Olamdagi jamiki ezgu ishlar, barcha bunyodkor harakatlar dastlab yaxshi niyatdan, xushxabardan boshlanishi haq gap. Agar inson koʻnglida bir yorugʻ orzu tugʻilsa, u kun kelib, albatta, hayotiy voqelikka aylanadi.
Bekobod tumani
boʻylab soʻnggi bir yilda jadal surʼatlarda boshlangan bir-biridan quvonchli
voqealar, odamlar koʻz oʻngida sodir boʻlayotgan ulkan oʻzgarishlar,
xonadonlarga, oilalar turmush sharoitiga kirib borayotgan xalqchil islohotlar
mevasi — bularning bari kitoblarga sigʻmaydi.
Prezidentimizning
tumanimizga, uning 175 ming aholisiga alohida mehr va eʼtibori tufayli keyingi
bir yil Bekobod tumani uchun “katta sakrash” yili boʻldi, desak aslo mubolagʻa
boʻlmaydi. Avvalboshda bunday oʻzgarishlardan hayratda boʻlgan tuman ahli
oradan hech qancha vaqt oʻtmay, ushbu bemisl yangilanishlarga yeng shimarib
qoʻshilib ketdi.
Qirq yil orzu
qilingan, ota-bobolarimiz koʻrmay oʻtib ketgan muhtasham koʻpriklar bitdi,
poytaxtga olib boruvchi tezyurar poyezdlar uchun temir yoʻl qurilishi
boshlandi, oʻnlab taʼlim, madaniyat va sport inshootlari barpo etildi, 30 ming
aholi yashashiga moʻljallangan “Yangi Oʻzbekiston” massiviga poydevor qoʻyish
arafasida turibmiz. Yoʻllar, elektr va ichimlik suv tarmoqlari yangilandi,
umrida bozorga yolchimagan tumanga bir emas, biryoʻla ikkita zamonaviy bozor
qurilmoqda.
Oʻtgan qisqa muddatda jami 51 ta mahalla binolari havas qilgudek qiyofaga
keltirildi, ulardan 24 tasi yangidan bunyod etildi. Atrofida infratuzilma barpo qilinib, butun tuman hududi
joʻshqin hayot tarziga oʻtdi.
Katta-kichik
oʻnlab ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik subyektlari, yuzlab xizmat
koʻrsatish shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi orqali odamlarning turmush
sifati yaxshilanmoqda, minglab yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda.
Zafar
shaharchasining qoq markazida qad koʻtargan, Xotira va qadrlash kuni munosabati
bilan yaqinda ochilish marosimi boʻlib oʻtgan Yangi Bekobod markaziy
maydonining serviqor arkasi, xotira majmuasi, tuman tarixi muzeyi, eng muhimi,
35 metrli davlat bayrogʻi kun sayin qadr topib, koʻksi togʻdek baland
boʻlayotgan mehnatkash bekobodliklarning gʻururi ramziga aylandi.
Mana shunday
hayajonlar ichra yashayotgan paytimizda yana bir xushxabar keldiki, Bekobod
tumanida boshqa sohalardan aslo kam boʻlmagan holda maʼnaviy bunyodkorlik ham
jadal oʻsayotganiga shubha qolmadi.
Bundan 9 yil avval
Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan “Yosh kitobxon” tanlovining
respublika final bosqichi tumanimizda oʻtkazilishi har bir bekobodlik qalbiga
cheksiz gʻurur va iftixor hissini jo qildi.
Lekin bu faqat iftixor emas, ulkan masʼuliyat,
bizga bildirilgan katta ishonchga munosib javob berish imkoniyati ham edi. Shu
bois, nafaqat masʼul va mutasaddilar, balki butun tuman ahli ushbu maʼrifat
bayramini munosib hamda yuqori saviyada oʻtkazishga astoydil tayyorgarlik
koʻrdik.
Bir-biridan
koʻrkam bunyodkorlik inshootlari sababli tobora chiroy ochayotgan Bekobod
tumani endi yana bir goʻzallik — kitobxonlik nafasi va ilm ziyosi bilan har
qachongidan ham yorishib ketdi.
Tumanimiz
oʻrtasidan hayqirib oqib oʻtgan, bir vaqtlar ustoz Oybek domlaga ilhom ulashgan
Sirdaryoning soʻlim qirgʻoqlari, Pirimqul Qodirov va Muhammad Ali singari
zabardast adiblarga taʼlim-tarbiya bergan Bekobod quchogʻi yana ulkan mutolaa
maydoniga aylandi.
Biz yurtimizning
42 nafar eng zukko, aziz farzandiga mezbonlik qilish sharafiga muyassar boʻlgan
edik. Bekobod kitob yogʻdusiga, ilm nuriga toʻldi. Qurilish jabhalarida kunu
tun mehnat qilayotgan mohir ustalar, dalalarda yerga urugʻ qadayotgan
dehqonlar, ipak qurti boshida bedor boʻlgan zahmatkash pillachilar, beshik
tebratayotgan kelinchaklar, nuroniy otaxon va onaxonlar, qoʻyingki,
hamma-hammaning qalbida kitob bayramining hayajoni uygʻondi.
Kitob
uzra Vatan jamlandi
18-may kuni
tumanimizning keng jamoatchiligi ishtirokida jonajon Oʻzbekistonimizning barcha
hududlaridan kelgan 42 nafar bilimdon va kitobxon farzandimizni, ularga
hamrohlik qilgan bobo-buvilarini, ota-onalarini, nufuzli hakamlar va Yoshlar
ishlari agentligi masʼullarini katta shodiyona ruhi, karnay-surnay sadolari va
non-tuz bilan kutib oldik.
Prezidentimiz
nutqlaridan birida “Kitob oʻqishga ishtiyoqmand, ilmga chanqoq va zehnli
farzandlarimiz timsolida koʻz oldimizda buyuk ajdodlarimizga munosib maʼrifatli
avlod shakllanmoqda”, degan edi. Darhaqiqat, avtobusdan tushib kelayotgan 10-30
yoshli kitobxonlar ana shu ishonch bilan aytilgan soʻzlarning hayotiy isboti
edi.
Ularning har birini xuddi oʻz farzandlarimizdek bagʻrimizga mahkam bosdik,
chin dildan qutladik, respublika bosqichida omadlar tiladik. Chunki ular final
bosqichiga yetib kelgunicha qancha tunlarni tonglarga ulab, mutolaa qilganini,
maktabdan, oliygohdan, turmush qurgan qizlar esa uy yumushlaridan, boladan,
qaynona-qaynota xizmatidan ortib, tunlari kitobga mashgʻul boʻlganini biz ham
chuqur anglaymiz.
Ularni tuman ixtisoslashtirilgan maktab binosida puxta tayyorlangan va
asosiy bellashuvlar boʻlib oʻtadigan pavilyonga kuzatib qoʻyar ekanmiz, biz —
bekobodliklar ham ota-onalar oʻz farzandlarini kuzatib turadigan katta
monitorlar atrofiga hayajon va muxlislik kayfiyati bilan jam boʻldik.
Shu oʻrinda bir
jihatni aytmasak boʻlmaydi. Toʻgʻri, hammamiz ham kitob oʻqiymiz. Biroq oʻqigan
va uqqan maʼnolaringni ulkan izdihom qarshisida turib, minglab kuzatuvchilar,
nufuzli hakamlar va salobatli ekspertlarning sinchkov nigohi ostida soʻzlab
berish juda mushkul ekanini ich-ichimizdan his qildik.
Mir Alisher Navoiy
bobomizning “Oson ermas bu maydon ichra turmoq...” degan teran falsafasini shu
yerda oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik. Quvonarlisi, garchi ota-onalar, kuzatuvchilar
har qancha hayajon tuysak ham asl bilimdon va kitobxonlar oʻz salohiyatini
namoyish qilishda chin jasorat namunasini koʻrsatdi.
Kuchli bilim va
xotira, kitoblardan egallangan ilm va hayrat, ota-onalarning duosi, eng
muhimi, davlatimiz rahbarining yuksak ishonchi barcha ishtirokchilarga beshta
shart davomida mustahkam qanot boʻldi.
Ayniqsa, Namangan
viloyatidan tashrif buyurgan yosh kitobxon, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti
sovrindori Dilafroʻz Toʻychiyeva garchi jismoniy imkoniyati cheklangan boʻlsa
ham, butun tanlov davomida kuchli bilim va matonatini namoyish qilgani nafaqat
ishtirokchilar, balki Bekobod yoshlari uchun ham ibrat boʻldi.
“Men 8-marta
operatsiya boʻlganman, — dedi Dilafroʻz. — Ogʻir tushkunlikda yurgan kezlarim
mana shu kitobxonlik tanlovi haqida eshitib qoldim. Meni hayotga qaytargan,
oʻzimga ishonchni uygʻotgan ushbu tanlov tufayli yangidan tugʻilgandek his
qilganman oʻzimni!”.
Yoki avtohalokat
tufayli turmush oʻrtogʻi bevaqt vafot etib, ikki farzandini yolgʻiz
ulgʻaytirayotgan surxondaryolik ishtirokchi Fazilat Diyorova koʻrsatgan eng
yuqori natija ham barchani birdek hayratga soldi.
“Boshimga tushgan kutilmagan baxtsiz hodisani va ayriliq dardini faqat
kitobxonlik orqali yengib kelmoqdaman. Bugun gʻoliblik shohsupasida turarkanman,
koʻz oldimdan oʻsha ogʻir kunlar bir-bir oʻtmoqda. Biroq kitoblar olami meni
hamisha qaygʻu va tushkunlikdan asradi. Buning uchun umrim boʻyi kitoblarga va
ushbu tanlovga taʼzimdaman”, deydi Fazilat koʻzda yosh bilan.
Shunda
tushundikki, kitob va mutolaa faqat maʼnaviy ozuqa va ilm emas, hayotning pastu
baland sinovlarida inson irodasini toblaydigan, unga ruhan madadkor boʻladigan
moʻjiza hamdir.
Hakamlar hayʼati
aʼzosi, sevimli shoirimiz Eshqobil Shukur tanaffus paytida bir iftixorni
alohida taʼkidladi: “Bu yilgi barcha qatnashchilar favqulodda zukko va
bilimdon. Bu, hech shubhasiz, yurtimizda kitobxonlikka boʻlgan eʼtiborning yil
sayin rivojlanib borayotgani mevasidir”.
Chindan ham, ulkan
ekranlar orqali har uchala yosh toifasidagi kitobxon bolalarning chiqishini
kuzatar ekanmiz, Qoraqalpogʻistondan Andijongacha, Toshkentdan Surxondaryogacha
boʻlgan hududlardan kelgan bu bilimdonlar oʻz hududlari sharafini himoya qilish
hamda Prezidentimiz sovgʻasiga munosib boʻlish uchun bor kuch-gʻayratini,
salohiyatini ishga soldi. Maydonda — kuchlilar, ularning bilimiga bosh mezon
esa adolat boʻldi.
Farzandi sahnaga
chiqqanda monitor qarshisida koʻzda yosh bilan teppa-teng pichirlayotgan
ota-onalar, nabirasini duo qilib turgan bobo-buvilar, shogirdi ortidan parvona
boʻlgan ustozlar, opasi yo akasini qoʻllab-quvvatlash uchun kelgan jajji va
murgʻak izdoshlar — bularning bari Bekobod tumaniga yangi ilhom va betakror
hissiyotlar baxsh etdi.
Bizni
hayajonlantirgan yana bir quvonchli holatni ham aytishimiz joiz. Bekobod
tumanidagi 42-maktabning 7-sinf oʻquvchisi, oddiy suvchining farzandi Odinaxon
Suvonqulova bu yilgi “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida 10-14
yoshlilar oʻrtasida ishtirok etgani, Toshkent viloyati va tumanimiz sharafini
munosib himoya qilgani qalblarimizni gʻururga toʻldirdi.
Avvalroq bu
kitobxon qizimiz “Kitobxon kids” respublika tanlovida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga
kiritgan edi. Odinaning ushbu yutugʻi tumanimizda kitobxonlik madaniyatini
rivojlantirishda ajoyib namuna boʻldi va uning xonadonida tuman jamoatchiligi
tomonidan 5000 ta kitobdan iborat kutubxona tashkil etib berildi. Endi 14
yoshli qizchamizning uyida oʻz shaxsiy kutubxonasi bor.
Prezidentimizning
ezgu maqsadlari ham aslida shu, yaʼni har bir oila kitobga doʻst boʻlsin, unib-oʻsib
kelayotgan farzandlarimiz kitob bilan birga ulgʻaysin. Chunki oilalarda kitob
oʻqilishi jamiyatning yuksalishi va yutugʻidir.
Bunday ezgu ishlar
jadal davom ettirilib, tumanning bosh maydonida Bekobod markaziy kutubxonasini
barpo etish boshlandi. Barcha sharoitlarga ega boʻladigan zamonaviy bu ziyo
maskani mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida foydalanishga
topshirilishi haqida eshitib, bir quvonchimizga oʻn quvonch qoʻshildi. Bunday
kutubxonalar endi tumandagi 51 ta mahallaning har birida tashkil etiladigan
boʻldi.
Shuningdek, oʻtgan
bir yil davomida “Har maktabga 100 kitob” tashabbusi va boshqa madaniy
tadbirlar doirasida 60 ta umumtaʼlim va 3 ta xususiy maktabga 20 mingta eng
sara adabiyot sovgʻa qilindi.
Ushbu kitoblarni
topshirish tadbirlari chinakam maʼrifat bayramiga aylanib ketdi. Chunki ushbu
tadbirlar doirasida tumanimizga 500 dan ziyod olim, taniqli shoir va
yozuvchilar, senatorlar, jurnalistlar va sanʼatkorlar tashrif buyurdi.
Oʻtgan yili
tumanimizda Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan oʻtkazilgan Hosil
bayrami bir ajoyib jihati bilan koʻpchilikning yodida qoldi. Yaʼni ushbu
bayramga bagʻishlab tashkil etilgan uloq-koʻpkari musobaqasida bosh sovrin
sifatida 1000 ta kitob qoʻyilgani, mohir chavandoz va polvonlar aynan mana shu
gʻoyat qimmatli maʼnaviy boylikka erishish uchun astoydil kuch sinashgani butun
respublikaga xushxabar boʻlib yoyildi.
Tumanimizda
kitobga boʻlgan shunday hurmat-ehtirom “Yosh kitobxon” tanlovi bu yil aynan
Bekobodimizda oʻtkazilishiga poydevor boʻlgani biz, ziyolilar qalbini cheksiz
gʻurur va iftixorga toʻldirdi.
Davlatimiz rahbari har gal kitobxonlik haqida soʻzlaganida “Biz bugun
bolalarimizning qoʻliga kitob bersak, ertaga ular mamlakatimizga buyuk
kashfiyotlar va ulugʻvor ishlar tuhfa etadilar”, deb taʼkidlaydi.
Biz bu soʻzlar
naqadar haqiqat ekaniga Bekobod bagʻrini kitobning zavqu shavqiga toʻldirgan
yoshlar, mutolaa madaniyatiga yanada kuchli turtki bergan “Yosh kitobxon”
tanlovi misolida guvoh boʻldik.
Muhtasham
yakun
Toʻrt kun davomida barchaning qalbiga muhrlanib ulgurgan muhim tanlov
nihoyasiga yetib borar ekan, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher
Saʼdullayev juda quvonchli xabarni yetkazdi. Yaʼni “Yosh kitobxon” tanlovi
tarixida ilk marotaba bosh sovrin, yaʼni Prezident sovgʻasini bu yil davlatimiz
rahbarining shaxsan oʻzi topshiradi. Ana endi yoshlar koʻzidagi faxru
iftixorni, ota-onalar qalbidagi shodlikni koʻring!
Tanlov
jarayonidagi his-hayajonlar bir taraf boʻldi-yu, ushbu xushxabar shodligi
hammani ruhlantirib yubordi. Oʻzingiz tasavvur qiling, munosib ishtirokchilar
va gʻoliblarni shaxsan Prezidentimizning oʻzi qutlasa, barcha ishtirokchilar
bilan shaxsan uchrashsa, bu katta baxt-ku axir!
Nihoyat natijalar
eʼlon qilinib, Bekobod tumani bagʻri tabriklaru shodon qiyqiriqlar, sevinch
koʻz yoshlariyu guldastalarga toʻlgan bir paytda biz — bekobodliklar hammadan
ham xursand edik.
Boisi, chekka va
olis, qoloq tuman deb atab kelingan Bekobodimiz kitobxonlik va maʼrifat
tantanasiga mezbonlik qildi. Ushbu tanlovni yuqori saviyada oʻtkazishdek
ishonchni oqlashga butun jamoatchilik birlashib harakat qildik.
Tadbir yakunida soʻz olgan hayʼat raisi, professor Bahodir Karimning
“Qayerda kitobxonlar yigʻilsa, qayerda kitob haqida fikr aytilsa, oʻsha joy
mamlakatning maʼnaviy markazi sanaladi. Men bugun Bekobod tumanini ana shunday
markaz deb bilaman. Chunki tanlovni hozirgacha poytaxtimizda qanday oʻtkazgan
boʻlsak, bu yerda ham xuddi shu darajada — yuqori saviyada tashkil qilingan.
Yurtimizning 14 hududidan kelgan bolalar Bekobodda oʻtgan ushbu tanlov haqidagi
yorqin taassurotlarini oʻzlari bilan olib ketadi va umrbod faxrlanib gapirib
yurishadi”, deya eʼtirof etgani har bir tumandoshimiz qalbini toʻlqinlantirib
yubordi.
Jigarbandimizdek
boʻlib qolgan yosh kitobxonlar va ularning hamrohlarini kuzatar ekanmiz,
ularning koʻzidagi quvonch va minnatdorlikni koʻrib, oʻzimizga bildirilgan
ishonchni oz boʻlsa-da uddalaganimizga behad shod edik. Yana bir quvongan
jihatimiz — ertaga bu qorakoʻz yoshlar davlatimiz rahbari bilan uchrashish baxtiga
muyassar boʻlgani edi.
Shu bois, butun
tuman ahli ular bilan qayta-qayta suratga tushib, bemisl havas va duolar bilan
poytaxtga kuzatdik.
Ertasiga — 22-may
kuni ushbu qorakoʻzlarni butun mamlakatimiz tanidi, tan oldi va havas qildi.
Yurtimiz yetakchisi yana bir ulkan loyihaga — Milliy kitobxonlik harakatiga
start berar ekan, avvalo, “Yosh kitobxon” tanlovi va ishtirokchilariga alohida
eʼtibor qaratdi. Tadbir davomida yoshlarni tabriklar ekan, “Hech qachon
unutmanglar, aziz oʻgʻil-qizlarim! Ziyoli va maʼrifatli xalqni dunyoda hech bir
kuch yenga olmaydi”, deya taʼkidladi.
Garchi asosiy
sovrin — avtomashina sohiblariga havas qilgan boʻlsak-da, oʻsha yerda hozir
boʻlgan 42 ishtirokchiga birdek nasib qilgan oliy mukofot bizni gʻoyat xursand
qildi. Bu mukofot Prezident bilan uchrashish baxti, bevosita suhbatlashish va
birga suratga tushish sharafi edi.
Shu oʻrinda
bugungi yoshlarga havas qilib aytamizki, biz uzoq yillar maktabda dars berib,
jamoat faoli boʻlib butun millatni birlashtiradigan bunday kitobxonlik
harakatini koʻrmaganmiz. Endi ayting, yillik mukofot fondi 240 ming dollar,
birinchi oʻrinni olganga 50 ming dollar, qayerda bor bunday ezgu harakat!
Davlatimiz rahbari
ushbu yangi va keng miqyosli kitobxonlik harakati mohiyatini tushuntirar ekan
“Har qanday millatning buyukligi, avvalo, uning ilmga boʻlgan munosabatida,
kitobxonlik madaniyatida namoyon boʻladi. Bugun start olayotgan dastur
mamlakatimizda kitobxonlikni mutlaqo yuksak darajaga olib chiqishiga ishonchim
komil”, deb yoshlarimizni ruhlantirdi.
Shunday ezgu
maqsadlar yurtimizni kitobxon mamlakatga aylantirishini oʻylab, biz
bekobodliklar ham cheksiz kuch va ilhomga yoʻgʻrildik. Farzandlarimiz, kelajak
avlodlarimiz taqdiri uchun barchamizdan koʻp qaygʻurayotgan Prezidentimizga
dil-dilimizdan rahmatlar aytdik.
Umuman, davlatimiz rahbarining ziyolilarga, kitobxonlarga, adib va shoirlarga, madaniyat va sanʼat namoyandalariga koʻrsatayotgan cheksiz eʼtibor va eʼtirofi uchun biz oʻqituvchilar va ijod ahli hamisha chuqur taʼzimdamiz. Soʻzimiz nihoyasida mamlakatimiz yetakchisiga vaʼda berib aytamizki, Bekobod tumani milliy kitobxonlik harakatida ham eng ilgʻor va peshqadam hududlardan biri boʻladi. Chunki endi bekobodliklar qalbida Prezidentimizning ulkan ishonch va eʼtiborlari hamda “Yosh kitobxon” tanlovining unutilmas taassurotlari oʻchmas maʼnaviy imzo boʻlib muhrlandi.
Umiya
HAYDAROVA,
Oʻzbekiston
xalq oʻqituvchisi
Ashurali BOYMUROD,
Oʻzbekiston
Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir,
“Doʻstlik”
ordeni sohibi
Gʻanimat ABDUGʻOFUROVA,
Oʻzbekistonda
xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi