Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda Sergeli tumanida katta o‘zgarishlar bo‘lganini ta’kidladi. Yaqin-yaqingacha poytaxtning chekka hududi hisoblangan Sergelida aholi ishlash, daromad topish, dam olish va tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun asosan shahar markaziga borishga majbur edi. 

Bugun esa tumanda muhit va odamlarning yashash tarzi tubdan o‘zgardi. Sergelida “hayot qaynayapti”. So‘nggi o‘n yilda bu yerda 30 ming xonadonli yangi uy-joylar, umumiy maydoni 2 million kvadrat metr bo‘lgan sanoat, savdo va servis obyektlari barpo etildi. 

Tadbirkorlar soni 2,5 mingtadan 6 ming 200 taga ko‘paydi. Tumanda shakllangan budjet tushumlari 382 milliard so‘mdan 2 trillion 200 milliard so‘mga, ya’ni 5,5 barobar oshdi. Aholi uchun 5 ta yirik dam olish maskani va istirohat bog‘lari ishga tushirildi. 

Toshkent viloyatidan o‘tgan 13 ta mahallaning hisobiga Sergeli tumani hududi 1 ming 800 gektarga kengayib, jami 5,6 ming gektarga yetdi. Sergelini boshqa tumanlar va shahar markazi bilan bog‘laydigan 9 kilometrlik yo‘l, 8 ta stansiyadan iborat yangi metro liniyasi bunyod etildi. 

Maktab o‘rinlari 25 mingdan 38,5 mingga, bog‘cha o‘rinlari 7,5 mingdan 15,5 mingga ko‘paydi. 50 ta davlat va xususiy klinika tashkil etildi. 

Shu bilan birga, transport, yo‘l, elektr, suv va kanalizatsiya kabi infratuzilma tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha yechimini kutayotgan masalalar hali ko‘pligi qayd etildi.