Bu oddiygina o‘zgarish emas, balki mustaqilligimizning birinchi oylaridanoq o‘z taqdirimizni, mustaqillikni asrab qolish, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini turli tajovuzlardan asrash, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, shaxs, jamiyat, davlatning xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi eng qat’iy va strategik qadam edi.

Shu tariqa ichki ishlar vazirligi tizimida katta o‘zgarishlar boshlandi. Uning ichki tuzilishi, faoliyatining shakl va usullari qaytadan ko‘rib chiqildi. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq mavjud iqtisodiy va ijtimoiy qiyinchiliklar, mintaqadagi murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, yurtimizda parokandalik va boshboshdoqlikka yo‘l qo‘yilmadi. Jinoyatchilik va kriminal to‘dalarga qarshi ayovsiz kurash olib borilib, qisqa muddatda osoyishtalik qaror topdi. 1991-1997-yillarda 6000 ga yaqin katta va kichik uyushgan jinoiy guruhga barham berilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Bugun O‘zbekiston dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri sifatida e’tirof etilayotgan bo‘lsa, buning zamirida mustahkam tamal toshi hamda o‘z jonini garovga qo‘yib xizmat qilgan minglab ichki ishlar xodimlarining fidokorona mehnati ham yotibdi.

Rahbariy g‘oya asosidagi xizmat

Bundan o‘n yil muqaddam mamlakatimizda jiddiy ijobiy o‘zgarishlar yuz bera boshladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev siyosiy tizimni isloh qilishda o‘zining boy hayotiy tajribasini ishga solib, yangi taraqqiyot yo‘llarini birin--ketin hayotga tatbiq etdi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida tizimli qarorlar qabul qilindi. Bu zarurat edi. Sababi davr eskicha yashash va ishlashni ko‘tara olmasdi.

2017-yil 9-fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ichki ishlar organlari faoliyati, tizimdagi muammo va kamchiliklar — shaxsiy tarkib o‘rtasidagi beparvolik, ma’naviy qashshoqlik, rasmiyatchilik, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, tanish-bilishchilik illati tizim obro‘siga putur yetkazayotgani, “sharaf” degan nomni tiklash zarurligi qayd etildi. Istiqboldagi vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, inson manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni kechiktirmay hal qilish, eskicha fikrlashdan voz kechish, xizmatni eski “qoliplar” asosida emas, o‘z professional burchini elga xizmat tamoyiliga asoslanib bajarish kerakligi qat’iy ta’kidlandi. Videoselektor yig‘ilishida ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, xalq davlatdan rozi bo‘lsin degan talab qo‘yildi.

Bugun ushbu rahbariy qoidani har bir xodim kundalik faoliyatining bosh shioriga aylantirgan holda sha’ni, qasamyodi va professional burchiga sodiq bo‘lib ishlamoqda.

Butun tizim xodimlari obro‘si, nufuzi, mavqeini tiklash yo‘lidan bordi. Tizim xodimlariga xalq, davlat tomonidan ishonib yuklatilgan vakolat, ya’ni ma’muriy resurs naqadar muhim ekani chuqur ang¬latildi. “Sharaf” degan nomning qadri mana 10 yildirki, izchil mustahkamlanmoqda.

El-yurtga qanot, qalqon bo‘lish dunyodagi eng buyuk ishdir. Shu o‘rinda xalq osoyishtaligini ta’minlash tizimida yangi davr va mutlaqo yangicha dunyoqarashni boshlab bergan muhim konsepsiyaning mazmun-mohiyatiga to‘xtalishni zarur deb bildik. Prezidentimizning 2017-yil 10-apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha xodimlari zimmasiga nafaqat huquqiy, balki ulkan ma’naviy mas’uliyat ham yukladi. Bu hujjatda ilgari surilgan eng asosiy g‘oya — aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan, har bir xodim tomonidan xalq manfaatlariga xizmat qilishni o‘z burchi deb biladigan professional tuzilmani shakllantirish edi.

Dastlab ichki ishlar organlarini an’anaviy nazorat qiluvchi organdan “xalqchil va xizmat ko‘rsatuvchi” tuzilmaga aylantirishning tarixiy zarurat ekani tushuntirildi.

Xo‘sh, bu g‘oyaning hayotiy zarurati nimada edi? Nega biz eski tizim qoliplaridan voz kechib, butunlay yangicha tizim yaratishga majbur bo‘ldik?

Keling, ochiq gaplashaylik. Uzoq yillar huquq-tartibot organlari deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga faqat jazolovchi, nazorat qiluvchi va fuqarodan o‘zini uzoq tutadigan idora kelardi. Xalq davlat idorasiga yordam so‘rab borishga cho‘chirdi. Biroq adolat ustuvor bo‘lgan jamiyatda davlat organi xalqdan ustun emas, balki xalqning xizmatkori bo‘lishi kerak. Prezidentimiz aytganidek, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. Mana shu hayotiy haqiqat tizimning tubdan isloh etilishiga, uning jazolovchi organ emas, balki ijtimoiy yo‘naltirilgan, chin ma’noda ko‘makchi tuzilmaga aylanishiga asos bo‘ldi.

Bu g‘oyaning ahamiyati shundaki, u xodimning dunyoqarashi, yurtdoshlarimizga munosabatini o‘zgartirdi. Bugun tizim xodimlari professionallik faqat qonunlarni yaxshi bilish yoki jismoniy tayyorgarlikdan iborat emasligini ang-lagan holda haqiqiy professionallik asosida faoliyat yuritmoqda. Shu tariqa fuqaroning dardini o‘zinikidek his qila oladigan, umid va yordam istab turgan onaxonning, ko‘chada adolat izlayotgan oddiy insonning muammosini o‘z vaqtida va sifatli hal etib berayotgan xalqchil tizim shakllandi. Bu, o‘z navbatida, jamiyatimizga xotirjamlik, odamlarga davlat va adolatga ishonchni qaytardi.

Bugun ichki ishlar organlarining har bir xodimi qabul qilayotgan qaror shaxsiy manfaatlar, his-tuyg‘ular va ichki kayfiyatdan xolidir. Ular shu ruhda tarbiyalanmoqda va jipslashmoqda.

Har bir xodimning egnidagi xizmat kiyimi shunchaki libos emas, balki davlatimizning ramzi, qonun ustuvorligining kafolati va eng muhimi, xalqning tizim xodimlariga mustahkam ishonchidir. Shu sababli ham har bir xodim ushbu libosni kiyar ekan, xalq manfaatlariga xizmat qilish tamoyilini shunchaki balandparvoz so‘z emas, balki o‘z vijdonining sadosi, kundalik hayotining bosh mezoni sifatida qabul qilmoqda. Tizim xodimlari aniq amaliy yordam, samimiyat, adolat va halol xizmatni faoliyatining asosiy mezoniga aylantirdi.

Amir Temur bobomizning “313 asl zotli shijoatli, jasur er yigitlarni birlashtirdim. Birlik ittifoqda shunday ediki, barilari bir tandek edi. Barchalarining maqsadi, ra’yi, so‘zlari va ishi bir edi” degan so‘zlari transformatsiya qilinayotgan bugungi ichki ishlar tizimi va uning tasarrufidagi ta’lim muassasalari jamoasi uchun muhim dasturulamaldir. Shu asosda so‘ng¬gi yillarda ichki ishlar organlari safi eng ilg‘or tafakkur egalari, vatanparvar, adolat va mas’uliyat, professional burchi va qasamyodiga sadoqatli yoshlar bilan to‘ldirilmoqda. Pirovardida shaxsiy javobgarlik bilan ish ko‘radigan, xalq mehri va ishonchini qozona oladigan, “sharaf” degan nomni ulug‘lab, shaxsiy tarkibni, kuch va vositalarni oqilona boshqara oladigan professionallar jamoasi, xalqchil tizim shakllantirilmoqda.

O‘zbekistonda har bir insonning hayoti, erkinligi, sha’ni va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyatdir. Mamlakatimizning har bir fuqarosi tinch-osoyishta yashashga haqli. Bu huquqlarning ta’minlanishida ichki ishlar organlari muhim o‘rin tutadi. Inson turli jinoiy tajovuzlardan himoya qilinishi kerak.

Ichki ishlar organlarining jamiyatdagi obro‘si faqat zamonaviy texnika yoki chiroyli libos emas, balki xalqning sohaviy xizmatlarga ishonchi bilan o‘lchanadi. Ishonch esa adolat va halollik ustiga quriladi.

Agar tizimda birgina xodim adolatsizlik yoki nohalollikka yo‘l qo‘ysa, bu butun sohaning, minglab fidoyi xodimlarning sha’niga dog‘ bo‘lib tushadi. Shu sababli ham halollik faqat fazilat emas, balki har bir xodim uchun professional burchdir.

Inson qadri — boshqaruv markazida

Qayerda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha joyda taraqqiyot bo‘ladi, inson qadr topadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun bo‘lsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim, bu — ichki ishlar sohasi”. Ushbu mas’uliyatli vazifalarni samarali bajarish, ichki ishlar organlarini xalq mehri va ishonchini qozongan, xalqchil tuzilmaga aylantirish maqsadida so‘nggi yillarda tizimda keng qamrovli islohotlar o‘tkazilmoqda. Yangi ichki ishlar organlarida boshqaruv strategiyasi markaziga inson huquqlari va manfaatlari qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari Ichki ishlar vazirligi markaziy apparatini yanada optimallashtirish va uning tuzilmalari faoliyatini takomillashtirishga e’tibor qaratdi hamda muhim islohotlarni amalga oshirdi. Buning sabablari bor, albatta.

Birinchidan, davr o‘zgardi, xavf-xatarlar va tahdidlar shakli ham transformatsiya bo‘lmoqda. Eskicha ish uslubi, quruq raqamlar ortidan quvish va faqat jazolovchi organga aylanib qolish tizimi zamon talablariga mutlaqo javob bermay qolgandi. Jamiyatga jinoyat sodir etilgandan keyin uni fosh etuvchi emas, balki jinoyatning oldini barvaqt oluvchi, mahalla ichiga kirib boruvchi tizim kerak edi. Optimallashtirish orqali kuch va vositalarni mahallabay, fuqarolarga eng yaqin bo‘lgan quyi bo‘g‘inlarga yo‘naltirishning asl zarurati mana shunda edi.

Ikkinchidan, vazifa va funksiyalarning aniq taqsimlanmagani xodimlarning ortiqcha yuklama bilan ishlashiga va asosiy e’tiborning sochilib ketishiga sabab bo‘layotgan edi. Yuqorida nomi qayd etilgan farmon bilan tashkiliy-shtat tuzilmasi maqbullashtirildi. Ichki ishlar organlarining har bir bo‘linmasi, tergovdan tortib, migratsiya va jamoat tartibini saqlashgacha bo‘lgan sohalarning vazifalari aniq belgilab berildi. Bu esa kuchlardan oqilona foydalanish va xizmat unumdorligini keskin oshirish imkonini berdi. Ayni paytda Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati yanada optimallashtirilib, uning tuzilmalari negizida bir nechta departament tashkil etilgani tizimning eng quyi bo‘g‘inidan respublika darajasigacha samarali faoliyatni yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda.

2025-2026-yillarda ichki ishlar faoliyati samaradorligini tubdan oshirish maqsadida vazirlik tarkibida qator tashkiliy-tarkibiy o‘zgarishlar yuz berdi. Prezidentimizning 2025-yil 4-martdagi tegishli farmoniga asosan Qo‘riqlash departamenti Ichki ishlar vazirligi tarkibiga o‘tkazilib, ushbu sohaviy xizmat oldiga aniq va muhim vazifalar qo‘yildi.

Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida Personallashtirish agentligi Ichki ishlar vazirligi tizimiga o‘tkazilib, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti etib qayta tashkil qilindi.

Vazirlik tarkibidagi axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash boshqarmasi hamda Huquqiy statistika bosh markazi negizida Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti tashkil etildi. Shu o‘rinda vazirlik tizimidagi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti raqamli makonda qonun ustuvorligini ta’minlovchi, fuqarolarning virtual xavfsizligi va mulkiy huquqlarini himoya qiluvchi eng muhim maxsus tuzilma ekanini qayd etish lozim.

Bugun qaysi sohada bo‘lmasin, faoliyat samaradorligi ko‘p jihatdan axborot texnologiyalaridan qay darajada foydalanishga bog‘liq. Ayni maqsadda barcha hududda “Xavfsiz shahar” tizimining sun’iy intellekt asosida boshqariluvchi “Qalqon” dasturiy platformasi samarali faoliyat yuritmoqda. Bugun kiberjinoyatchilik zamonaviy xavf-xatarlardan biriga aylanib ulgurdi. Shu sababli 2025/2026 o‘quv yilidan IIV akademiyasida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt yordamida sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Yangi O‘zbekistondagi keng qamrovli islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri jamiyat hayotining barcha sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratishdir. 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasida davlat boshqaruvi va qarorlar qabul qilish tizimida ayollar ulushini bosqichma-bosqich oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Buning uzviy davomi sifatida Ichki ishlar vazirligi tizimida ham tub burilishlar kuzatilmoqda. Xususan, ayol xodimlarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash va ularning salohiyatidan samarali foydalanish amaliyoti yangi bosqichga ko‘tarildi.

Uzoq yillar ichki ishlar organlari asosan erkaklar faoliyat yuritadigan soha sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, bugunga kelib bu qarash o‘zgarmoqda. Vazirlik tizimidagi tayinlovlarda asosiy mezon sifatida jins emas, balki nomzodning kasbiy fazilatlari, bilim darajasi, ma’naviy saviyasi va tashkilotchilik qobiliyati asos qilib olinmoqda.

Qarorlar qabul qilish tizimi markazdan quyi bo‘g‘in — mahallaga yo‘naltirildi. “Mahalla yettiligi” tizimida ichki ishlar organi xodimi — profilaktika inspektorining mas’uliyati oshirildi. Bir so‘z bilan aytganda, bugun ichki ishlar organi xodimi qo‘rquv uyg‘otuvchi kuch emas, balki jamiyatning ishonchli himoyachisi va ko‘makchisiga aylandi.

Xalqchil va natijaga yo‘naltirilgan tizim — davr talabi

Bugun yangilanayotgan O‘zbekistonda rahbarlarning xalqqa xizmat qilishi shunchaki shior emas, balki davlat siyosatining bosh mezoniga aylandi. Aynan shu maqsadda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi magistraturasida xalqchil va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimi uchun universal rahbarlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Xo‘sh, buning zarurati va ahamiyati nimada?

Bundan 10 yil oldin tor doira (faqat tergov, tezkor qidiruv yoki jamoat xavfsizligi yo‘nalishi)dagi boshqaruv modeli bugungi tezkor davr talablariga javob bermay qoldi. Zamonaviy ichki ishlar organi rahbari keng dunyoqarashga ega, universal bo‘lishi shart. U hududdagi kriminogen vaziyatni nafaqat jinoyat sodir bo‘lgandan keyin, balki ungacha bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni tahlil qilish orqali jilovlay olish qobiliyatiga, ya’ni bilim, tajriba va malakaga ega bo‘lishi kerak.

Magistraturada joriy etilgan yangi tizim rahbar xodimni faqat buyruq beruvchi shaxs emas, balki jarayonlarni prog¬noz qiluvchi, tizimli muammolarga yechim topuvchi strategik boshqaruvchiga aylantirishni maqsad qilgan. Magistraturani o‘tgan 5 yig‘in davomida 500 ga yaqin turli toifadagi rahbar xodim tamomladi. Ular magistr darajasidagi universal rahbarlar maqomida IIO faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini ishonchli saqlash, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida turli rahbar lavozimlarida samarali faoliyat yuritmoqda.

Akademiyamizning magistratura bitiruvchilari va tizimdagi rahbar kadrlar oldiga qo‘yilayotgan yangi talablarning mazmun-mohiyati — an’anaviy sokin ish yuritishdan voz kechish, raqamli texnologiyalarni kundalik nazoratga tatbiq etish va strategik tahlil asosida jinoyatchilikning oldini barvaqt olishdir.

Zamonaviy rahbar qiyofasi — yuqori professionallik, innovatsion fikrlash, ma’naviy yetuklik va xalq bilan yaqin muloqot uyg‘unligi. Magistratura bitiruvchisi nafaqat boshqaruvchi, balki sohadagi islohotlarni hayotga tatbiq etuvchi asosiy kuchdir. Bugun magistratura oldiga yangicha fikrlaydigan, qonunni qat’iy himoya qiladigan, muloqot madaniyati, professionalizm, adolat, halollik hamda xolislikda o‘rnak bo‘ladigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, zamonaviy rahbar qiyofasini shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.

Bugun bitiruvchilarimiz faqat kundalik topshiriq bajaruvchi emas, balki o‘z hududidagi kriminogen vaziyatni 1-2 yil oldindan prognoz qila oluvchi rahbar bo‘lishi talab etilmoqda. Zamonaviy rahbarlarga tezkor vaziyatlarda yuqori turuvchi organlarning buyrug‘ini kutmay, mahalliy sharoitdan kelib chiqib, tezkor va mustaqil qaror qabul qilish tizimi joriy qilinmoqda. Har bir bitiruvchi rahbar statistika va raqamli xaritalar (Big Data) yordamida jinoyatlar zanjirini uzish mexanizmini o‘z xizmatida qo‘llashi shartligi borasida zarur bilimlar berilmoqda.

Ilgari rahbar faoliyati samaradorligi quruq raqam va foizlar, aytaylik, nechta jinoyat ochilgani, nechta bayonnoma tuzilgani kabilar bilan belgilangan bo‘lsa, bugungi boshqaruv tizimi xalqning roziligi va tinchligi bilan baholanadi.

Magistratura tinglovchilariga faqat sohaviy fanlar emas, balki zamonaviy kompetensiyalar: strategik menejment, psixologiya, kreativ fikrlash, inqirozli vaziyatlarni boshqarish, raqamli texnologiyalar va yumshoq kompetensiyalar (muloqot madaniyati, kirishimlilik, his-hayajonlarni boshqarish) chuqur o‘rgatilmoqda. Zero, xalqchil rahbar mahallaga, odamlar orasiga kira oladigan, oddiy odamlarning dardini tinglab, muammosini joyida hal qiladigan yetakchi bo‘lishi zarur.

Bilim va tafakkur, qonuniylik, kasb madaniyati va temir intizom — kasbiy ehtiyoj

Bugun ichki ishlar organlari xodimlari kasbiy muvaffaqiyatning asosiy siri bilim, halol xizmat va adolatda ekanini chuqur idrok etmoqda. Ular mutaxassis sifatida o‘z sohasidagi yangiliklarni kuzatadi. Xodimlar yangi g‘oya va loyihalar ustida ishlash uchun real bilim zarurligini hayotiy ehtiyojga aylantirmoqda. Chunki tizimda shaffof KPI (samaradorlik ko‘rsatkichlari) joriy etildi. Lavozimga tayinlashda faqat bilim, ko‘nikma, malaka va natijalar asos qilib olinmoqda. Bilimi va halol xizmati bilan muvaffaqiyatga erishgan shaxslar tajribasi o‘rnak qilib ko‘rsatilmoqda. Xodimning professional layo¬qati, muloqot madaniyati, ko‘nikmalari va xizmat ko‘rsatkichlari birinchi o‘ringa chiqmoqda.

Ichki ishlar organlari xodimlarini Vatanga mehr-muhabbatli, sadoqatli va fidoyi qilib tarbiyalash dolzarb vazifadir. Bu borada Prezidentimizning 2021-yil 2-apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan “Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi”ning qabul qilinishi tarixiy ahamiyatga ega voqeadir.

Yangi O‘zbekistonda yangicha dunyoqarash asosini adolat va halollik tashkil etadi. Binobarin, ijtimoiy-siyosiy lug‘atimizga kiritilgan “Halollik vaksinasi” dunyo miqyosidagi rivojlanish ehtiyojidir.

Bugun xodimlarga halollik va adolat ideali tizim immunitetini kuchaytirishi, o‘zini o‘zi tozalash, nazorat qilish va boshqarishni ta’minlashi tushuntirilmoqda. Shu bois, tizimdagi xodimlarni baholash, ularga navbatdagi unvon berish, lavozimdan boshqa lavozimga o‘tkazish, ayniqsa, yuqori lavozimga qo‘yishda xodim imiji (nufuzi)ni o‘rganish zaruriy talab etib belgilandi. Tizimda komplayens xizmati va xodimlarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi. Sohaviy xizmatlar rahbarlari o‘z shaxsiy tarkibi orasida halollikni ta’minlashi, ta’magirlik va suiis¬te’molchilik holatlariga birinchi bo‘lib to‘siq qo‘yishi talab etilmoqda. Bularning barchasi tizim xodimlarida korrupsiyaga qarshi murosasiz muhit yaratishga xizmat qilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining ichki ishlar organlariga ko‘rsatayotgan yuksak e’tiborini har bir xodim o‘z hayoti va xizmatida chuqur his etmoqda. Eng muhimi, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligi kundan kunga oshib boryapti. Asosiysi, xalqimizning har bir ichki ishlar organi xodimi timsolida o‘z himoyachisini ko‘rishiga erishilayotgani faoliyatimizning asosiy yutug‘idir.

Sharif QOBILOV,

IIV akademiyasi professori,

iste’fodagi polkovnik