Agar bundan unumli foydalanilsa, kichik maydondan ham yaxshigina hosil va daromad olish mumkin. Keyingi yillarda yurtimiz bo‘ylab ommalashayotgan shunday tajriba ortidan minglab oilalar qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lib, yilda bir necha marta hosil yetishtiryapti.
Buning uchun katta dehqon yoki agronom bo‘lish ham shart emas. Istak va ozgina harakat bo‘lsa kifoya. Qolganiga tomorqachilik korxonalari, agrotadbirkorlar, ixtisoslashuvni chuqurlashtirishga qaratilgan “Agrostar” korxonalari ko‘maklashmoqda. Ular talabgor xonadonlarga urug‘lik yetkazib berishdan tortib, yetishtirilgan mahsulotni eksport qilishgacha bo‘lgan jarayonni zimmasiga olmoqda. Hatto mahsulot yetishtirishni o‘rgatish uchun oilalarga agronomlar ham biriktiriladi. Bu sifatli, hosildor va eksportbop mahsulot olishni ta’minlaydi. Qarabsizki, bu hamkorlikdan aholi ham, agrotadbirkor ham birdək manfaatdor.
Qishloq xo‘jaligidagi mazkur zamonaviy usul ilmiy atamada kooperatsiya, xalq tilida esa tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha hududlar tajribasi sifatida ommalashib boryapti. Kooperatsiya so‘zi ham aynan “hamkorlik”, “birgalikda ishlash” ma’nolarini anglatadi. Bunda aholi va tadbirkorlar ixtiyoriy tarzda o‘z maqsadlari va resurslarini birlashtirib, birga faoliyat yuritadi hamda baravar foyda ko‘radi.
Bu usul yurtimiz qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, tomorqa erlarden unumli foydalanish, yilda bir necha marta hosil olishda samara bermoqda. Agrokorxonalar va aholi hamkorligi ortidan hududlarda ixtisoslashuv ko‘lami kengayib, tomorqalarda mahsulot yetishtirish ko‘rsatkichi, eksport hajmi oshyapti.
Bugun yurtimizda 22 million tonnadan ko‘proq
meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirilayotgan bo‘lsa, shuning 70 foizi
aholi tomorqasi va qishloq xo‘jaligi erlariga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkichni sifat
jihatidan ham oshirish asosiy vazifaga aylangan. Eksport talablariga mos
mahsulotlarni yetishtirish va qayta ishlash, jahon bozorida milliy brendimizni
ommalashtirish, yangi bozorlarга kirib borish ana shu vazifalarning bir qismi.
Shu maqsadda davlatimiz rahbarining 2025
yil 14 fevraldagi tegishli farmoni hamda qarori bilan yurtimizda ilk bor
“Uzagrostar xolding” kompaniyasi tashkil etilib, uning ta’sischiligida 21 tumanda
ixtisoslashtirilgan “Agrostar” korxonalari ish boshladi. Bunday zamonaviy
korxonalarining paydo bo‘lishi mamlakatimiz amaliyotida tomorqachilik va
dehqonchilikni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi. Ular qishloq
xo‘jaligida mahsulot yetishtirish va eksport qilish uzluksizligini ta’minlash,
jahon bozorida milliy brendni yaratishga qaratilgan harakatlarning asosiy kuchiga
aylanishi maqsad qilindi.
Bu borada “Agrostar” korxonalari bevosita
tomorqa er egalari, dehqon va fermerlar bilan kooperatsiya asosidagi hamkorlikda
ishlaydi. Ularga tuproq tahlilidan tortib, yuqori qiymatli bozorlarni topish va
aholi tomorqasida yetishtirilgan mahsulotlarni yagona milliy brend ostida eksport
qilishgacha ko‘maklashadi. Bu mahsulot ekilishidan to pishib yetilguniga qadar
ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan nazorat qilinadi degani. Buning uchun
“Uzagrostar xolding” kompaniyasi tomonidan o‘nlab xorijiy mutaxassislar,
malakali mahalliy agronom, texnolog, usta-dehqonlar bilan shartnomalar
imzolanib, ular agro konsultant sifatida ish olib boryapti.
Xolding tarkibidagi korxonalarning har
biri muayyan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan. Ya’ni har
bir “Agrostar” korxonasi o‘ziga biriktirilgan hududda tomorqa er egalari va
dehqon xo‘jaliklari bilan hamkorlik asosida muayyan turdagi mahsulotni
yetishtirishni yo‘lga qo‘yadi. Masalan, “Yangiyo‘l — Agro Star” MCHJ pomidor va
bulg‘or qalampiri yetishtirish bilan shug‘ullansa, “Asaka — Agro Star” MCHJ sabzavot
ko‘chatlari, “Oltiariq — Agro Star” korxonasi esa uzumchilikka ixtisoslashgan.
Davlatimiz rahbari joriy yil 27-28 aprel
kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida “Quva — Agro Star” korxonasi
faoliyati bilan tanishdi. Bugun shunday ixtisoslashgan agrokomplekslar yurtimiz
qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqarish zanjirining tarqoqligi bilan bog‘liq bo‘shliqni
to‘ldirayotgani ta’kidlandi. Korxonalar sifatli mahsulot yetishtiribgina qolmay,
ularni saqlash, saralash, qadoqlash va tashqi bozorga chiqarish uzluksizligini ham
ta’minlamoqda.
Yetkazib beruvchi ham, sotib oluvchi ham aniq
Vodiyining mashhur tumanlaridan birida
joylashgan “Quva — Agro Star” MCHJ korxonasi anor, gilos, shaftoli kabi mevalarni
yetishtirishda yangicha yondashuvlarni yo‘lga qo‘ygan. Biroq faoliyati bu bilan cheklanmaydi.
Majmuada yiliga 12 turdagi 5000 tonna mahsulot yetishtirilib, ularni saqlash, qayta
ishlash, qadoqlash va eksportgacha bo‘lgan jarayon yagona zanjirda birlashtirilgan. Har
bir bosqich Italiya, Ispaniya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan eng zamonaviy
texnologiyalar asosida olib boriladi.
Korxonaning katta-katta er maydonlarida
intensiv gilos, shaftoli hamda boshqa mevali daraxtzorlar tashkil etilgan. Ular
tomchilatib sug‘orish tizimiga asoslangan. Bu bog‘lardaги mevalarga qarab,
zamonaviy usulda yetishtirilayotganini payqash qiyin emas. Nafaqat ko‘rinishi, balki
ta’mi ham o‘zgacha mevalar xalqaro talablariga mosligi bilan jahon bozorida ancha
xaridorgir.
Ammo mahsulotlarning asosiy qismi aholi tomorqasida
yetishtiriladi. Korxona tumanning 33 mahallasidagi 3000 ta xonadon va 1000 ta
dehqon xo‘jaligi bilan kooperatsiya hamkorligini yo‘lga qo‘ygan. Bunda hududlarning
ixtisoslashuvidan kelib chiqib, turli yo‘nalishlarda ish yuritiladi. Yo‘nalishlardan
biri sifatli, iqlimga mos, kasalliklarga chidamli ko‘chat yetishtirish bilan bog‘liq.
Tumanda ko‘chatchilikka ixtisoslashgan mahallalar bor. “Agrostar” korxonasi ulardagi
xonadonlarga gilos, shaftoli kabi mevali daraxtlar, gul navlari payvandtagini
yetkazib beradi. Bu payvandtaglar korxonaning “invitro” laboratoriyasida
zamonaviy usul hamda maxsus sharoitda tayyorlanadi. 40 sotix maydonda esa
mikroiqlimli issiqxona qurilgan bo‘lib, unda yiliga 1 millionta payvandtag
tayyorlash imkoniyati mavjud.
— Xonadonlarda ko‘chat kooperatsiya shartnomasi
asosida yetishtiriladi, — deydi “Quva — Agro Star” MCHJ direktori o‘rinbosari
Jahongir Yoqubov. — Bunda biz aholiga sifatli navdagi payvandtag yetkazib
beramiz. Odamlar esa undan o‘z tomorqasida ikki yil davomida ko‘chat tayyorlaydi.
Ushbu ko‘chatlarni kelishilgan narxda sotib olamiz. Payvandtag xarajati chegirib
tashlanganda ham xonadon egalari ko‘chatdan bir necha barobar ko‘p daromad ko‘rishi
mumkin. Tayyor ko‘chatlar esa tomorqa er egalari, fermer va dehqon xo‘jaliklariga
mahsulot yetishtirish hamda bog‘ barpo etish uchun yetkazib beriladi. Bu jarayon ham
bevosita korxona ishtirokida bajarilib, ko‘chatni xarid qilgan xonadonlardan
yetishtirgan mahsulotlarini o‘zimiz sotib olamiz yoki eksportga yo‘naltirishga
ko‘maklashamiz.
Sifatli va eksportbop mahsulot yetishtirishning
asosiy mexanizmlarini korxona zimmasiga oladi. Aholi esa ekinlarni tomorqasida
parvarishlab, tayyor holatga keltirib berishi kerak. Buning yaxshi jihati shuki,
odamlarni ko‘chatning sifatsizligi, agrotekhnik tadbirlar bilan bog‘liq tajribasizlik
va eng asosiysi, tayyor mahsulotni sotish muammosi bezovta qilmaydi. Aholi o‘z
tomorqasidan foydalanadi va buning uchun yaxshigina daromadga ega bo‘ladi. Hududlarning
bir mahsulotga ixtisoslashishi esa sotuv va eksport imkoniyatini kengaytirmoqda.
Tumaning O‘zbekiston, Turk, Qaqir mahallalari
gulchilikka ixtisoslashgan. Aksariyat xonadonlarda gul ko‘chati tayyorlanadi.
“Agrostar” bu yo‘nalishda ham qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Sifatli gul ko‘chatlarini
yetishtirish bo‘yicha talabgorlarga bo‘lib to‘lash yoki imtiyozli kredit shartlari asosida
mikroiqlimli issiqxonalar qurib berilyapti.
Hozir ko‘chat yetishtirishda peshqadam
xonadonlar soni ancha ko‘paygan. Shu bois, Quva tajribasi tumaning o‘zidan tashqari
boshqa hududlarda ham keng yoyilib bormoqda. Jarayon davomida odamlarga kichik er
maydonidan ko‘proq daromad olish amaliyoti o‘rgatilmoqda. “Agrostar” korxonalarining
o‘ziga xos jihati ham shunda — ular tanlab olingan hududlarda aholini o‘z
tomorqasida belgilangan turdagi mahsulotni yetishtirishga jalb qilish bilan
cheklanmay, odamlarni shu yo‘nalishda o‘qitib, tajribali hududlar, xonadonlar
amaliyoti bilan tanishtirib boradi. “Uzagrostar xolding” kompaniyasiga biriktirilgan
tijorat banklari esa talabgorlarga moliyaviy masalalarda ko‘mak beradi.
“Agrostar” korxonalari oldiga qo‘yilayotgan
asosiy vazifalardan biri ham shu — aholiga urug‘ tanlash, agrotekhnik tadbirlarni
to‘g‘ri bajarish, sifatli hosil olish, mahsulotni bozor talabiga mos holda
tayyorlash va eksport standartlariga muvofiq qadoqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar
berishga qaratilgan. Boisi, endi tomorqa shunchaki qo‘shimcha daromad manbai emas,
balki oilaviy tadbirkorlikning samarali yo‘nalishiga aylanishi kerak.
Bugun “Quva — Agro Star” korxonasi
sa’y-harakatlari bilan odamlarga 10 sotix tomorqadan 250 million so‘mgacha
daromad olish amaliyoti o‘rgatilayotgani buning yaqqol misoli. Davlatimiz rahbari
agrokorxona erishayotgan natijalarni yuqori baholagani boisi shunda.
Barcha xizmat — bir manzilda
Farg‘ona viloyati azaldan sara mevalari bilan nom chiqargan. Vodiyining uzum va anoridagi ta’mni boshqa joydan topish qiyin. Ularning tilni yoradigan shirasi xorijda ham mashhur. Bu mevalarni qayta ishlab olinadigan tayyor mahsulot esa yanada xaridorgir.
“Quva — Agro Star” korxonasining zamonaviy
ishlab chiqarish tarmoqlarida vodiyda pishib yetilgan eng sara mevalar qayta ishlanadi.
Jumladan, quritilgan meva hamda boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Uzum
mayizga, o‘riklar turshakka aylantirilganida ham ta’mini saqlab qoladi. Chunki bu
eng ilg‘or usul va texnologiyalar orqali bajariladi. Qadoqlangan tayyor
mahsulotlar esa xorij bozoriga o‘zimizning milliy brend — “Dehkan” nomi ostida
eksport qilinmoqda.
— Mahsulotlarimiz Global GAP, ISO 22000,
Halal hamda HACCP kabi xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lib, bu jahon maydonida
milliy brendimizga ishonch va qiziqishni yanada oshiradi, — deydi Jahongir Yoqubov.
— Yildan yilga eksport geografiyamiz kengayib bormoqda. O‘tgan yili ilk bor
Yaponiya va Janubiy Koreya kabi talabchan bozorlarga aviatransport orqali mahsulot
eksport qildik. Chet davlatlarda anor, gilos, quritilgan mevamizga talab katta.
Bu yo‘nalishda hozir bozorda raqobat kuchli ekani ham bor gap. Biz mahsulotlarni
zamonaviy usulda qayta ishlab, qadoqlash barobarida asl ta’mi va yuqori sifatini
saqlab qolishga harakat qilamiz. Bu xaridorlarimizga ham ma’qul. Joriy yil uchun
ko‘plab eksport shartnomalari imzolaganmiz. Yil davomida tashqi bozorga 25 million
dollarlik mahsulot yetkazib berish rejalashtirilgan.
Bu reja nafaqat korxonaning o‘zida, balki
aholi tomorqalari, dehqon va fermer xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan mahsulotlar
hisobiga bajariladi. Korxona viloyatning Quva va Quvasoy tumanlaridagi 12 ming
gektar bog‘ka xizmat ko‘rsatish orqali mevalarni yetishtirishdan tortib, ularga
xaridor topish va eksport qilishgacha ko‘maklashadi. Mahsulotlar patentlanib, qayta
ishlanadi va milliy brendda qadoqlanadi. Qolaversa, “Agrostar” o‘z mahsulotlarini
sotishga qiynalayotgan aholi xonadonlari bilan ham ishlayapti. Tomorqalarda
yetishtirilayotgan mahsulotlarni saralash, saqlash, qayta ishlash va sifatli tayyor
mahsulotga aylantirish orqali sotish va xaridor topish xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
Buning uchun yangi agrokompleks loyihasi
amalga oshirildi. Quva tumani “Turk” MFYdagi 3,5 gektar maydonda yirik va zamonaviy
majmua qurildi. Unda katta hajmdagi sovitkichli ombor mavjud. Mevalarni
saralash, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash liniyalari ishga tushirilgan.
Agrokompleks bir vaqtning o‘zida 15 eksportyorga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega.
Korxona loyihalarni kengaytirishda davom
etmoqda. Qisqa muddatda Quva tajribasini yo‘lga qo‘ygan ushbu hudud nafaqat
tuman, balki yurtimizda intensiv bog‘lar barpo etish, mahsulot yetishtirishdan ishlab
chiqarishgacha bo‘lgan zanjirni faollashtirish, jahon bozorida milliy brendlarni
tanishtishda yetakchilardan biriga aylangan. Oldinda esa ko‘zlangan rejalar ko‘p. Agro
korxona kooperatsiya usulidagi loyihalarni ko‘paytirish, aholi tomorqasida sifatli,
eksportbop mahsulotlar yetishtirish orqali ham ishlab chiqarish quvvatini oshirish, ham
odamlarni daromadli qilishda davom etadi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri