Natijalar shuni ko‘rsatdiki, Yer yuzida taxminan 3,04 trillion daraxt bor. Bu shuni anglatadiki, har bir kishiga taxminan 390 ta daraxt to‘g‘ri keladi.

O‘nlab yillar davomida Yer yuzida atigi 400 milliard daraxt o‘sadi, deb ishonilgan. Olimlar sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rgangandan so‘ng ana shunday raqamlarni qayd etishdi. Biroq, sun’iy yo‘ldoshlar faqat o‘rmonlar qayerda o‘sishini ko‘rsatishi mumkin, o‘simliklarning zichligini emas.

Ekolog Tomas Krouter boshchiligidagi xalqaro guruh birinchi global daraxt zichligi xaritasini ishlab chiqdi. Ularning ma’lumotlari avvalgi taxminlardan deyarli sakkiz baravar ko‘p.

Olimlarning fikriga ko‘ra, eng yuqori daraxt zichligi Shimoliy Kanada, Alyaska, Skandinaviya va Rossiyaning boreal o‘rmonlarida uchraydi. Sovuq iqlim ignabargli o‘simliklar uchun qulaydir.

Eng ko‘p daraxtlar Janubiy Amerika, Markaziy Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoning tropik va subtropik o‘rmonlarida o‘sadi. Bu hududlarda Yer yuzidagi barcha daraxtlarning 40 foizdan ortig‘i mavjud. Birgina Amazonka tropik o‘rmonlari yuz milliardlab daraxtlarni o‘z ichiga oladi, deb xabar berdi mir24.tv.

Tarixiy modellashtirish shuni ko‘rsatdiki, insoniyat sivilizatsiyasi paydo bo‘lganidan beri Yer o‘z daraxtlarining taxminan 46 foizidan ayrildi. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili 15 milliarddan ortiq daraxt kesiladi, ammo tabiiy qayta tiklanish va o‘rmonlarni tiklash bu yo‘qotishlarni qisman qoplaydi.

Olimlar shunchaki ko‘chat ekish o‘rmonlarni kesish muammosiga yechim emasligi haqida ogohlantirishdi. Ko‘chatlarning yetilishi o‘nlab yillar davom etadi. Bundan tashqari, sun’iy o‘rmonlar turlarning xilma-xilligi past. Shuning uchun ular kamroq hayvonlarga makon bo‘la oladi va kasalliklar hamda qurg‘oqchilikka kamroq chidamli. Interesting Engineeringning xabar berishicha, olimlar yangi o‘rmonlar ekishdan ko‘ra mavjud o‘rmonlarni himoya qilish muhimroq ekanligini ta’kidlashdi.