Anjumanda mamlakatimizning barcha hududlaridan, shu jumladan, tuman studiyalaridan 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan 1 million 200 minglik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.
Besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazish anʼanasi yoʻlga qoʻyilganidan buyon biznes rivojiga toʻsiq boʻlgan minglab masalalarga yechim topildi. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.
– Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining oʻzida daromadli qilish uchun! – dedi Prezident.
Oʻtgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion soʻmga yetdi. Korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyasi ham 3 karra koʻpaydi.
Sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga, xizmatlar hajmi 1 trillion soʻmdan oshgan tumanlar 41 tadan 152 taga koʻpaydi. Milliy brendini yaratgan, mamlakat boʻylab filiallar ochgan tadbirkorlar safi kengaydi.
Prezidentimiz soʻnggi yillarda Xorazmda ham tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi. Qisqa davrda viloyatga 4 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib, 10 mingta yangi quvvat ishga tushdi. Bugun viloyat iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda, eksportda uning ulushi 81 foizga yetdi.
Jahondagi murakkab vaziyatga qaramay, joriy yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga oʻsdi. Xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren kredit reytingini yaxshiladi.
Davlatimiz rahbari bu natijalar, eng avvalo, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini qayd etdi.
Muloqotda tadbirkorlar koʻtargan masalalar asosida beshta ustuvor yoʻnalish boʻyicha yangi tashabbuslar eʼlon qilindi.
Birinchi yoʻnalish – tadbirkorlik uchun barqaror oʻsish trayektoriyasini taʼminlash.
Kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirishning yangi tizimi yaratiladi. “Kredit xizmatlari yagona raqamli portali” orqali tadbirkor bitta ariza bilan banklarning takliflarini olishi, biznesni endi boshlayotganlar esa 5 milliard soʻmgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin boʻladi.
Biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratilib, yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyganlar uchun “Biznes lift”, yangi oʻsish bosqichiga oʻtayotganlar uchun “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.
“Biznes start” doirasida tadbirkorlarga sunʼiy intellekt yordamida loyiha va kredit hujjatlarini tayyorlash, hisobot yuritish oʻrgatiladi. Tayyor biznes-reja va 200 million soʻmgacha garovsiz kredit berish yoʻlga qoʻyiladi.
– Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qoʻllab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Kichik biznes uchun garov masalasini yengillashtirish maqsadida “kontr-kafolat” tizimi joriy qilinadi. 10 milliard soʻmgacha kreditda tadbirkorning oʻziga 25 foiz garov topish kifoya qiladi.
Ikkinchi yoʻnalish – hududlarda biznes imkoniyatlarini kengaytirish.
Davlat aktivini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushiriladi. Qiymatning yarmini toʻlagan tadbirkor qolgan qismini 7 yilda foizsiz boʻlib toʻlashi mumkin boʻladi.
Auksionga chiqariladigan yer uchastkalari qurilish uchun zarur hujjatlar bilan “tayyor paket” shaklida savdoga qoʻyiladi.
Banklar balansidagi 9 trillion soʻmlik 2,5 mingta mulkni chegirmali narxda, boshlangʻich toʻlovsiz va foizsiz boʻlib toʻlash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi.
Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va Hazorasp maxsus iqtisodiy zonalarining bir qismida “Bond sanoat zonalari” tashkil etiladi. Ularda mahalliylashtirish, R&D, laboratoriya va muhandislik xizmatlari yagona zanjirda yoʻlga qoʻyiladi.
Energiya va gaz uchun 100 foiz oldindan toʻlov talabi ham qayta koʻrib chiqiladi. ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan, toʻlov intizomiga rioya qilayotgan korxonalar uchun avans 15 foiz etib belgilanadi.
Uchinchi yoʻnalish – “sunʼiy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish.
– Bugun qaysi tadbirkor qoʻshilgan qiymatni koʻpaytirsa, sunʼiy intellekt yordamida unumdorlikni oshirsa, tannarx boʻyicha izlansa, ertangi bozor uniki, – dedi Prezidentimiz.
“10 ming korxona uchun – sunʼiy intellekt hamkor” dasturi boshlanadi. Korxonalarning sunʼiy intellekt joriy qilish xarajatining 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Yangi mahsulot uchun model yaratishda superkompyuterdan bepul foydalanish imkoni beriladi.
Dasturning birinchi bosqichiga kamida 100 million dollar ajratiladi.
Mahalliy korxonalarni kapital bozoriga olib chiqish uchun akseleratsiya dasturi yoʻlga qoʻyilib, har yili 50 ta yirik korxona IPOga tayyorlanadi.
Yirik investitsiya loyihalarida kadr tayyorlash komponenti majburiy boʻladi. Urganchda yoʻlga qoʻyilgan kasbga tayyorlash tajribasi barcha hududlarga tatbiq etilib, 1 million yoshni zamonaviy kasblarga oʻrgatish maqsad qilingan.
Toʻrtinchi yoʻnalish – eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish.
Tashqi bozorga chiqishning barcha bosqichlarida kompleks xizmat koʻrsatadigan “Eksport navigator” tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Xorijda talab yuqori boʻlgan 100 ta mahsulot roʻyxati shakllantirilib, har biri boʻyicha bozor, tarif va logistika yechimlari ishlab chiqiladi.
Ikki mingta korxonaning ishlab chiqarish jarayoni tashqi bozor talablariga moslashtiriladi. Tadbirkorlarga xorijiy brendmeyker jalb qilish, milliy brendni tashqi bozorda targʻib qilish, marketpleys va xalqaro tenderlarda ishtirok etish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
Eksportchilarni qoʻllab-quvvatlashning yagona tizimiga kamida 1 milliard dollar yoʻnaltiriladi.
– Bugun dunyoda bozor uchun kurash kun sayin kuchayib boryapti. Bunday vaziyatda xorijga chiqqan tadbirkor hech qachon oʻzini yolgʻiz his qilmasligi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Asosiy va istiqbolli tashqi bozorlarda “eksport elchilari” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Eksportda valyuta tushumi muddatlari uzaytirilib, ayrim cheklovlar bekor qilinadi.
Beshinchi yoʻnalish – biznesga maʼmuriy bosimni keskin kamaytirish.
– Iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yoʻl koʻrsatib, toʻgʻri ishlashga oʻrgatish orqali boʻlishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Kichik biznesda inson sogʻligʻi va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy eʼlon qilinadi.
Ixtiyoriy profilaktik auditdan oʻtgan oʻrta va yirik biznesda kamchiliklar bartaraf etilsa, jarima qoʻllanmaydi. Barcha turdagi jarimalar miqdori oʻrtacha 2 barobar kamaytiriladi.
Kelasi yildan tadbirkor va davlat oʻrtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” hamda “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi.
Tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarining yarmi “sukut – rozilik” tamoyiliga oʻtkaziladi. 30 dan ziyod faoliyat turi boʻyicha litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinib, yana 35 tasini berish muddati qisqartiriladi.
Oziq-ovqat eksporti uchun talab etiladigan bir nechta ruxsatnoma oʻrniga yagona “Salomatlik sertifikati” joriy etiladi.
Muloqotda turizm sohasidagi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash choralari ham belgilandi.
Mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 50 million dollar resurs ajratiladi. Uch, toʻrt va besh yulduzli mehmonxonalar qurish uchun subsidiya berish muddati yana ikki yilga, yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozlar 2030-yilgacha uzaytiriladi.
Turoperatorlarning xorijlik sayyohlarga koʻrsatgan xizmati eksportga tenglashtiriladi. Turistik avtobus va elektrobuslarni olib kelish boʻyicha imtiyozlar ham davom ettiriladi.
Muloqot yakunida iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha asosiy marralar belgilab berildi.
– Biz 40 millionli xalqmiz. Odamlarimiz hayotini yanada yaxshilash uchun yuqori iqtisodiy oʻsishni saqlab qolishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Joriy yil yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan, eksportni 40 milliard dollardan oshirish vazifasi qoʻyildi.
Har bir hududning salohiyatidan kelib chiqib yangi oʻsish nuqtalari belgilab berildi. Toshkentda eksportga yoʻnaltirilgan biznes, Fargʻona vodiysida toʻliq zanjirli sanoat, Samarqand, Buxoro va Xorazmda turizm, kreativ industriya va agrosanoat brendlarini rivojlantirish vazifasi qoʻyildi.
Navoiy va Toshkent viloyatida togʻ-kon, metallurgiya va ilmiy kimyo, Qashqadaryo va Surxondaryoda agrosanoat va neft-gaz kimyosi, Qoraqalpogʻistonda “yashil” energetika, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt, Jizzax va Sirdaryoda avtomobilsozlik, elektrotexnika va qurilish materiallari asosiy oʻsish nuqtalari etib belgilandi.
Ochiq muloqot davomida Prezidentimiz tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini tingladi.
– Yurtimizda zamonaviy fikrlaydigan, oʻz biznesini kengaytirish uchun yangilikka intilayotgan yangi avlod tadbirkorlari shakllanmoqda.
Hech qachon oldinga intilishdan, oʻsishdan, rivojlanishdan, yangilik qilishdan toʻxtamang! Sizlarning ortingizda doimo qoʻllab-quvvatlaydigan kuchli davlat, huquq va manfaatingizni himoya qiladigan qonun, tashabbus va maqsadlaringizni roʻyobga chiqarishda yelkadosh boʻlgan Prezident bor! – dedi davlatimiz rahbari uchrashuv yakunida.