Tadbirda milliy adabiyotimiz, madaniyat va sanʼatimiz faxri bo‘lgan shoir va yozuvchilar, aktyor, dramaturg va rejissyorlar, qo‘shiqchi, sozanda va kompozitorlar, rassom, haykaltarosh va hunarmandlar, sanʼatshunos olimlar ishtirok etmoqda.
“Davlatni iqtisod ko‘taradi, qonun boshqaradi, armiyа himoya qiladi. Lekin qaysi mamlakat adabiyot va madaniyatga eʼtibor bersa, kelajagi mustahkam bo‘ladi. Qaysi jamiyat ijod va sanʼatni qadrlasa, o‘sha xalqning maʼnaviy immuniteti kuchli bo‘ladi. Bitta yaxshi asar, taʼsirchan qo‘shiq millatning ruhini ko‘taradi, birgina spektakl jamiyatning tafakkurini uyg‘otadi, kinodagi bir obraz butun avlodning qarashini o‘zgartiradi”, – dedi Prezidentimiz.
Ushbu uchrashuvga tayyorgarlik davomida ko‘plab ijodkorlar bilan suhbatlar o‘tkazildi, madaniyat va sanʼat obyektlari joyiga borib ko‘rildi. Davlatimiz rahbari mazkur muloqotning maqsadi sohadagi muammolarga yechim topish hamda adabiyot, madaniyat, sanʼat va kreativ iqtisodiyotda yangi muhit yaratadigan katta tashabbuslarni boshlab berishdan iborat ekanini taʼkidladi. Sohada isteʼdodlarni yuzaga chiqarish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi tizim joriy qilinishi qayd etildi. Jumladan, teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy sanʼat kabi 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi. Ijodiy birlashmalarga bir tomondan ustoz ijodkorlar, ikkinchi tomondan esa vazirlar va kompaniya rahbarlari hamrais bo‘ladi. Bu jarayonda o‘z maktabini yaratgan sanʼatkorlarimiz yoshlarga kasb sirlari va sahna madaniyatini o‘rgatadi. Vazirlar va kompaniya rahbarlari esa eng quyi pog‘onaga tushib, tumanlardagi musiqa maktablari va badiiy jamoalar bilan uchrashib, ularning muammolariga yechim topadi. Yoshlarning ijodiga yangi nafas olib kirish uchun har bir ijodiy birlashma kesimida mahalla – tuman – viloyat – respublika tanlovlarini tashkil qiladi. G‘olib va sovrindorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularni gastrol safarlari, festivallar va xalqaro tanlovlarda ishtirok etishiga ko‘maklashadi.