Bu haqida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. O‘rganishlar davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan haydovchining shaxsi va voqea tafsilotlari aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi Qarshi shahridagi «Chulquvar» mahallasi hududida ko‘p qavatli uylar orasida yuqori tezlikda harakatlangan. Profilaktika inspektori va fuqarolarning to‘xtash haqidagi talabiga ham bo‘ysunmagan.
Haydovchi o‘zida transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi guvohnoma bo‘lmaganini hamda avtomobilni akasi ruxsatisiz olganini tan olgan.
Uning aytishicha, «Sho‘rtan» mahallasi hududida tezlik me’yorini buzgani va yo‘lga yugurib chiqqan bolani urib yuborishga sal qolgan.
Haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 125-moddasi 5-qismi, 128⁵-moddasi 2-qismi, 128¹⁰-moddasi 2-qismi hamda 135-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Damas rusumli avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu haydovchining qo‘pol qoidabuzarliklari oqibatida jabrlangan fuqarolar bo‘lsa, 102 raqamiga yoki yaqin oradagi ichki ishlar organiga murojaat qilishni so‘radi.
YHXX barcha haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.