Qayd etilganidek, yoʻl-patrul, patrul-post va qoʻriqlash xizmati xodimlarining xizmat yoʻnalishi va hududidan qatʼi nazar aholi murojaatiga tezkor munosabat bildirishi juda muhim. Jinoyatchilikning oldini olishda huquqbuzarlik omillarini barvaqt aniqlash, ularni bartaraf etish hamda xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash eng samarali profilaktika hisoblanadi.
Shu bilan birga, jinoyatchilikni baholashda raqamlar va koʻrsatkichlarni taqqoslash amaliyotidan toʻliq voz kechilmagani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, kriminogen vaziyatni baholashda faqat statistik koʻrsatkichlarga tayanish emas, balki aholi ishonchi, huquqbuzarliklarning qayta sodir etilishi, xavf guruhidagi shaxslar bilan ishlash natijadorligi asosiy mezon boʻlishi zarurligi qayd etildi.
Taqdimotda jamoat xavfsizligi boʻlinmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari “aholiga xizmat koʻrsatuvchi tizim” tamoyili asosida belgilanishi taklif qilindi. Bosh maqsad – aholining jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan roziligi va ishonchiga erishishdir.
Buning uchun yoʻl-patrul, patrul-post va qoʻriqlash xizmatlari faoliyatini oʻzaro uygʻunlashtirish, ularning aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash borasidagi vazifalarini yagona tizimga birlashtirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashda ayrim funksiya va vakolatlarni patrul-post hamda qoʻriqlash xizmatlariga, jamoat tartibini saqlashdagi baʼzi vakolatlarni esa yoʻl-patrul xizmatiga berish koʻzda tutilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbari bu katta kuch ekanini taʼkidlab, jinoyatchilikni jilovlashda, avvalo, profilaktika inspektori ishini toʻgʻri tashkil qilish zarurligini koʻrsatib oʻtdi.
Amalda profilaktika inspektorlariga xos boʻlmagan 50 ga yaqin qoʻshimcha vazifa yuklatilgani, ayrim hollarda ularning mahallama-mahalla yurib, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish oʻrniga boshqa ishlar bilan band boʻlib qolayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi toʻgʻrisida axborot berildi. Unda profilaktika inspektorining huquqiy maqomi, vazifalari, huquqlari, majburiyatlari, kasbiy faoliyat kafolatlari, ijtimoiy-huquqiy himoyasi, ragʻbatlantirish va javobgarlik choralari aniq belgilanishi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasiga koʻra, profilaktika inspektorining ustuvor maqsadi aholi ishonchining yuqori darajasiga erishish va xizmat hududida jinoyatchilikni jilovlashdan iborat boʻladi. U xizmat hududida tergovga qadar tekshiruv va profilaktikani amalga oshiruvchi mansabdor shaxs hisoblanadi.
Profilaktika inspektoriga faqat qonun bilan belgilangan vazifalar yuklanadi. Uning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasi ostida boʻladi. Alohida “Kasbiy burchiga sodiqlik qasamyodi” qabul qilingan vaqtdan boshlab unga profilaktika inspektori maqomi berilgan hisoblanadi.
Loyihaga koʻra, profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga aralashish, unga taalluqli boʻlmagan topshiriqlar va asossiz yuklamalar berish taqiqlanadi. Davlat organlari profilaktika inspektorining soʻroviga 10 kunda yozma javob berishi, uning taqdimnomasi esa darhol koʻrib chiqilib, bir oy ichida yozma ravishda javob yuborilishi belgilanmoqda.
Profilaktika inspektori davlat organlarining axborot tizimlaridan bepul foydalanish huquqiga ega boʻladi. U huquqbuzarliklar profilaktikasi turini mustaqil ravishda tanlaydi, majburiy profilaktik koʻrsatmalar beradi, taqdimnoma kiritadi va ijrosini talab qiladi, oʻzining profilaktik tadbirlar uslubini ishlab chiqadi hamda vakolati doirasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi.
Shu bilan birga, profilaktika inspektori zimmasiga ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksiga qatʼiy rioya qilish, huquqbuzarliklar toʻgʻrisida fuqarolarning har qanday shakldagi murojaatlarini qabul qilish va tezkorlik bilan munosabat bildirish, huquqbuzarlik sodir etilgan joyga darhol yetib kelish va tekshirish, jabrlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yoki boshqa turdagi yordam koʻrsatish kabi majburiyatlar yuklatiladi.
Qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi ham kuchaytirilmoqda. Hokimliklarga ularni xizmat xonasi va uy-joy bilan taʼminlash majburiyati yuklatilishi, faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanishi, uzoq yil xizmat qilgan xodimlar uchun pensiya taʼminoti boʻyicha qoʻshimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.
Profilaktika inspektorlariga qoʻshimcha vakolatlar ham berilishi rejalashtirilgan. Jumladan, ayrim maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha maʼmuriy jazo qoʻllash vakolati kengaytiriladi, 18 ta modda boʻyicha maʼmuriy ogohlantirish jazosini qoʻllash imkoniyati yaratiladi.
Profilaktika inspektorining aholi oldida hisobdorligi ham kuchaytiriladi. U xizmat hududida xavfsiz muhitni yaratish yuzasidan har chorakda hisobot berib boradi. Agar aholining 50 foizdan yuqori qismi uning faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik bildirsa, inspektor attestatsiyaga qoʻyiladi va lavozimiga loyiqligi koʻrib chiqiladi.
Taqdimotda jamoat xavfsizligini taʼminlash uchun zamonaviy, vatanparvar va har tomonlama yetuk kadrlarni tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Chunki mahalla va tuman darajasida ishlayotgan xodimlar har qanday vaziyatda toʻgʻri qaror qabul qila oladigan bilim, malaka va koʻnikmaga ega boʻlishi shart.
Bu maqsadda Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish, kunduzgi taʼlim kvotasini 600 nafargacha, masofaviy taʼlim kvotasini 300 nafargacha oshirish taklif qilindi.
Universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qoʻriqlash faoliyati yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlanadi. “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” yoʻnalishi va kafedrasi tashkil qilinib, xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar, bozor va savdo majmualari boʻyicha profilaktika inspektorlari tayyorlanadi.
Taʼlim jarayoniga xavf-xatar tahlili, geoaxborot tizimlari, dron va robototexnika, profayling, konfliktologiya, muammoli sotsiologiya, ochiq manbalardan foydalangan holda raqamli tahlil, oilaviy mediatsiya kabi yangi innovatsion fanlarni kiritish rejalashtirilmoqda.
Ichki ishlar organlarida kadrlar tayyorlashning taʼlim klasteri ham shakllantiriladi. Bu jarayonda umumiy oʻrta taʼlimdan boshlab idoraviy ixtisoslashtirilgan maktab-internat, akademik litseylar, ichki ishlar texnikumlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va malaka oshirish institutlarigacha boʻlgan uzluksiz tizim yoʻlga qoʻyiladi.
Kasbiy taʼlim tizimini joriy etish doirasida Namangan va Samarqand texnikumlarida oʻrta-maxsus maʼlumotga ega ofitser va safdorlar tayyorlanadi. Oʻquv jarayonida yuridik-texnik taʼlim, jismoniy bardoshlik, jangovar shaylik, raqamli texnologiyalar, kasbiy taʼlim, birinchi tibbiy yordam, dron va AT platformalar bilan ishlash kabi yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratiladi. Dual taʼlim asosida nazariya va amaliyot uygʻunlashtiriladi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasini ham transformatsiya qilish taklif etildi. Akademiya faoliyati “taʼlim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida qayta tashkil etilib, jamoat xavfsizligini taʼminlash, tezkor-qidiruv faoliyati, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ekspert-kriminalistika va ijtimoiy reabilitatsiya yoʻnalishlarida ixtisoslashgan maktablar shakllantiriladi.
Yangi dual taʼlim matritsasi asosida kursantlar “oʻqish – amaliyot – faoliyat” tamoyili boʻyicha tayyorlanadi. Birinchi kursda asosiy eʼtibor nazariy bilim, jismoniy va jangovar tayyorgarlik hamda tanishuv amaliyotiga, ikkinchi kursda situatsion-imitatsion mashgʻulotlar va sohaviy xizmatlarda ish oʻrganish amaliyotiga, uchinchi kursda esa psixologik barqarorlik, inqirozli vaziyatda qaror qabul qilish va stajyor-xodim sifatida amaliy faoliyatga qaratiladi.
Rahbar kadrlarni tayyorlash tizimi ham qayta koʻrib chiqiladi. Boshqaruv maktabida birinchi va ikkinchi darajali boshqaruv magistraturasi, sohaviy mutaxassislik va ilmiy-pedagogik magistratura, rahbar kadrlarni baholash va malakasini oshirish ofisi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, jamoat xavfsizligi tizimini raqamlashtirish hamda kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.