Bu haqda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati rahbari Zoir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ertalab soat 07:00 dan 14:00 gacha o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida o‘quvchilarning maktablarga avtomobil haydab kelgani bilan bog‘liq ko‘plab holatlar qayd etilgan.
Qoidabuzarlar orasida nafaqat yuqori sinf o‘quvchilari, balki 8–10-sinf o‘quvchilari ham bo‘lgan. Ayrim holatlarda o‘quvchilar o‘z ota-onasiga tegishli yoki ijaraga olingan avtomashinalarni boshqarib kelgani kuzatilgan.
Xorazm viloyatida esa bitiruv kechasiga avtomobil boshqarib kelgan qizlar ham aniqlangan.
Ayni paytda bayram tadbirlarini ko‘ngilsiz hodisalarsiz o‘tkazish maqsadida minglab Yo‘l-patrul xizmati hamda ichki ishlar organlari xodimlari maktablar atrofida kuchaytirilgan tartibda xizmat olib bormoqda.
Mas’ul idoralar barcha ota-onalar va mas’ul shaxslardan farzandlar hayoti va xavfsizligiga befarq bo‘lmaslikni, voyaga yetmaganlarning transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ramoqda.
Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.