Anjumanda Germaniya, Turkiya, Gruziya va Ozarbayjon raqobat organlari vakillari, BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD), Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Strategik islohotlar agentligi, shuningdek, qator xalqaro va milliy tashkilotlar rahbarlari, ekspertlar va olimlar ishtirok etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad global iqtisodiy noaniqlik, inflyatsiya bosimi, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar va raqamli transformatsiya sharoitida raqobat siyosatini takomillashtirish, adolatli raqobat muhitini kengaytirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha xalqaro tajriba va amaliy yondashuvlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

— Bugun raqobat siyosati iqtisodiyot barqarorligi va bozorlar samaradorligini ta’minlashning muhim omiliga aylanmoqda. Adolatli raqobat tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi, innovatsiyalarni rag‘batlantiradi va eng muhimi, iste’molchilar manfaatlarini ishonchli himoya qiladi. Bu borada xalqaro hamkorlik va ilg‘or tajribalarni o‘rganish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi dedi, – Raqobat qo‘mitasi raisi Halilulloh Turaxujayev.

Konferensiya davomida xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan raqobat siyosatining zamonaviy yondashuvlari, bozorlarda raqobat muhitini kuchaytirish, monopoliyalarni cheklash, innovatsiyalar va mehnat unumdorligini oshirish hamda iste’molchilar farovonligini ta’minlash masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish, raqobat siyosatini yanada takomillashtirish va barqaror hamda inklyuziv iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladigan amaliy hamkorlikni rivojlantirish muhim ekanini ta’kidladilar.

Zulxumor Akbarova