Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 20 may kuni soat 16:30 larda Qo‘qon shahridagi Amir Temur ko‘chasida sodir bo‘lgan. 9-sinf o‘quvchisi bobosiga tegishli Malibu-2 avtomobilini yuvib kelish uchun olib chiqqan.
Qayd etilishicha, u avtomobilni bobosining ruxsati bilan olgan. Tajribasiz haydovchi Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotib, piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 3-sinfda o‘qiydigan uch nafar qizaloqni urib yuborgan.
Hodisa oqibatida qizlardan biri voqea joyida vafot etgan. Qolgan ikki nafar jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, ulardan biri reanimatsiya bo‘limiga joylashtirilgan.
Videoreportajda voyaga yetmagan yigit haydovchilik guvohnomasi bo‘lmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bobosining avtomashinasini tengdoshlari bilan aylanish uchun olib chiqqan vaqtda piyodalarni urib yuborgan.
Avtomobil egasi — haydovchining bobosi ham holat yuzasidan munosabat bildirib, kalitni nevarasiga mashinani yuvib qo‘yishi uchun berganini, keyin esa uning transport vositasini boshqa joyga haydab ketganini bilmay qolganini aytgan.
Ichki ishlar vazirligi mazkur hodisadan so‘ng ota-onalar va kattalarni voyaga yetmaganlarga avtomobil boshqaruviga ruxsat bermaslikka chaqirdi. Vazirlik avtomobil o‘yinchoq emasligini va bunday beparvolik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Voyaga yetmagan haydovchi protsessual tartibda ushlangan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.