Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Prokuratura organlari va Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi va «Agrobank» ATB Guliston filiali mansabdor xodimining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Xususan, sudlov hay’ati sudyasi o‘z ish yurituvda bo‘lgan – mahalliy tadbirkor tomonidan Guliston shahrida qurilgan ko‘p qavatli bino bo‘yicha kassatsiya tartibida ko‘rilayotgan da’vo ishi qonunan uning foydasiga hal bo‘lishini bilgani holda, o‘zining yaqin aloqasi hisoblangan «Agrobank» mansabdori bilan til biriktirib, undan 7500 AQSH dollari talab qilishgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda bank mansabdori talab qilingan pul mablag‘idan 5500 AQSH dollarini olib, sud tomonidan tadbirkor foydasiga ijobiy hal qiluv qarori e’lon qilinganidan so‘ng, sudyaga 3600 AQSH dollarini bergan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.