjat topshirgan. Bu esa tanlov juda yuqori darajada ekani va jamoatchilik ishonchi yildan yilga mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.

Rustam BOYTO‘RA,

“Yangi O‘zbekiston” muhbiri