Olamdagi jamiki ezgu ishlar, barcha bunyodkor harakatlar dastlab yaxshi niyatdan, xushxabardan boshlanishi haq gap. Agar inson koʻnglida bir yorugʻ orzu tugʻilsa, u kun kelib, albatta, hayotiy voqelikka aylanadi.

Bekobod tumani boʻylab soʻnggi bir yilda jadal surʼatlarda boshlangan bir-biridan quvonchli voqealar, odamlar koʻz oʻngida sodir boʻlayotgan ulkan oʻzgarishlar, xonadonlarga, oilalar turmush sharoitiga kirib borayotgan xalqchil islohotlar mevasi — bularning bari kitoblarga sigʻmaydi.

Prezidentimizning tumanimizga, uning 175 ming aholisiga alohida mehr va eʼtibori tufayli keyingi bir yil Bekobod tumani uchun “katta sakrash” yili boʻldi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Avvalboshda bunday oʻzgarishlardan hayratda boʻlgan tuman ahli oradan hech qancha vaqt oʻtmay, ushbu bemisl yangilanishlarga yeng shimarib qoʻshilib ketdi.

Qirq yil orzu qilingan, ota-bobolarimiz koʻrmay oʻtib ketgan muhtasham koʻp­riklar bitdi, poytaxtga olib boruvchi tez­yurar poyezdlar uchun temir yoʻl qurilishi boshlandi, oʻnlab taʼlim, madaniyat va sport inshootlari barpo etildi, 30 ming aholi yashashiga moʻljallangan “Yangi Oʻzbekiston” massiviga poydevor qoʻyish arafasida turibmiz. Yoʻllar, elektr va ichimlik suv tarmoqlari yangilandi, umrida bozorga yolchimagan tumanga bir emas, biryoʻla ikkita zamonaviy bozor qurilmoqda.

Oʻtgan qisqa muddatda jami 51 ta mahalla binolari havas qilgudek qiyofaga keltirildi, ulardan 24 tasi yangidan ­bunyod etildi. Atrofida infratuzilma barpo qilinib, butun tuman hududi joʻshqin hayot tarziga oʻtdi.

Katta-kichik oʻnlab ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik subyektlari, yuzlab xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi orqali odamlarning turmush sifati yaxshilanmoqda, minglab yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda.

Zafar shaharchasining qoq markazida qad koʻtargan, Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yaqinda ochilish marosimi boʻlib oʻtgan Yangi Bekobod markaziy maydonining serviqor arkasi, xotira majmuasi, tuman tarixi muzeyi, eng muhimi, 35 metrli davlat bayrogʻi kun sayin qadr topib, koʻksi togʻdek baland boʻlayotgan mehnatkash bekobodlik­larning gʻururi ramziga aylandi.

Mana shunday hayajonlar ichra yashayotgan paytimizda yana bir xushxabar keldiki, ­Bekobod tumanida boshqa sohalardan aslo kam boʻlmagan holda maʼnaviy bunyodkorlik ham jadal oʻsayotganiga shubha qolmadi.

Bundan 9 yil avval Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan “Yosh kitobxon” tanlovining respublika final bosqichi tumanimizda oʻtkazilishi har bir bekobodlik qalbiga cheksiz gʻurur va iftixor hissini jo qildi.

Lekin bu faqat iftixor emas, ulkan ­masʼuliyat, bizga bildirilgan katta ishonchga munosib javob berish imkoniyati ham edi. Shu bois, nafaqat masʼul va mutasaddilar, balki butun tuman ahli ushbu maʼrifat bayramini munosib hamda yuqori saviyada oʻtkazishga astoydil tayyorgarlik koʻrdik.

Bir-biridan koʻrkam bunyodkorlik inshootlari sababli tobora chiroy ochayotgan Bekobod tumani endi yana bir goʻzallik — kitobxonlik nafasi va ilm ziyosi bilan har qachongidan ham yorishib ketdi.

Tumanimiz oʻrtasidan hayqirib oqib oʻtgan, bir vaqtlar ustoz Oybek domlaga ilhom ulashgan Sirdaryoning soʻlim qirgʻoqlari, Pirimqul Qodirov va Muhammad Ali singari zabardast adiblarga taʼlim-tarbiya bergan Bekobod quchogʻi yana ulkan mutolaa maydoniga aylandi. 

Biz yurtimizning 42 nafar eng zukko, aziz farzandiga mezbonlik qilish sharafiga muyassar boʻlgan edik. Bekobod kitob yogʻdusiga, ilm nuriga toʻldi. Qurilish jabhalarida kunu tun mehnat qilayotgan mohir ustalar, dalalarda yerga urugʻ qadayotgan dehqonlar, ipak qurti boshida bedor boʻlgan zahmatkash pillachilar, beshik tebratayotgan kelinchaklar, nuroniy otaxon va onaxonlar, qoʻyingki, hamma-hammaning qalbida kitob bayramining hayajoni uygʻondi.

Kitob uzra Vatan jamlandi

18-may kuni tumanimizning keng jamoatchiligi ishtirokida jonajon Oʻzbekistonimizning barcha hududlaridan kelgan 42 nafar bilimdon va kitobxon farzandimizni, ularga hamrohlik qilgan bobo-buvilarini, ota-onalarini, nufuzli hakamlar va Yoshlar ishlari agentligi masʼullarini katta shodiyona ruhi, karnay-surnay sadolari va non-tuz bilan kutib oldik.

Prezidentimiz nutqlaridan birida “Kitob oʻqishga ishtiyoqmand, ilmga chanqoq va zehnli farzandlarimiz timsolida koʻz oldimizda buyuk ajdodlarimizga munosib maʼrifatli avlod shakllanmoqda”, degan edi. Darhaqiqat, avtobusdan tushib kelayotgan 10-30 yoshli kitobxonlar ana shu ishonch bilan aytilgan soʻzlarning hayotiy isboti edi.

Ularning har birini xuddi oʻz farzandlarimizdek bagʻrimizga mahkam bosdik, chin dildan qutladik, respub­lika bosqichida omadlar tiladik. Chunki ular final bosqichiga yetib kelgunicha qancha tunlarni tong­larga ulab, mutolaa qilganini, maktabdan, oliygohdan, turmush qurgan qizlar esa uy yumushlaridan, boladan, qaynona-qaynota xizmatidan ortib, tunlari kitobga mashgʻul boʻlganini biz ham chuqur anglaymiz.

Ularni tuman ixtisos­lashtirilgan maktab binosida puxta tayyorlangan va asosiy bellashuvlar boʻlib oʻtadigan pavilyonga kuzatib qoʻyar ekanmiz, biz — bek­obodliklar ham ota-­onalar oʻz farzandlarini kuzatib turadigan katta monitorlar atrofiga hayajon va muxlislik kayfiyati bilan jam boʻldik.

Shu oʻrinda bir jihatni aytmasak boʻlmaydi. Toʻgʻri, hammamiz ham kitob oʻqiymiz. Biroq oʻqigan va uqqan maʼnolaringni ulkan izdihom qarshisida turib, minglab kuzatuvchilar, nufuzli hakamlar va salobatli ekspertlarning sinchkov nigohi ostida soʻzlab berish juda mushkul ekanini ich-ichimizdan his qildik.

Mir Alisher Navoiy bobomizning “Oson ermas bu maydon ichra turmoq...” degan teran falsafasini shu yerda oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik. Quvonarlisi, garchi ota-onalar, kuzatuvchilar har qancha hayajon tuysak ham asl bilimdon va kitobxonlar oʻz salohiyatini namoyish qilishda chin jasorat namuna­sini koʻrsatdi.

Kuchli bilim va xotira, kitob­lardan egallangan ilm va hayrat, ota-onalarning duosi, eng muhimi, davlatimiz rahbarining yuksak ishonchi barcha ishtirokchilarga beshta shart davomida mustahkam qanot boʻldi.

Ayniqsa, Namangan viloyatidan tashrif buyurgan yosh kitobxon, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sov­rindori Dilafroʻz Toʻychiyeva garchi jismoniy imkoniyati cheklangan boʻlsa ham, butun tanlov davomida kuchli bilim va matonatini namoyish qilgani nafaqat ishtirokchilar, balki Bekobod yoshlari uchun ham ibrat boʻldi.

“Men 8-marta operatsiya boʻlganman, — dedi Dilafroʻz. — Ogʻir tushkunlikda yurgan kezlarim mana shu kitobxonlik tanlovi haqida eshitib qoldim. Meni hayotga qaytargan, oʻzimga ishonchni uygʻotgan ushbu tanlov tufayli yangidan tugʻilgandek his qilganman oʻzimni!”.

Yoki avtohalokat tufayli turmush oʻrtogʻi bevaqt vafot etib, ikki farzandini yolgʻiz ulgʻaytirayotgan surxondaryolik ishtirokchi Fazilat Diyorova koʻrsatgan eng yuqori natija ham barchani birdek hayratga soldi.

“Boshimga tushgan kutilmagan baxtsiz hodisani va ayriliq dardini faqat kitobxonlik orqali yengib kelmoqdaman. Bugun gʻoliblik shohsupasida turarkanman, koʻz oldimdan oʻsha ogʻir kunlar bir-bir oʻtmoqda. Biroq kitoblar olami meni hamisha qaygʻu va tushkunlikdan asradi. Buning uchun umrim boʻyi kitoblarga va ushbu tanlovga taʼzimdaman”, deydi Fazilat koʻzda yosh bilan.

Shunda tushundikki, kitob va mutolaa faqat maʼnaviy ozuqa va ilm emas, hayotning pastu baland sinovlarida inson irodasini toblaydigan, unga ruhan madadkor boʻladigan moʻjiza hamdir.

Hakamlar hayʼati aʼzosi, sevimli shoi­rimiz Eshqobil Shukur tanaffus paytida bir iftixorni alohida taʼkidladi: “Bu yilgi barcha qatnashchilar favqulodda zukko va bilimdon. Bu, hech shubhasiz, yurtimizda kitobxonlikka boʻlgan eʼtiborning yil sa­yin rivojlanib borayotgani mevasidir”.

Chindan ham, ulkan ekranlar orqali har uchala yosh toifasidagi kitobxon bolalarning chiqishini kuzatar ekanmiz, Qoraqalpogʻistondan Andijongacha, Toshkentdan Surxondaryogacha boʻlgan hududlardan kelgan bu bilimdonlar oʻz hududlari sharafini himoya qilish hamda Prezidentimiz sovgʻasiga munosib boʻlish uchun bor kuch-gʻayratini, salohiyatini ishga soldi. Maydonda — kuchlilar, ularning bilimiga bosh mezon esa adolat boʻldi.

Farzandi sahnaga chiqqanda monitor qarshisida koʻzda yosh bilan teppa-teng pichirlayotgan ota-onalar, nabirasini duo qilib turgan bobo-buvilar, shogirdi ortidan parvona boʻlgan ustozlar, opasi yo akasini qoʻllab-quvvatlash uchun kelgan jajji va murgʻak izdoshlar — bularning bari Bekobod tumaniga yangi ilhom va betakror hissiyotlar baxsh etdi.

Bizni hayajonlantirgan yana bir quvonch­li holatni ham aytishimiz joiz. Bekobod tumanidagi 42-maktabning 7-sinf oʻquvchisi, oddiy suvchining farzandi Odinaxon Suvonqulova bu yilgi “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida 10-14 yoshlilar oʻrtasida ishtirok etgani, Toshkent viloyati va tumanimiz sharafini munosib himoya qilgani qalblarimizni gʻururga toʻldirdi.

Avvalroq bu kitobxon qizimiz “Kitobxon kids” respublika tanlovida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Odinaning ushbu yutugʻi tumanimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishda ajoyib namuna boʻldi va uning xonadonida tuman jamoatchiligi tomonidan 5000 ta kitobdan iborat kutubxona tashkil etib berildi. Endi 14 yoshli qizchamizning uyida oʻz shaxsiy kutubxonasi bor.

Prezidentimizning ezgu maqsadlari ham aslida shu, yaʼni har bir oila kitobga doʻst boʻlsin, unib-oʻsib kelayotgan farzandlarimiz kitob bilan birga ulgʻaysin. Chunki oilalarda kitob oʻqilishi jamiyatning yuksalishi va yutugʻidir.

Bunday ezgu ishlar jadal davom ettirilib, tumanning bosh maydonida Bekobod markaziy kutubxonasini barpo etish bosh­landi. Barcha sharoitlarga ega boʻladigan zamonaviy bu ziyo maskani mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi haqida eshitib, bir quvonchimizga oʻn quvonch qoʻshildi. Bunday kutubxonalar endi tumandagi 51 ta mahallaning har birida tashkil etiladigan boʻldi.

Shuningdek, oʻtgan bir yil davomida “Har maktabga 100 kitob” tashabbusi va boshqa madaniy tadbirlar doirasida 60 ta umumtaʼlim va 3 ta xususiy maktabga 20 mingta eng sara adabiyot sovgʻa qilindi.

Ushbu kitoblarni topshirish tadbirlari chinakam maʼrifat bayramiga aylanib ketdi. Chunki ushbu tadbirlar doirasida tumanimizga 500 dan ziyod olim, taniqli shoir va yozuvchilar, senatorlar, jurnalistlar va sanʼatkorlar tashrif buyurdi.

Oʻtgan yili tumanimizda Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan oʻtkazilgan Hosil bayrami bir ajoyib jihati bilan koʻpchilikning yodida qoldi. Yaʼni ushbu bayramga bagʻishlab tashkil etilgan uloq-koʻpkari musobaqasida bosh sovrin sifatida 1000 ta kitob qoʻyilgani, mohir chavandoz va polvonlar aynan mana shu gʻoyat qimmatli maʼnaviy boylikka erishish uchun astoydil kuch sinashgani butun respublikaga xushxabar boʻlib yoyildi.

Tumanimizda kitobga boʻlgan shunday hurmat-ehtirom “Yosh kitobxon” tanlovi bu yil aynan Bekobodimizda oʻtkazilishiga poydevor boʻlgani biz, ziyolilar qalbini cheksiz gʻurur va iftixorga toʻldirdi.

Davlatimiz rahbari har gal kitobxonlik haqida soʻzlaganida “Biz bugun bolalarimizning qoʻliga kitob bersak, ertaga ular mamlakatimizga buyuk kashfiyotlar va ulugʻvor ishlar tuhfa etadilar”, deb taʼkidlaydi.

Biz bu soʻzlar naqadar haqiqat ekaniga Bekobod bagʻrini kitobning zavqu shavqiga toʻldirgan yoshlar, mutolaa madaniyatiga yanada kuchli turtki bergan “Yosh kitobxon” tanlovi misolida guvoh boʻldik.

Muhtasham yakun

Toʻrt kun davomida barchaning qalbiga muhrlanib ulgurgan muhim tanlov nihoyasiga yetib borar ekan, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev juda ­quvonchli xabarni yetkazdi. Yaʼni “Yosh kitobxon” tanlovi tarixida ilk marotaba bosh sovrin, yaʼni Prezident sovgʻasini bu yil davlatimiz rahbarining shaxsan oʻzi topshiradi. Ana endi yoshlar koʻzidagi faxru iftixorni, ota-onalar qalbidagi shodlikni koʻring!

Tanlov jarayonidagi his-hayajonlar bir taraf boʻldi-yu, ushbu xushxabar shodligi hammani ruhlantirib yubordi. Oʻzingiz tasavvur qiling, munosib ishtirokchilar va gʻoliblarni shaxsan Prezidentimizning oʻzi qutlasa, barcha ishtirokchilar bilan shaxsan uchrashsa, bu katta baxt-ku axir!

Nihoyat natijalar eʼlon qilinib, Bek­obod tumani bagʻri tabriklaru shodon qiyqiriqlar, sevinch koʻz yoshlariyu guldastalarga toʻlgan bir paytda biz — bekobodliklar hammadan ham xursand edik.

Boisi, chekka va olis, qoloq tuman deb atab kelingan Bekobodimiz kitobxonlik va maʼrifat tantanasiga mezbonlik qildi. Ushbu tanlovni yuqori saviyada oʻtkazishdek ishonchni oqlashga butun jamoatchilik birlashib harakat qildik.

Tadbir yakunida soʻz olgan hayʼat raisi, professor Bahodir Karimning “Qayerda ­kitobxonlar yigʻilsa, qayerda kitob haqida fikr aytilsa, oʻsha joy mamlakatning maʼnaviy markazi sanaladi. Men bugun Bekobod tumanini ana shunday markaz deb bilaman. Chunki tanlovni hozirgacha poytaxtimizda qanday oʻtkazgan boʻlsak, bu yerda ham xuddi shu darajada — yuqori saviyada tashkil qilingan. Yurtimizning 14 hududidan kelgan bolalar Bekobodda oʻtgan ushbu tanlov haqidagi yorqin taassurotlarini oʻzlari bilan olib ketadi va umrbod faxrlanib gapirib yurishadi”, deya eʼtirof etgani har bir tumandoshimiz qalbini toʻlqinlantirib yubordi.

Jigarbandimizdek boʻlib qolgan yosh kitobxonlar va ularning hamrohlarini kuzatar ekanmiz, ularning koʻzidagi quvonch va minnatdorlikni koʻrib, oʻzimizga bildirilgan ishonchni oz boʻlsa-da uddalaganimizga behad shod edik. Yana bir quvongan jihatimiz — ertaga bu qorakoʻz yoshlar davlatimiz rahbari bilan uchrashish baxtiga muyassar boʻlgani edi.

Shu bois, butun tuman ahli ular bilan qayta-qayta suratga tushib, bemisl havas va duolar bilan poytaxtga kuzatdik.

Ertasiga — 22-may kuni ushbu qorakoʻzlarni butun mamlakatimiz tanidi, tan oldi va havas qildi. Yurtimiz yetakchisi yana bir ulkan loyihaga — Milliy kitobxonlik harakatiga start berar ekan, avvalo, “Yosh kitobxon” tanlovi va ishtirokchilariga alohida eʼtibor qaratdi. Tadbir davomida yoshlarni tabriklar ekan, “Hech qachon unutmanglar, aziz oʻgʻil-qizlarim! Ziyoli va maʼrifatli xalqni dunyoda hech bir kuch yenga olmaydi”, deya taʼkidladi.

Garchi asosiy sovrin — avtomashina sohiblariga havas qilgan boʻlsak-da, oʻsha yerda hozir boʻlgan 42 ishtirokchiga birdek nasib qilgan oliy mukofot bizni gʻoyat xursand qildi. Bu mukofot Prezident bilan uchrashish baxti, bevosita suhbatlashish va birga suratga tushish sharafi edi.

Shu oʻrinda bugungi yoshlarga havas qilib aytamizki, biz uzoq yillar maktabda dars berib, jamoat faoli boʻlib butun millatni birlashtiradigan bunday kitobxonlik harakatini koʻrmaganmiz. Endi ayting, yillik mukofot fondi 240 ming dollar, birinchi oʻrinni olganga 50 ming dollar, qayerda bor bunday ezgu harakat!

Davlatimiz rahbari ushbu yangi va keng miqyosli kitobxonlik harakati mohiyatini tushuntirar ekan “Har qanday millatning buyukligi, avvalo, uning ilmga boʻlgan munosabatida, kitobxonlik madaniyatida namoyon boʻladi. Bugun start olayotgan dastur mamlakatimizda kitobxonlikni mutlaqo yuksak darajaga olib chiqishiga ishonchim komil”, deb yoshlarimizni ruhlantirdi.

Shunday ezgu maqsadlar yurtimizni kitobxon mamlakatga aylantirishini oʻylab, biz bekobodliklar ham cheksiz kuch va ilhomga yoʻgʻrildik. Farzandlarimiz, kelajak avlodlarimiz taqdiri uchun barchamizdan koʻp qaygʻurayotgan Prezidentimizga dil-dilimizdan rahmatlar aytdik.

Umuman, davlatimiz rahbarining ziyolilarga, kitobxonlarga, adib va shoirlarga, madaniyat va sanʼat namoyandalariga koʻrsatayotgan cheksiz eʼtibor va eʼtirofi uchun biz oʻqituvchilar va ijod ahli hamisha chuqur taʼzimdamiz. Soʻzimiz nihoyasida mamlakatimiz yetakchisiga vaʼda berib aytamizki, Bekobod tumani milliy kitobxonlik harakatida ham eng ilgʻor va peshqadam hududlardan biri boʻladi. Chunki endi bekobodliklar qalbida Prezidentimizning ulkan ishonch va eʼtiborlari hamda “Yosh kitobxon” tanlovining unutilmas taassurotlari oʻchmas maʼnaviy imzo boʻlib muhrlandi.

Umiya HAYDAROVA,

Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi

Ashurali BOYMUROD,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir,

“Doʻstlik” ordeni sohibi

Gʻanimat ABDUGʻOFUROVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi