Oltin muvozanat

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni alohida strategik ahamiyat kasb etadi. Buni faqat tashqi savdo erkinlashuvi sifatida baholash to‘g‘ri emas. Chunki JSTga integratsiya mamlakat iqtisodiyotini xalqaro raqobat muhitiga olib chiqadi, ishlab chiqaruvchilarni sifat va samaradorlikka undaydi hamda bozorda tabiiy raqobat muhitini shakllantiradi.

Bu transformatsiya O‘zbekiston iqtisodiyotining xomashyoga qaram modeldan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan industrial iqtisodiyotga o‘tishini tezlashtirishi mumkin. Bugungi dunyoda asosiy daromad xomashyodan emas, balki texnologiya, muhandislik va intellektual mahsulotlardan shakllanmoqda. Shuning uchun mamlakat oldidagi asosiy vazifa tabiiy resurslarni shunchaki eksport qilish emas, balki chuqur qayta ishlab, tayyor va raqobatbardosh mahsulotlarga aylantirishdir.

Mamlakatimizda Mendeleyev jadvalidagi deyarli barcha strategik elementlar mavjud. Endi bu imkoniyatlarni samarali ishga solish vaqti keldi. Masalan, mis, litiy, uran va nodir metallar asosida akkumulyatorlar, elektrotexnika mahsulotlari, sanoat uskunalari va “yashil iqtisodiyot” uchun zarur texnologiyalar ishlab chiqarish tashqi savdo salohiyatini bir necha barobar oshirishi mumkin. Bu esa O‘zbekistoni oddiy resurs yetkazib beruvchi emas, balki Markaziy Osiyodagi yuqori texnologiyali industrial markazlardan biriga aylantirish imkonini beradi.

JSTga a’zolik mamlakatga kirib kelayotgan investitsiyalar hajmini ham oshirishi mumkin. Chunki investorlar, avvalo, qonunlari barqaror, savdo qoidalari aniq va xalqaro iqtisodiy tizimga integratsiyalashgan davlatlarga ishonch bildiradi.

Yangi O‘zbekiston fenomeni aynan shu jihatda namoyon bo‘lmoqda: mamlakat bir vaqtning o‘zida ichki islohotlar, industrial taraqqiyot, ochiq iqtisodiyot va ko‘p vektorli pragmatik tashqi siyosatni uyg‘un olib bormoqda. Bu esa kelajakda O‘zbekistonning nafaqat mintaqaviy, balki global iqtisodiy ahamiyatini ham sezilarli darajada oshiradi.

Shu ma’noda, O‘zbekistonning JSTga integratsiyalashuvi nafaqat tashqi savdo ­imkoniyatlarini kengaytirish, balki ­iqtisodiyotning sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tishi uchun ham muhim asos desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

JSTga a’zolik jarayonidagi muhim davr

Davlatimiz rahbari tanishgan taqdimotda 2025 yil O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida eng faol va hal qiluvchi bosqichlardan biri bo‘lgani qayd etildi. Mamlakatda yuritilayotgan ochiq iqtisodiyot siyosati, tashqi savdoni erkinlashtirish va keng ko‘lamli islohotlar JSTga integratsiya jarayonini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Endi bu jarayon faqat tashqi savdo munosabatlarini tartibga solish emas, balki iqtisodiyotni xalqaro raqobat muhitiga moslashtirishning muhim mexanizmiga aylanmoqda.

Taqdimotda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning JSTga a’zolik bo‘yicha ko‘p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralari sezilarli faollashdi. JST ishchi guruhining ikki yig‘ilishi o‘tkazilib, tashkilot a’zolariga 200 dan ortiq savol yuzasidan rasmiy javoblar hamda tashqi savdo sohasiga oid o‘nlab hujjatlar taqdim ­etildi. Bu mamlakatning xalqaro iqtisodiy munosabatlarda ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga tobora yaqinlashayotganini ko‘rsatadi.

Ikki tomonlama muzokaralar ham yangi bosqichga chiqqan. 40 dan ortiq muzokara raundi o‘tkazilib, 2025 yilning o‘zida 11 ta davlat bilan kelishuvga erishildi. Natijada O‘zbekiston bilan JSTga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni yakunlagan davlatlar soni 33 taga yetdi. Bu esa mamlakatning xalqaro iqtisodiy maydonda ishonchli va prognoz qilinadigan hamkor sifatidagi nufuzi oshib borayotganini anglatadi.

Muhimi, JSTga qo‘shilish jarayoni ichki iqtisodiy islohotlarni ham ­jadallashtirmoqda. Xususan, o‘tgan yilning o‘zida 68 ta qonunchilik hujjati xalqaro me’yorlarga moslashtirildi. Intellektual mulk sohasidagi tartiblar soddalashtirildi, eksport cheklovlari bekor qilindi, minimal eksport narxlarini belgilash amaliyotidan voz ­kechildi. Bu iqtisodiyotda ma’muriy aralashuvni qisqartirish va bozor mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

JSTga a’zo bo‘lish xalqaro qoidalar va standartlarga moslashishni talab qiladi. Shu bois, tashqi savdodagi texnik va sanitariya talablarini xalqaro me’yorlarga uyg‘unlashtirish ishlari ham yangi bosqichga chiqdi. Ilgari ortiqcha byurokratik to‘siq bo‘lib kelgan qator sertifikatlash tizimlari qayta ko‘rib chiqildi. Jumladan, 747 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha majburiy sertifikatlashtirish talablari bekor qilinib, texnik cheklovlar sezilarli qisqartirildi. Bu tadbirkorlar uchun tashqi bozorlarga chiqishni yengillashtirish bilan birga ichki bozorda raqobat muhitini ham kuchaytirmoqda.

Bu kabi islohotlar faqat JSTga a’zo bo‘lish uchun amalga oshirilayotgani yo‘q. Ularning asosiy maqsadi ochiq, raqobatbardosh va zamonaviy iqtisodiyotni shakllantirishdir. Chunki bugungi dunyoda iqtisodiy muvaffaqiyat faqat tabiiy resurslar yoki ichki bozor hajmi bilan emas, balki investitsion ishonch, erkin raqobat va xalqaro qoidalarga mos iqtisodiy tizim bilan ham belgilanadi.

Shu ma’noda, O‘zbekistonning JSTga ­a’zolik jarayoni oddiy texnik muzokara emas. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan uzoq muddatli strategik transformatsiyaning muhim qismi hisoblanadi.

O‘ziga xos pragmatik industrial yo‘l

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayoni dunyoda o‘ta murakkab va geosiyosiy jihatdan beqaror davrga to‘g‘ri kelayapti. Bugun global iqtisodiyot tobora geosiyosiy raqobat maydoniga aylanmoqda. Transport yo‘laklari, energiya resurslari, texnologiyalar va yangi bozorlar uchun kurash xalqaro munosabatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatyapti. AQSh — Xitoy raqobati, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va Yevropa hamda Osiyo o‘rtasidagi yangi logistika zanjirlari shakllanishi jahon iqtisodiy xaritasini tubdan o‘zgartirmoqda.

Shunday sharoitda O‘zbekistonning JSTga integratsiyalashuvi oddiy tashqi savdo jarayoni emas, balki uzoq muddatli strategik tanlov sifatida namoyon bo‘lmoqda. Chunki bugun davlatlarning ahamiyati faqat resurslari yoki ishlab chiqarish hajmi bilan emas, global savdo va transport tizimida tutgan o‘rni bilan ham belgilanmoqda.

Aynan shu sababli yangi O‘zbekiston tashqi siyosatda muvozanatli va pragmatik yo‘lni tanlamoqda. Mamlakat bir vaqtning o‘zida Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Turkiya va Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy munosabatlarni izchil rivojlantirishga harakat qilyapti. Bu esa ko‘p vektorli iqtisodiy diplomatiya mamlakat tashqi siyosatining muhim xususiyatiga aylanganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston hech bir geosiyosiy qarama-qarshilik markazida qatnashishni emas, barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni ustuvor deb bilmoqda. Bugungi beqaror sharoitda aynan shu yondashuv mamlakat iqtisodiy xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti uchun muhim omilga aylanmoqda.

Sinovlar va yechimlar

Jahon savdo tashkilotiga a’zolik milliy iqtisodiyot oldiga yangi talab va chaqiriqlarni ham qo‘yarkan, ochiq iqtisodiyot sharoitida ichki bozor xalqaro raqobat uchun ochiladi va bu ayrim mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun jiddiy sinovga aylanishi tabiiy. Ayniqsa, texnologiya, mahsulot sifati va tannarx bo‘yicha raqobatbardoshligi past bo‘lgan korxonalar tashqi bozor bosimiga duch kelishi ehtimoldan xoli emas. Arzon import mahsulotlar kirib kelishi ayrim mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa iqtisodiyotni sun’iy himoya qilish emas, balki uni real raqobat sharoitiga tayyorlash zarurligini ko‘rsatadi.

JST qoidalari davlat subsidiyalari va proteksionist mexanizmlarni bosqichma-bosqich qisqartirishni talab qiladi. Ya’ni davlat qo‘lloviga o‘rganib qolgan ayrim tarmoqlarni yangi iqtisodiy muhitga moslashishga undaydi.

Bu jarayonni faqat xavf sifatida baholash to‘g‘ri emas. Aksincha, u milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash, texnologik yangilanish va samaradorlikni oshirish uchun muhim imkoniyat hamdir. Chunki bugungi global iqtisodiyotda samarasiz va eski boshqaruv tizimiga asoslangan ishlab chiqarish modellari uzoq muddat raqobatga bardosh bera olmaydi.

O‘zbekistondagi jadal iqtisodiy islohotlar ayni shu transformatsiyaga tayyorgarlik vazifasini bajarmoqda. Oliy ta’limni tranсformatsiyalash, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellektga o‘tish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik muhitini yengillashtirish, logistika va infratuzilmani modernizatsiyalash, bank va soliq tizimi islohotlari kabi choralar milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar startaplarini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy savodxonlikni oshirish kelajakda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, zamonaviy iqtisodiyotda davlat kuchi nafaqat resurslar, balki tez moslasha oladigan va innovatsion xususiy sektor bilan ham belgilanadi.

Toshgan daryo o‘zan izlaydi

Bugungi global geoiqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining kelgusida bir necha barobar o‘sishi uchun mustahkam iqtisodiy asoslar mavjud. Ayniqsa, transport yo‘laklari, energiya xavfsizligi, strategik mineral resurslar va sanoat xomashyolariga bo‘lgan talabning ortishi mamlakat uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Shu nuqtai nazardan, tashqi savdo aylanmasining ikki karra o‘sishi real iqtisodiy jarayon sifatida ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston tabiiy resurslar zaxirasi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi davlatlardan biri. Mamlakat oltin, mis, uran, litiy va nodir metallar zaxiralariga ega. Bugun “yashil iqtisodiyot” va yuqori texnologiyalar rivoji tufayli aynan shu resurslarga jahon bozorida talab keskin ortmoqda. Elektromobillar, akkumulyatorlar va raqamli texnologiyalar ishlab chiqarishda bu resurslar strategik ahamiyat kasb etadi. Talab va taklif esa O‘zbekiston eksport salohiyatini uzoq muddatli istiqbolda sezilarli oshirish imkonini beradi.

Ikkinchidan, global logistika yo‘laklari o‘zgarishi O‘zbekistonning ahamiyatini kuchaytirmoqda. Yevropa — Osiyo, Xitoy — Markaziy Osiyo — Yaqin Sharq va Transkaspiy transport yo‘nalishlariga qiziqish ortib bormoqda. O‘zbekiston ushbu yo‘nalishlar markazida joylashgan davlat sifatida tranzit va logistika xabiga aylanish imkoniyatiga ega. “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li, Transafg‘on loyihasi va Kaspiy orqali Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlari tashqi savdo hajmini yanada kengaytiradi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda kuzatilayotgan akademik va ta’lim sohasidagi transformatsiya alohida ahamiyat kasb etmoqda. Chunki kelajak iqtisodiyotining asosiy kuchi inson kapitali hisoblanadi. Bugun ko‘plab rivojlangan davlatlarda demografik qarish jarayoni kuchayib, mehnat resurslari qisqarib bormoqda. O‘zbekiston esa yoshlar ulushi yuqori bo‘lgan davlat sifatida katta strategik ustunlikka ega.

Endi asosiy masala ushbu demografik imkoniyatni yuqori malakali kadrlar, muhandislar, dasturchilar va texnologik fikrlaydigan avlodga aylantira olishdir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kelajak iqtisodiyoti zamirida yuqori muhandislik ishlanmalari, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar turishi lozim. Chunki dunyo iqtisodiyotida asosiy ustunlik endi xomashyo emas, balki ilm-fan, texnologiya va intellektual salohiyat bilan belgilanmoqda.

Rivojlangan davlatlar tajribasi ko‘rsatadiki, iqtisodiy qudratning asosida aynan yuqori texnologiyali sanoat va innovatsion ishlab chiqarish tizimi turadi. Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya yoki Xitoyning iqtisodiy taraqqiyoti, avvalo, muhandislik maktabi, sanoat texnologiyalari va bilimli kadrlar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo sanoati, energetika uskunalari va raqamli texnologiyalar sohasida milliy ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin. Agar bu jarayon Jahon savdo tashkilotiga integratsiya va ochiq iqtisodiyot siyosati bilan uyg‘un kechsa, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik industrial markazlardan biriga aylanishi ehtimoli ortadi.

Ochiq iqtisodiyot yangi talab va chaqiriqlarni ham yuzaga keltiradi. Ayrim tarmoqlarni modernizatsiyalash, raqobatbardoshlikni oshirish va texnologik yangilanishni tezlashtirish hayotiy zaruratga aylanmoqda. Chunki global raqobat sharoitida eski boshqaruv usullari va past samaradorlikka asoslangan iqtisodiy modellar uzoq davom etmaydi.

Markaziy Osiyo davlatlariga endi faqat xomashyo eksport qiluvchi hudud sifatida emas, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma ishlab chiqarish va transport-logistika zanjirlari shakllanayotgan iqtisodiy makon deb qaralmoqda. Mintaqaviy barqaror o‘sish mintaqa davlatlari o‘rtasida raqobatdan ko‘ra o‘zaro manfaatli integratsiya ehtiyoji kuchayib borayotganini anglatadi.

Bugungi global beqarorlik sharoitida yangi O‘zbekiston tanlagan yo‘l  ochiq iqtisodiyot, tinchlik va taraqqiyot yo‘lidir. Aynan shu oqilona siyosat mamlakatning xalqaro iqtisodiy nufuzini mustahkamlash, investitsion jozibadorligini oshirish va kelajak avlodlar uchun barqaror taraqqiyot asoslarini yaratishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Sherzod QURBONOV,

iqtisodiy tahlilchi