Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida yurtimizdagi barcha yigit-qizlarni bayram bilan samimiy tabrikladi.

– Biz islohotlarimizning ilk kunlaridan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini roʻyobga chiqarishni davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab olganmiz, – dedi Prezidentimiz.

Soʻnggi yillarda bu borada mutlaqo yangi tizim yaratildi. Har bir mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yoʻlga qoʻyildi, yigit-qizlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, bandligi, taʼlimi, kasb-hunar egallashi va tadbirkorlik boshlashi uchun keng imkoniyatlar ochildi. Har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilanib, vazirlik va idoralar yoshlar muammolarini oʻrganish hamda ularga yechim topishga safarbar etildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida “Yoshlar daftari” orqali 1,5 million nafar yoshning muammosi hal qilindi. Yosh tadbirkorlar soni 5 karra koʻpayib, 287 mingdan oshdi. Xorijiy tillarni intensiv oʻrganayotgan yigit-qizlar soni 3,5 million nafarga yetdi. Iqtidorli oʻquvchi va talabalar nufuzli fan olimpiadalarida 434 ta, yosh sportchilar xalqaro musobaqalarda 2 ming 245 ta medalni qoʻlga kiritdi.

Davlatimiz rahbari bugungi global raqobat sharoitida mamlakatlarning ustunligi, avvalo, bilim, texnologiya va inson kapitali bilan belgilanayotganiga eʼtibor qaratdi.

– Bilinglar, endi davlatlar hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda. Bilim, ilm-fan va tafakkur mahsuli boʻlgan yangi “Bilimlar iqtisodiyoti” hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari yoshlarni buyuk ajdodlarimizga munosib voris boʻlishga, Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga daʼvat etdi.

Uchrashuvda Prezidentimiz Oʻzbekiston milliy terma jamoasining futbol boʻyicha jahon chempionatidagi ishtirokiga ham toʻxtaldi. Futbolchilarimiz kuchli raqiblar bilan oʻyinlar orqali katta tajriba orttirgani, Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodovning jahon chempionatidagi ilk gollari xalqimizga quvonch bagʻishlagani taʼkidlandi.

– Vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz aʼzolariga ortiqcha his-tuygʻu bilan eʼtiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qoʻllab-quvvatlash, ruhini koʻtarish har qachongidan ham muhim, – dedi Prezidentimiz.

Katta gʻalabalar hali oldinda ekani, buning uchun bolalar futboliga eʼtibor kuchaytirilib, futbol umummilliy harakatga aylantirilishi, kelasi yil yanvar oyida Saudiya Arabistonida oʻtadigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdan boshlanishi qayd etildi.

Prezidentimiz yoshlarning hayotda munosib oʻrin topishi uchun bilim, kasb va texnologiyani eng muhim tayanch sifatida koʻrsatdi.

Shu maqsadda har yili 500 ming nafar oʻgʻil-qizni zamonaviy kasbga oʻqitishga qaratilgan “Kelajak bilimlari ekotizimi” yoʻlga qoʻyiladi. Oʻquv markazlari tashkil etish istagidagi yoshlarga yer va davlat obyektlari imtiyozli shartlarda beriladi, zarur infratuzilma davlat hisobidan yaratiladi, markazlarni qurish va jihozlash uchun kredit stavkasi kompensatsiya qilinadi.

Qoʻlida kasbi bor, lekin yangi koʻnikmalarni egallamoqchi boʻlgan yoshlar uchun “kasb vaucheri” joriy etiladi. Har yili 50 ming nafar yoshning zamonaviy kasblarni oʻrganish xarajatlari foizsiz ssuda hisobidan qoplanadi. Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming nafar ishsiz yoshga xususiy oʻquv markazlarida kasb egallashi uchun bepul vaucher beriladi. Shu yilning oʻzida bu tizim uchun 120 milliard soʻm ajratiladi.

Texnikumlarda xususiy sektor ishtiroki kengaytirilib, litsenziya talablari soddalashtiriladi. Yangi oʻquv yilidan xususiy texnikumlarga ham kasbga oʻqitish boʻyicha davlat granti ajratiladi. Xalqaro kasb tanlovlari gʻoliblari va ularning ustozlari pul mukofotlari bilan ragʻbatlantiriladi.

Xorijiy tillarni mukammal biladigan 650 mingdan ziyod yoshlar salohiyatidan mamlakatimizning boy tarixi, madaniy merosi, turizm va eksport imkoniyatlarini xalqaro maydonda targʻib qilishda foydalanish muhimligi taʼkidlandi. Shu maqsadda “raqamli kontent” platformasi ishga tushirilib, har yili 20 milliard soʻmdan ajratiladi.

Xorijda taʼlim olayotgan yoshlar bilan ishlash boʻyicha ham yangi tizim yaratiladi. Yetakchi xorijiy oliygohlarda oʻqiyotgan 14 mingdan ortiq yigit-qiz taʼtil davrida yurtimizdagi vazirlik, hokimlik, davlat va xususiy kompaniyalarda amaliyot va stajirovka oʻtashi uchun raqamli muloqot platformasi ishga tushiriladi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yoshlarni xususiy sektor buyurtmasi asosida ham nufuzli xorijiy oliygohlarda oʻqitish imkoniyati yaratiladi.

Prezidentimiz oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar uchun yosh mutaxassisga nisbatan daromad va ijtimoiy soliq bir yil davomida 1 foiz etib belgilanishini eʼlon qildi. Bu 200 mingga yaqin bitiruvchini ishga joylashtirish uchun muhim ragʻbat boʻladi.

Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, harbiy xizmat, migratsiya va jazoni oʻtab qaytgan, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi joriy etiladi. “Ustoz – talaba” dasturi asosida uyushmagan yoshlarga koʻmaklashgan talabalar ham ragʻbatlantiriladi.

Shuningdek, “Yoshlar mini-franshizasi” dasturi ishga tushiriladi. Mahalliy brendlar franshizasini oladigan yigit-qizlarga Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasidan 300 million soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Bu dasturlar uchun 500 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Yoshlar uchun kasb va til oʻrganish, ishga joylashish, tadbirkorlik boʻyicha xizmatlardan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish imkonini beradigan Yoshlar xablari tashkil etiladi. Ushbu tajriba Surxondaryodan boshlanib, bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi.

Davlat boshqaruvida yoshlarga ishonchni kuchaytirish maqsadida 5 ta yoʻnalishda “TOP-100” dasturi amalga oshiriladi. Gʻoliblar mukofotlanib, rahbarlik lavozimlariga tavsiya etiladi. Har bir vazirlik va tarmoq oʻz yoʻnalishida iqtidorli yoshlarni tanlab, xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuboradi. Yiliga 2 ming nafar yoshni shunday stajirovkalarga yuborish rejasi ishlab chiqiladi.

Yoshlarni ragʻbatlantirish va yagona maqsad atrofida birlashtirish uchun “Oʻzbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushiriladi. Unda yoshlarning taʼlim, kasb, tadbirkorlik, ilm-fan va jamoatchilik faoliyatidagi natijalari baholanadi. Yuqori natijaga erishganlarga grant, kontraktga chegirma, kasb vaucheri, imtiyozli kredit, xorijiy stajirovka, kadrlar zaxirasiga kirish va ipoteka boʻyicha imkoniyatlar beriladi.

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishda Bank-moliya akademiyasi “aql markazi” sifatida belgilanadi. Akademiya tinglovchilari hududlarda tayyor biznes loyihalarni shakllantiradi, Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi esa ularni qulay shartlarda yoshlarga taklif qiladi. Jamgʻarma yuqori daromad va koʻplab ish oʻrinlari yaratadigan loyihalarga 5 milliard soʻmgacha investitsiya kiritadi. Bu tizim kamida 300 ming nafar yoshga oʻz biznesini boshlash uchun yoʻl ochadi.

Innovatsion startaplarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham yangi vazifalar belgilandi.

– Biz 2030-yilgacha iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirishni reja qilganmiz. Bunga erishish uchun barcha sohalarga yangi gʻoya olib kiradigan innovatsion startaplar kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Soʻnggi toʻqqiz yilda mahalliy startap ekotizimi 15 barobar oʻsib, 4 milliard dollardan oshgani, 1 ming 200 dan ziyod istiqbolli startap loyihalar paydo boʻlgani qayd etildi. Endi har bir vazir, tarmoq rahbari va hokim “1 mingta masalaga – yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasini ishga tushiradi. Yoshlar ishlari agentligi biznes, axborot texnologiyalari va kreativ iqtisodiyot yoʻnalishidagi 100 ta eng yaxshi loyihaga 1 milliard soʻmgacha investitsiya kiritadi.

Axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohasida yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratiladi. “Raqamli hukumat” markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi, kelgusi yil uning quvvati 3 karra oshiriladi. Joriy yilda 20 ta oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Yoshlar ushbu imkoniyatlardan bepul foydalanib, hudud va tarmoqlardagi muammolarga yechimlar ishlab chiqadi.

Yangi AT parklar barpo etilishi hisobidan 20 mingdan ziyod yigit-qiz uchun yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratiladi. “Mening birinchi kompyuterim” dasturi orqali ehtiyojmand oilalardagi 10 ming nafar yoshga noutbuk xaridi uchun yordam koʻrsatiladi.

AT va sunʼiy intellekt yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun “dual taʼlim” kengaytiriladi. “Muhammad al-Xorazmiy” nomidagi davlat stipendiyasi hamda iqtidorli qizlar uchun “Muhandis qizlar” stipendiyasi taʼsis etiladi. Xalqaro olimpiadalar gʻoliblariga berilayotgan 1 milliard soʻmlik ragʻbat sunʼiy intellekt boʻyicha xalqaro olimpiada gʻoliblariga ham tatbiq qilinadi.

Yoshlar qalbida milliy ruhni mustahkamlash, raqamli makonda milliy kontentni koʻpaytirish maqsadida AT parklarda kompyuter va mobil oʻyinlar yaratuvchilari uchun inkubatsion markazlar ochiladi. Har yili milliy ruhdagi kamida 20 ta kompyuter va mobil oʻyin yaratish boʻyicha davlat buyurtmasi beriladi.

– Biz yoshlarga yaratib berayotgan imkoniyatlardan hech bir oʻgʻil-qizimiz chetda qolmasligi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Shu maqsadda “Vatan mehri – ijtimoiy tashabbuslar” tanlovi, ijtimoiy xavf guruhidagi bolalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Qanot” loyihasi yoʻlga qoʻyiladi. “Yoshlar tashabbuslari marafoni”da ilgari surilgan gʻoyalarni amaliy loyihaga aylantirish uchun “Tashabbuslar ofisi” tashkil etiladi va bu ishlarga 50 milliard soʻm ajratiladi.

Uchrashuvda giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bogʻliq jinoyatlar yoshlar kelajagi va millat genofondiga katta tahdid solayotgani ham qayd etildi.

– Bu illatning yoshlarimiz orasida ildiz otishiga aslo yoʻl qoʻymaymiz, uni tag-tomiri bilan quritmaguncha toʻxtamaymiz. Giyohvandlik insonning eng qimmatli boyligi – sogʻligʻi, aql-irodasi, orzu-maqsadlaridan ayiradi. Unutmang! Hayot insonga bir marta beriladi. Bunday illatlarga nisbatan murosasiz boʻling, umrning har bir daqiqasini ezgu ishlarga sarflang! – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz ota-onalarga ham murojaat qilib, farzandning kamol topishi, uning yorqin kelajagi uchun mustahkam poydevor, eng avvalo, oilada yaratilishini taʼkidladi. Ota-onalarni bugungi tez oʻzgarib borayotgan murakkab sharoitda farzand tarbiyasiga har qachongidan ham eʼtiborli va masʼuliyatli boʻlishga chaqirdi.

Uchrashuvda yoshlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. Ular oʻz taklif va tashabbuslarini bildirdi.

Davlatimiz rahbari muloqot yakunida yigit-qizlarni katta marralar sari dadil intilishga, bilim, kasb va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallashga daʼvat etdi.

– Men sizlardagi shijoat, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni koʻrib, doim ruhlanaman. Katta-katta marralar sari olgʻa qadam tashlang, oʻqing, yangi bilim, yangi kasb va zamonaviy texnologiyalarni egallang, qiyinchilikdan choʻchimang, mehnatdan qochmang! Shuni bilingki, ortingizda sizlarni katta umidlar bilan voyaga yetkazgan ota-onangiz bor, sizlarga bilim va tarbiya bergan, kasb oʻrgatgan ustoz va murabbiylaringiz bor, sizlarga hamisha tayanch va suyanch boʻladigan, ishonadigan va doim qoʻllab-quvvatlaydigan Prezidentingiz bor! – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.