Ushbu “So‘zboshi”ning sarlavhasi avval boshda “So‘z aytish saodati” tarzida qo‘yilgan edi. Darhaqiqat, bu ko‘hna va yangi ochunda, ko‘klamda boychechak va qo‘zigullarning ildiz yorishi samovotga qadar – yulduzlargacha yetib borsa-yu, “globallashuv” zamonidagi zamindoshlaring buni ilg‘amasa, qiziq ekan. “Ildiz” bilan “yulduz”ning egizak kelishini qarang.
So‘z aytish qabohat bo‘lgan zamonlar ham kechdi.
So‘z jarohat olgan, So‘z jasoratga aylangan yillarimiz bor.
Men so‘zlar ummonida qolib ketdim. So‘z to‘fonida desa ham bo‘lgay.
Dunyoni suv bosgan desam, yo‘q-yo‘q, so‘z bosib yotgan ekan.
Ko‘zlar dunyosida nima sir-sinoat bor ekan? “Odamlar qo‘rqarlar yomon ko‘zlardan. Men esam shu yaxshi ko‘zlardan qo‘rqdim”, der edi Omon aka — nozikta’b shoirimiz Omon Matjon. Aziz ustozlarim qayga ketdilar?.. Qani, qayda ekanlar?.. “Er boshiga ish tushsa” kitobini yozgan ulug‘ jangchi adib Odil Yoqubov qanilar? “Pochta” orqali buyurtma berib olganim, 8-sinfda, o‘n to‘rt yoshimda birinchi o‘qigan roman janridagi ilk kitobim shu edi: “Er boshiga ish tushsa”. Birinchi she’riy turkumimni keyin “O‘zAS”da shu kishi chiqargan. Qanilar? Qaydalar? Mirtemir domla, Shuhrat domla, Pirimqul Qodirov bilan Asqad Muxtor yo‘q-ku! Buyuk Aytmatov qani? Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov, O‘lmas Umarbekov singari adabiyotimizda o‘z so‘zini, o‘lmas so‘zini qoldirgan butun boshli bir buyuk avlod qani, qayga g‘oyib bo‘ldi? Erkin aka, Abdulla aka qayda, qayerga ketdi?
Hazrati Boburning ma’lum va mashhur “Har vaqtki, ko‘rgasen mening so‘zumni, So‘zumni o‘qub, sog‘ing‘asen o‘zumni” satrlari yelkasida necha “Boburnoma” bilan ne-ne tarixlaru saltanatlarning zalvori yuklanganini yaxshi anglaymiz. Bu tamsilni hozircha ochiq qoldiramiz...
Ustoz Erkin Vohidovga kelganda so‘z to‘xtab qoldi. Aniqrog‘i, so‘z latofati to‘xtab qoldi. So‘z saodati boshlandi. So‘z aytish matonati boshlandi.
Erkin aka Alisher Navoiy bobomizni juda yaxshi ko‘rardi. So‘z san’ati — so‘z mahoratiyu so‘z zarofatidan hamisha hayratlanib gapirardi. Iqtibosni ham “Xamsa”dan keltiramiz. “Saddi Iskandariy”dan bir bayt:
Navoiy, so‘z ayturda farzona bo‘l,
Chu ish boshinga tushdi, mardona bo‘l!
O‘xshashlikni ko‘ring: rahmatli ustozimiz Abdulla Oripov “So‘zni mard kishi aytadi”, der edi. Bobo va nabiralar-da! Qon tortadi-da!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 15 oktyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida tashkilotga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish g‘oyasini ilgari surgan edi.
Ushbu ezgu tashabbus asosida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda mana shu muhtasham adabiy majmua yaratildi.
Mazkur keng ko‘lamli, zalvorli badiiy silsilaga umumturkiy adabiyotning eng yetuk namunalari, O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya davlatlarining atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritildi.
Turkiy tilli davlatlar orasida ilk bor ro‘yobga chiqarilgan ushbu kutilmagan yirik loyiha ona yurtimizda ma’rifat va adabiyotga ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlikning, xalqimizning qardosh xalqlar va ularning so‘z san’atiga nisbatan yuksak hurmat-ehtiromining chinakam amaliy ramziga aylandi...
* * *
Buni qarangki, mazkur adabiy va endi-da, yemirilmas abadiy obidaning “100 jild¬lik” degan yozuvi zamirida tarixiy bir sir yashiringanday. Uning bunyodga kelmog‘i uchun yuz yillardan ham ko‘proq hukmronlik qilgan mustabid tuzumlaru ne-ne yolg‘on ta’limotlar barbod bo‘lmog‘i shart va zarur ekan.
Mustaqillik shamlari pirpirab, istiqlol omborlarida uch kunlik bug‘doyimiz qolgan og‘ir sinovli kunlarni ham boshdan o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Ranju alamlar, o‘kinchlaru o‘tinchlar ham ko‘p bo‘ldi. O‘y va xayollarda, ong va tafakkurimizda qandaydir ishonchsizlik, noumidlik va tushkunlik asta davom etayotganday edi go‘yo...
Va kutilmagan bu da’vat, porloq va munavvar bu g‘oya: 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari”. Tarixda bo‘lmagan gap.
Go‘yo barcha qavmlarimiz — tildoshlaru dildoshlarimiz ham porloq shu lahzalarni yuz yillar “miq” etmay kutib o‘tirganday. Istibdod bilan Istiqlol jimlik bo‘yicha ham zimdan kuch sinashayotganday bo‘lib ko‘ringan bir holatda haqiqatan mo‘jiza ro‘y berdi. Davlatimiz rahbari, ha, aynan bizning Prezidentimiz tomonidan olamshumul adabiy g‘oyaning olamshumul minbardan turib baralla o‘rtaga tashlanishi, avvaliga anjumanning bevosita ishtirokchilari bo‘lib o‘tirgan “manaman” degan davlatlarning yo‘lboshchilarini hayratda qoldirganday bo‘ldi.
Ko‘zlangan niyat, maqsad va muddao qalb-qalblariga yetib borgach, umid va armonlarimiz ayon bo‘lgach esa anglashilmovchilik onlari tez tugab, olqish va qarsaklar yangragan edi. Muhtasham davra ahlining — arboblaru a’yonlarning yuz va qiyofalarida shunday bir e’tirof va xulosa mujassam edi go‘yo: “Qarang-a, shuncha yillar indamay yurgan ekanmizda-a? Kitob bilan ham, adabiyot bilan ham olqish olsa bo‘lar ekanda-a?..”.
O‘sha kunlardan boshlab, aynan o‘sha nurli onlardan buyon kitob va kitobxonlik bizning Prezidentimiz timsolida dunyo minbariga chiqdi.
Davlat rahbarlari bir-birlariga kitob tuhfa qiladigan bo‘ldi. Yo‘lboshchimiz sharofati bilan bu ezgu amal umummilliy hodisadan umumbashariy, davlatlararo yuksak insoniy an’anaga aylanib qoldi.
Keyingi xalqaro uchrashuvga Turkiya jumhurboshqoni, muhtaram Rejeb Tayyip ¬Erdog‘an janobi oliylari ustoz Erkin ¬Vohidovning “O‘zbegim” qasidasini jonli tilda yoddan aytib kelgani butun turkiy dunyoga ovoza bo‘lib ketdi.
Faxr va g‘urur bilan aytish mumkinki, biz Prezidentimiz siymosida kitob bilan, ma’rifat bilan ham jahongirlik ilmidan xabardorligimizni yana bir karra olam ahliga namoyon etmoqdamiz.
Navoiy bobomiz ham buni tasdiqlab turibdi:
Ne mulk ichraki bir farmon yibordim,
Aning zabtig‘a bir devon yibordim.
Dunyo boshqonlari lolu hayratda: “Manas” botirlaru Yunus Emro hazratlari olam minbarlariga chiqib ketdi. Hazrat Maxtumquli bilan Fuzuliy boboning devonlarini ko‘ring — zamon olampanohlari davrasida qo‘lma-qo‘l bo‘lganlarini!
Mana, hozirgina yana bir xalqaro yangi xushxabar keldi: AQSHning Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahri, undan keyin Nyu-York shaharlarida zamonamizning taniqli siyosatshunosi Qudratilla Rafiqovning “Millat Shavkati” kitobi taqdimoti katta zavq va hayajon bilan boshlanib, shunday baland ruhda muvaffaqiyat bilan davom etayotgan ekan.
Dunyo davlatlari qurol-yarog‘ tarqatayotgan, jangovar raketalari bilan olam tinchligiga tahdid solayotgan sertahlika, alg‘ov-dalg‘ov bir paytda — biz kitob va ma’rifat, nur va ziyo tarqatmoqdamiz. Dunyoni ezgulik egallasin deb. Dunyoda insoniylik, insonparvarlik zavol topmasin deb.
Johil, mug‘ambir dunyo bizga savol berayotir: “Siz kim tomon, kimlar tomon?” deb. Jahlingiz chiqadimi axir?!.
Biz javob berayotirmiz: “Bizlar xalqimiz tomon, vatanlarning, ellar-elatlarning gullab-yashnashi tomon”, deb. Biz tinchlik va omonlik tomondamiz. Biz — farzandlarimizning baxtu kamoli tomonmiz deb. Keling, gaplashaylik. Tillashaylik. So‘zlashaylik deb. “Dunyo — tijorat bilan, murosayu madora bilan oboddir”, demishlar bizning ulug‘larimiz. Bu hikmatlar muqaddas kitoblardan iqtibos keltirilganini ham unutmasligimiz kerak. Demakkim, bu yorug‘ dunyo bilim bilan, ma’rifatning nuru ziyosi bilan yanada munavvarroqdir! Yakun shulkim, demak, dunyo — ilmu ma’rifat bilan obod va mukammalroqdir degimiz keladi-da!
Yer yuzi tilsimotlarga, havas va hayratlar, ajoyib va g‘aroyib taxmin hamda tamsillarga liq to‘la. “O‘zbek shoir va yozuvchilariga maza, — degan edi bir qardosh shoir do‘stimiz. — Adabiyotni yaxshi ko‘radigan Prezidentingiz bor. Qalam ahliga e’tibor zo‘r. Yangi va yangi muhtasham binolar, tap-tay¬yor boshpanalaru oq-oydin xiyobonlar! Ijod uylariyu ijod maktablari, sanatoriylar, unvonlaru qator-qator ordenlar! O‘z-o‘zidan osmondan tushmaydi-ku bular! Yana nima kerak, qarsillatib yozish kerak! Vaqt o‘tib ketaveradi. Avj pardalarda, baland pardalarda Insonni kuylash kerak. Gurillab, lovillab zamonni yozish kerak. Zamon solnomasini yaratish kerak! Vatanni yozish kerak. Yozganda ham faqat yonib yozish kerak!..”.
Bular jiddiy gaplar edi. Havas va ¬e’tirof barobarida e’tiroz va o‘kinch, da’vat va hayqiriq ham edi u so‘zlar...
* * *
Ustoz Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobining turk tilida tayyorlangan nashriga so‘zboshi so‘ralganida, o‘sha lahzalarda kutilmagan xushxabardan so‘ng shu bahonada taxminan shunday o‘y-xayollar meni tamomila band etgan edi. Sal esankiraganday, “So‘z latofati”ga-ya, so‘z zargari sanalmish ustoz Erkin Vohidovning kitobiga-ya?!” qabilidagi ishtibohlar ko‘ngildan kechgani ham ayni haqiqat.
Va yana ko‘ngilningmi, ong yo tafakkurningmi xilvat bir kunjagida ustozning “Inson” qasidasidagi yakuniy satrlari ham dudama pichoq tig‘lariday sanchilib, zirqirab turardi: “Ey sen Erkin, sen bukun, yozding dilingdan bir tugun: Sen kim-u, ne dahri dun? Biyron o‘zing, nodon o‘zing!..”.
Bundayin donishmandona lutfu latofat qayda-yu, biz qayda? Ustozimiz bor-yo‘g‘i dilning bir tugunini yozibdilar, bir tugunginani ochibdilar, xolos. Eh-he, bizga, biz kabi donoyu nodonlarga yo‘l bo‘lsin!..
Shu bois, gapni uzoq-yaqin tarixdan, yana ham aniqrog‘i, “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasidan boshlaganimiz besabab emas edi, albatta.
* * *
Avvaliga ikki og‘iz ma’lumot: ustozimizning “So‘z latofati” kitobi benihoyat sirli-sehrli, ko‘rkam va chiroyli kitob bo‘lgan. Bundan ikki yil oldin jonkuyar olima, professor Almaz Ulvi xonim tomonidan Ozarbayjonda ham nashr etilgan. G‘oyat nozik did, nazokat va zarofat bilan bitilgan ushbu So‘znomaga so‘z yozish boshda osonday tuyulgan bo‘lsa-da, Cho‘lpon hazratlari aytganday, ¬“boshimni zo‘r ishga berib qo‘yganim”ni keyin anglab yetdim.
Avvalambor, ushbu turkcha nashrning bor yumush va tashvishlariga kayvonilik qilayotgan “Turksoy” tashkilotiga, uning jonkuyar va behalovat rahbari, taniqli adib, Qirg‘iz xalq yozuvchisi Sulton Rayev og‘amizga va albatta, mutarjimlar Avazxon Umar hamda Jahongir Demir singari zahmatkash insonlar mehnatiga tahsin va tashakkurlar aytmoq joiz. Sulton og‘a olamshumul adib, taniqli jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning sanoqli, ammo suyukli shogirdlaridan biri.
Ishda ham, ijod va ijtimoiy faoliyatda ham ta’lim va tarbiyani ulug‘ ustozidan olganligi tahsinga sazovor. E’tiqod va xalqparvarlikda ham Chingiz Aytmatov ibrat bo‘lgan. Qutlug‘ bo‘lsin deymiz, buyursin deymiz.
Boshqa gapni aytmoqchi edim: bor-yo‘g‘i sakkiz-o‘n yillar avval ushbu tashkilotning o‘zi tugul, nomu nishoni ham bizga yaqin yo‘lolmas edi. O‘zbegimdan faxr etib, “O‘zbegim”ni qoyilmaqom qilib yozgan shoirini ham, hofizini ham sahnaga chiqarmay qo‘ygan serta’qiq va dilgir bir kunlar edi. “Iftixorimiz” derdigu, ustoz Abdulla Oripov holidan hech kim ko‘rmasin deb berkinib, yashirincha xabar olardik. “Xabar olganday” bo‘lardik.
Bugun endi mutlaqo yangi zamon. Yangi O‘zbekiston asoschisining o‘zi e’tirof etganday: “Bo‘lar ekan-ku!..”.
Ortga qaytmas islohotlar zamoni deydi buni.
Bizga Farangiston Prezidenti Emmanuel Makron janobi oliylarining tashrif chog‘i Prezidentimiz hamrohligida Samarqandda, Registon maydonini sayr qilib yurgandagi hayrat va hayajonini ichga sig‘dirolmay aytgan gaplari, aniqrog‘i, e’tirof hayqirig‘i behad ma’qul kelgan edi.
Makron janoblari sof o‘zbek tilida: “Yashasin O‘zbekiston va Fransiya!” debon mehr-muhabbatini jonli ijroda, farangcha maqomda izhor etganida, butun Registon maydoniyu minoralar porlab-charaqlab ketganday bo‘lgan edi. Bu birgina shaxsning emas, balki bugungi kibor Ovruponing ochiq va aniq e’tirofi, yangi O‘zbekistonning yangi siyosati bilan tanlagan yo‘lini bani bashar ko‘zi o‘ngida qoyil qolib, tan olishi edi.
Yana bir ajib va g‘aroyib holatni — bir-biriga mos va mutanosib kelgan, bir paytning o‘zida, bir soniya ichida ikki ko‘ngildan kechgan ikki o‘xshash o‘ymi, mulohazanimi aytib o‘tmasak bo‘lmas. Gap shundaki, biz “Turksoy” tashkilotidan “So‘z latofati” to‘g‘risidagi xushxabarni olgan ayni o‘sha lahzalarda, buyuk qozoq shoiri va ma’rifatparvari Abay Qo‘nonboyev tug‘ilgan kuni 10 avgust — tavallud sanasi munosabati bilan muhtaram zotning muhtasham haykali poyiga gullar, gulchambarlar qo‘yib bo‘lib, tadbirning badiiy qismini boshlamoqda edik. Abay boboning umri oxirida bitgan so‘nggi bitiklari — hajmi kichikkina, ammo ma’rifiy-tarbiyaviy ahamiyati, mazmun-mohiyati esa odamzodga qiyomatga qadar yetib ortadigan buyuk asari “45 qora so‘z” nomi bilan ma’lum va mashhur “Abay nasihatnomasi” (“Vasiyatnoma” desa ham bo‘ladi) haqida gapirayotib, endigina ushbu baytni iqtibos keltirayotgan joyimiz edi:
O‘ldi desa bo‘ladimi, o‘ylanglar-chi,
Orqasida o‘lmaydigan So‘z qoldirgan.
(So‘zma-so‘z tarjima qilgan Nosir Fozilov).
* * *
O‘sha tig‘iz va shoshqin kelgan damlarda taniqli turk adibi va olimi, jamoat arbobi doktor Kemal Yavuz Ataman afandining “Men tanigan O‘zbekiston” kitobi taqdimotiga ham vaqt topib, to‘planishga ham ulgurgan edik. Kitob — O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, bugungi yangi O‘zbekistonimizdagi olamshumul islohotlaru o‘zgarishlar, ¬bularning bosh bunyodkori hurmatli -Prezidentimizning qizg‘in va jo‘shqin faoliyati xolis va beg‘araz bir adib tomonidan mehr va hayrat bilan tasvirlangan samimiy dil izhorlari edi.
Kitob taqdimoti chog‘ida muhtaram Kemal afandi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zolikka qabul qilinib, rasmiy guvohnoma tantanali tarzda egasiga topshirilgan pallalar g‘oyat hayajonli kechdi. Kemal janoblari kutmagan ekanmi, bexos ko‘zlari girdida yosh g‘iltilladi, “labda tabassumu ko‘zda yosh bilan” (ustoz A.Oripov iborasi) guvohnomani qabul qilib oldi.
* * *
“So‘z latofati”ni asta varaqlasangiz, aziz ustozimiz o‘zining yaqin do‘sti, qozoq xalqining yana bir atoqli shoiri va tilshunos adibi O‘ljas Sulaymonovning “Kod slova” (“So‘zning qulfu kaliti”) asariyu “1001 so‘z” lug‘at kitobi bilan qilgan qiziq muloqotlarigacha zavq bag‘ishlaydi.
Boshqird shoiri Mustay Karim bilan bo‘lgan gurunglar ham o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Alqissa, bu kitobni o‘qish kerak, uqish kerak. Hamma qulfu kalit, hamma tilsimu tilsimot, hamma gap shunda!
Qirg‘iz xalqining buyuk namoyandasi Chingiz Aytmatov allaqachonlar o‘zbeklarning ham o‘z tug‘ishgan farzandiga, o‘zbekning o‘z yozuvchisiga aylanib bo‘lgan. Qardoshlik, do‘stlik, birodarlik bizning qon-qonimizda, bu mavzuda qiyos keltiramiz desak, qiyosimiz beqiyos, iqtibosimiz behisob... Eng muhimi — do‘stimiz, do‘stlarimiz behisob bo‘lsin. So‘zimiz, Ezgu So‘zimiz, insonning insonligini ko‘rsatadigan, insonni yuksaltiradigan yuksak so‘zimiz ko‘p bo‘lsin!
Ishonchimiz komilki, turk kitobxoni ustozimizning “So‘z latofati”ni mutolaa qilib, momolarimiz tili bilan aytganda, bahra oladi. Rohatlanadi. Bunga shak-shubha yo‘q.
“So‘z latofati”ning Turkiy dunyoga boshlagan safari bexatar, sayohati baxayr bo‘lsin deymiz.
Razolatdan, qabohatu jaholatdan, adovatdan, eng yomoni, kasofatdan, so‘z kasofatidan Yaratganning o‘zi asrasin! So‘z — diyonat bo‘lsin, hargiz xiyonat bo‘lmasin. Baloyu qazodan, halokatu nadomatdan panoh bersin!
Xudoyim saxovatdan, sadoqatdan buyursin! Men shu elning, shu adabiyotning kamtarin bir vakili, qarzdor bir ijodkori sifatida ayta olamanki, davlatimiz rahbarining “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan!”, “Adabiyotsiz — hayot ham, najot ham yo‘q!”, “Adabiyot — xalqning yuragi” singari kitobxonlikka da’vatlarini, da’vatning o‘zigina emas, go‘yo olam ahliga qarata hayqirayotgan, nolayu fig‘on chekayotgan, ey odamizod, ko‘zingni och, deya butun bir millatni, ro‘yi zaminda yashayotgan odamiyatni ilmu ma’rifatga chorlayotgan buyuk bir zotni, o‘z ona Vatani uchun jonini tikib, jahon maydoniga chiqqan fidoyi va xalqparvar mard va matonatli yetakchini ko‘raman!
Bo‘lmasa, bu kunlar qayda edi, bu davru davronlar qayerda edi?
Bugungi yosh avlod — farzandlarimiz, o‘g‘il-qizlarimizning tolei porloq ekan. Faqatgina havas qilish mumkin.
Demakkim, So‘z — nainki latofat, nainki zarofat va nafosat, so‘z mehru muhabbat ham, bag‘rikenglik va muruvvat ham so‘z.
So‘z — adolatdir. So‘z latofati — so‘z sadoqati hamdir.
Bugun olamni hayratga solgan ulug‘vor so‘zlarimiz bor.
Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi — aytish mumkinki, buyuk ajdodlarimizning ilmu ma’rifatiga, shu davru davronga mamlakat yetakchisining xalqimiz irodasini o‘zida mujassam etgan ulug‘vor niyatlari, Buyuk So‘z obidalaridir.
Dunyoda So‘z aytmoq saodatini bergan matonatli zotlarga tahsin va tasannolar bo‘lsin. Demakkim, So‘z matonatdir. “So‘z matonati” desa ham bo‘lar. Yashasin — mardlik. Yashasin — Matonat deymiz-da. Olam tinch bo‘lsin, do‘stu yorlar salomat bo‘lsin.
Yunus Emro hazratlari bundoq buyurmishlar:
“Biza diydor kerak, dunyo kerakmas!”.
O‘zbekda bundoq deydilar:
“Mehrdan, diydordan ayirmasin!”.
Sirojiddin SAYYID,
O‘zbekiston xalq shoiri