Bunga so‘nggi kunlarda yirik aggregatorlarda kuzatilgan texnik nosozliklar ortidan tiğiz vaqtlarda boshqa platformalarda ham taksi xizmatlari narxi bir necha barobargacha oshgani sabab bo‘ldi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, o‘rganishlar doirasida xizmatlar narxining oshirilishi asosliligi va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan taksi aggregatorlaridan narxlarni shakllantirish algoritmlarini qayta ko‘rib chiqish va ularning keskin hamda sun’iy ravishda oshishining oldini olish so‘raldi.
Shuningdek, aggregatorlarga quyidagi choralarni ko‘rish tavsiya etildi:
haydovchilar mablag‘larini hisoblariga o‘tkazishda yuzaga kelgan texnik nosozliklarni bartaraf etish;
asossiz bloklangan haydovchilarni blokdan chiqarish;
bajarilgan buyurtmalar uchun ko‘zda tutilgan bonuslarni qayta hisob-kitob qilib, to‘lab berish;
raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etish va raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ymaslik;
haydovchilar va yo‘lovchilar uchun 24 soat ishlaydigan texnik yordam markazlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlash.
Qo‘mita ta’kidlashicha, raqobat muhitidagi har qanday harakat iste’molchilar manfaatlariga zid bo‘lmasligi, xizmatlar narxi va sifati esa adolatli hamda shaffof tamoyillarga asoslanishi lozim.
Agar o‘rganishlar davomida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani yoki iste’molchilar huquqlari poymol etilgani aniqlansa, belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazilib, tegishli choralar ko‘riladi.