Tadbirda ijodkor ziyolilar, jamoat arboblari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi tahririyati ijodiy jamoasi tomonidan tayyorlangan mazkur kitob Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil davomidagi serqirra davlat va siyosiy faoliyatini o‘zida mujassam etgan keng qamrovli to‘plam hisoblanadi.
Nashrda davlat boshqaruvi, xalqaro diplomatiya, iqtisodiy islohotlar, ekologik barqarorlik, ijtimoiy himoya, ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida amalga oshirilgan ishlar fotolavhalar, hujjatli manbalar va tahliliy sharhlar asosida yoritilgan.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar kitobda Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, davlat rahbarining xalq bilan muloqoti, hududlarda olib borilayotgan o‘zgarishlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga qaratilgan tashabbuslar izchil aks ettirilganini ta’kidladi.
Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripovning ta’kidlashicha, mazkur kitob davlat rahbarining xalq dardi bilan yashaganini, yurt taraqqiyoti va inson qadri yo‘lidagi fidokorona faoliyatini badiiy-publitsistik ruhda ochib beradi.
— Asar orqali kitobxon nafaqat siyosiy jarayonlarni, balki mamlakat taraqqiyoti ortida turgan ulkan mehnat, matonat va mas’uliyatni ham his etadi, — dedi Shuhrat Oripov.
“Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati Bosh muharriri Salim Doniyorovning qayd etishicha, kitobni yaratish g‘oyasi o‘quvchilar va keng jamoatchilik murojaatlari asosida shakllangan.
— Bu g‘oya keng jamoatchilik g‘oyasi desak to‘g‘ri bo‘ladi. O‘quvchilarimiz va mushtariylarimizning doimiy murojaatlari orqasida biz bunday kitoblarni albatta jamlashimiz kerakligini angladik,— dedi Salim Doniyorov.
Taqdimotda ta’kidlanganidek, 2025-yil mamlakat taraqqiyotida muhim bosqich bo‘ldi. Xususan, yalpi ichki mahsulot hajmi tarixda ilk bor 145 milliard dollardan oshgani, oltin-valyuta zaxiralari esa 60 milliard dollardan yuqori ko‘rsatkichga yetgani qayd etildi.
Kitobda nafaqat raqam va statistik ma’lumotlar, balki ular ortidagi tizimli islohotlar, joylardagi muammolar yechimi va davlat boshqaruvidagi yangi yondashuvlar ham tahliliy asosda yoritilgan.
Tadbir ishtirokchilari “Yurt qayg‘usida 365 kun” kitobi siyosatshunoslar, tarixchilar, tadqiqotchilar, jurnalistlar, talaba-yoshlar va Yangi O‘zbekistondagi islohotlar jarayonini chuqur o‘rganishga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasi uchun muhim manba vazifasini o‘tashini ta’kidladi.