Retsept o‘zi nima?
Retsept — bu shifokor tomonidan bemorning kasalligini
davolash uchun belgilangan dori vositasi va uning dozasini ko‘rsatuvchi rasmiy
tibbiy hujjatdir. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: nahotki shu vaqtgacha
bunday rasmiy hujjat bo‘lmagan bo‘lsa? Albatta bo‘lgan. U 107/U shaklidagi
retsept blankasi deb atalgan. Ushbu blank ikki qismdan iborat bo‘lib: bir
qismi bemorning tibbiy hujjatlarida (kasallik tarixida) saqlanadi; ikkinchi
qismi dorixonada saqlanadi. Unda quyidagi ma’lumotlar
aniq va to‘liq ko‘rsatiladi:
·
bemorning
ism-sharifi;
·
yoshi;
·
jinsi;
·
retsept
yozilgan sana;
·
shifokorning
ism-sharifi;
·
imzosi;
·
muhr;
·
faqat bitta dori
vositasining xalqaro patentlanmagan nomi (INN) lotin tilida;
·
dori
dozasi;
·
qo‘llash va qabul
qilish tartibi.
Retseptning dorixonada qoladigan qismida esa
yuqoridagi ma'lumotlarga qo‘shimcha ravishda farmatsevtning ma'lumotlari,
berilgan preparatning seriyasi hamda dori to‘liq yoki qisman berilgani haqidagi
qaydlar kiritiladi.
Retseptning vazifalari nimadan
iborat?
Ko‘pchilik retseptning yagona vazifasi dori yozib
berish deb o‘ylaydi. Aslida esa uning vazifalari bundan ancha keng.
1. Davolashni to‘g‘ri tashkil
etish: Retseptning birinchi vazifasi — bemorga qaysi dori
vositasi, qancha miqdorda va qanday tartibda qabul qilinishi kerakligini
ko‘rsatishdir.
2. Bemor ruhiyatini himoya
qilish: Retseptning ikkinchi, juda muhim insonparvarlik
vazifasi ham mavjud. Ba’zi hollarda shifokor bemorning ruhiy holatini hisobga
olgan holda kasallikka oid ayrim murakkab yoki salbiy tibbiy ma’lumotlarni to‘liq
oshkor qilmasdan, ularni farmatsevtga yetkazadi. Tibbiyotda bemorning ruhiy
holati va kayfiyati davolanish natijasiga katta, ayrim hollarda asosiy ta’sir ko‘rsatishi
hyech kimga sir emas. Shu sababli retseptlar ko‘pincha tibbiy terminologiya va
lotin tilida yoziladi. Bu tilni asosan tibbiyot va farmatsevtika mutaxassislari
tushunadi.
3. Xatolarning oldini olish: Retseptning uchinchi vazifasi — qo‘pol xatoliklarning
oldini olishdir. Shifokor va farmatsevt o‘rtasidagi ikki bosqichli nazorat
tizimi noto‘g‘ri dori berilishi yoki qabul qilinishi oqibatida yuz berishi
mumkin bo‘lgan og‘ir holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Ba'zan aynan
shu tizim bir inson hayotini saqlab qolishi mumkin.
Unda biz yillar davomida olib
yurgan qog‘ozlar nima edi?
Endi o‘zingizga savol bering:
·
Men shu vaqtgacha
necha marta haqiqiy retsept olganman?
·
Shifokor qo‘limga
tutqazgan qog‘oz nima edi?
·
Ichida 10–15 dori
yozilgan qog‘oz ham retsept hisoblanadimi?
·
Nega dorixonalar
shu qog‘oz asosida menga dori sotgan?
Javob oddiy.
Ko‘pchilik «retsept» deb ataydigan qog‘ozlarning katta
qismi aslida 107/U shaklidagi rasmiy retsept emas, balki farmatsevtlar orasida
tavsiya qog‘ozi (Rekomendatsiya) deb yuritiladigan dorilarning savdo nomi
ro‘yxati. Elektron retsept tizimi joriy etilgunga qadar dorixonalarga murojaat
qilgan bemorlarning taxminan 90–95 foizi aynan shunday tavsiya qog‘ozlari bilan
kelgan. 107/U shaklidagi haqiqiy retseptlar esa asosan kasallik tarixida qayd
etilishi zarur bo‘lgan alohida holatlardagina qo‘llanilgan. Ayrim hollar bundan
mustasno. Shunday ekan, bugun ayrim hollarda ayblovlar dorixonalar yoki
farmatsevtlarga qaratilayotgan bo‘lsa-da, masalaga xolis yondashish kerak.
Chunki bu holatning shakllanishida birgina farmatsevt yoki dorixona aybdor
emas.
Muammoning ikkinchi tomoni ham
bor!
Barcha yurtdoshlarimizga hurmat saqlagan holda shuni
aytish kerakki, bizning tibbiy madaniyatimiz hali yetarli darajada
shakllanmagan. Achchiq
bo‘lsa-da, tan olish kerak:
·
ko‘pchiligimiz o‘z
organizmimizdagi muhim a'zolarning joylashuvi va vazifalarini to‘liq bilmaymiz;
·
dori vositasini
qabul qilishdan oldin uning yo‘riqnomasini o‘qimaymiz;
·
nojo‘ya ta'sirlar
bo‘limiga e’tibor bermaymiz;
·
ko‘pincha dorini
mutaxassis tavsiyasidan ko‘ra tanish-bilishlarning maslahati bilan qabul
qilamiz.
Bugungi kunda butun dunyo tibbiyotida 37–38 ° C tana
harorati ko‘p hollarda organizmning fiziologik himoya reaksiyasi ekanini,
bunday vaziyatda birinchi navbatda: ko‘proq suyuqlik ichish, toza havoda
bo‘lish, sifatli va rotsional ovqatlanish, vitaminizatsiya va immunitetni
qo‘llab-quvvatlash kabi choralar muhimligi ta’kidlanadi. Ammo biz ba’zan hali
yoshiga to‘lmagan bolalarga ham kuchli antibiotiklarni bemalol qo‘llashga
tayyormiz (oqibati og‘ir ekanligini bilmagan holda).
Agar barcha normativ hujjatlar o‘z vaqtida va to‘liq
ishlaganida, ehtimol kasalliklar ham, ortiqcha davolanishlar ham ancha kam
bo‘lar edi. Bununig orqasidan sohadagi «kasallar» ham kamaygan bo‘lar edi…
Nega farmatsevt ba’zan barcha
dorilarni bermaydi?
Amaliyotda shunday holatlar uchraydiki, tavsiya
qog‘ozida 10–15 ta, ba’zan esa bir xil ta'sir mexanizmiga ega bo‘lgan bir
nechta preparatlar yoziladi.
Bunday vaziyatlarda tajribali farmatsevt ko‘pincha:
·
«Bu
preparat zarur emas»;
·
«Buni olishning
hojati yo‘q»;
·
«Bu vosita
boshqasining vazifasini takrorlaydi»
degan xulosaga kelishi mumkin. Sababi, barcha
farmatsevtlar ham faqat pul, manfaat haqida o‘ylamaydi. Ko‘pchilik
farmatsevtlar avvalo kasbining fidoyilari bo‘lib, bemorning sog‘ayishiga hissa
qo‘shishni, o‘z bilim va tajribasi bilan yordam berishni, savob olishni maqsad
qiladi. Albatta, ayrim hollarda manfaatlar to‘qnashuvi yoki noo‘rin tavsiyalar
ham uchrab turadi. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Ammo bunday holatlarni butun
soha vakillariga nisbatan umumlashtirish ham adolatdan emas. Shu sababli
haqiqiy farmatsevtlar orasida «aptekachi» va «farmatsevt» tushunchalari
o‘rtasida farq borligi haqida gapiriladi.
«Eski maktab»
vakillari orasida bir hikmatli gap bor: «Haqiqiy tabib ko‘pi bilan
ikki-uchta dori bilan davolaydi». Bir vaqtlar bu fikr menga ham bahsli
tuyulgan, meni ham ishontira olmagan. Ammo tajriba orttirgan sari shuni
angladimki, Eski maktabdan uzur so‘rayman! Ko‘p hollarda ular haq bo‘lgan.
Davolash samarasi har doim ham dori soniga bog‘liq emas. Muhimi — to‘g‘ri
tashxis, oqilona tanlov va individual yondashuvdir.
Sog‘liqni saqlash tizimi — shifokor, farmatsevt va
bemor o‘rtasidagi hamkorlikdir. Bu yerda mas'uliyat ham, natija ham barcha
tomonlarga bog‘liq. Shu sababli, agar bemor bo‘lib qolsangiz, iloji boricha o‘z
ishining haqiqiy fidoyisi bo‘lgan mutaxassislarga murojaat qiling.
Eng katta tilak esa bitta: Sog‘lom bo‘ling. Shunday
bo‘lingki, bizga — shifokorlar va farmatsevtlarga imkon qadar kamroq ishingiz
tushsin.
Ushbu fikrlar bir farmatsevtning kasbiy tajribasi va
kuzatuvlari sifatida qabul qilinishini, kimningdir qarashlariga mos kelmasa,
uni shunchaki muallifning shaxsiy nuqtai nazari sifatida baholashni so‘rab
qolaman.
Nodirbek
Sindarov,
farmatsevt.